Samarqandda o‘tkazilayotgan anjumanlarda Samarqand davlat chet tillar instituti volontyorlarining o‘rni bor

Bugungi globallashuv davrida xalqaro muloqot, madaniy almashinuv va ta’lim integratsiyasi yurtimiz uchun muhim strategik yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Shu nuqtai nazardan, yirik xalqaro tadbir— YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining yurtimizda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi deyish mumkin.

Quvonarli jihati, mazkur nufuzli tadbirda Samarqand davlat chet tillar instituti professor-o‘qituvchi va talabalaridan tashkil topgan gid-tarjimon volontyorlar jamoasi faol ishtirok etib, o‘z kasbiy mahoratlari bilan xalqaro mehmonlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Mazkur sessiyada Samarqand davlat chet tillar instituti volontyorlari mehmonlarni kutib olish, tarjima qilish, gidlik va axborot-ta’minoti bo‘yicha faoliyat yuritdi. Albatta, mazkur jarayonlar SamDChTI volontyorlari zimmasiga katta mas’uliyat yukladi. Ular O‘zbekistonning mehmondo‘stligini, madaniyatini va zamonaviy ta’lim salohiyatini amalda namoyon etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, joriy yilning 30-31 oktyabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan "5-O‘zbekiston–Yaponiya rektorlar Forumi" ham xalqaro ta’lim hamkorligining yangi sahifasini ochib berdi. Tadbirda ikki mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etib, ilmiy almashinuv, talabalar mobilligi, hamkorlikdagi ilmiy loyihalar bo‘yicha muhim kelishuvlarni amalga oshirdilar. Ushbu forumda ham SamDChTI volontyorlari faol qatnashdi. Institut o‘qituvchi va talabalari ushbu jarayonda madaniyatlar ko‘prigini yaratib, o‘zining ilmga sadoqatli, tashabbuskor va fidoyi jamoa ekanini isbotladilar. Qolaversa, 26 noyabidan 4 dekabrga qadar davom etgan “Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon va o‘simlik turlari bilan xalqaro savdoni tartibga solish to‘g‘risida”gi Konvensiya Tomonlar konferensiyasining 20-sessiyasi tadbirlarida ham institut volontyorlari faol ishtirok etib, anjumanning yuqori saviyada o‘tishiga munosib hissa qo‘shdilar.

Talaba-yoshlarning mana shunday nufuzli anjumanlardagi faol ishtiroki o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun haqiqiy ibrat namunasidir, chunki o‘z kasbini sevish, Vatanga xizmat qilish va xalqaro maydonda O‘zbekiston nomini sharaf bilan tanitish yo‘lida qo‘yilgan dadil qadamlar yoshlarimizni ham ana shunday ulug‘ marralar sari ildam borishga undaydi.

Doston Jo‘ramurodov,

SamDChTI katta o‘qituvchisi.