FIFA «Dinamo»ning ikki futbolchisining JCh-2026dagi ishtiroki uchun klub hisobraqamiga 594 ming dollar o‘tkazadi

FIFA JCh-2026 dagi ishtirok uchun futbolchilarning klublariga bu yil chempionat yakunida 335 million dollar taqsimlab beradi.

FIFA JCh-2026 uchun chaqiruv olgan futbolchilarning FIFA kunlaridagi yig‘indan boshlab turnirdagi har bir kuni uchun hisob-kitob qiladi. Yuqoridagi mablag‘ futbolchilarning minimum guruh bosqichi yakunigacha milliy jamoa safida bo‘lishi inobatga olinib hisoblangan. O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichidan pley-offga yo‘llanma olsa, klublarga to‘lanadigan to‘lov miqdori oshishda davom etadi.

Tashkilotning jahon bo‘ylab futbol klublarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Klublar uchun imtiyozlar dasturi» doirasida JCh-2026ga milliy jamoalar safida mundialga yuborilgan futbolchilar uchun har bir klub belgilangan qiymatda mablag‘ga ega bo‘ladi.

«O’zbekiston24» telekanali xabariga ko‘ra, Superliga klublaridan chaqiruv olgan 16 nafar futbolchi uchun o‘zbek klublariga FIFA tomonidan guruh bosqichi uchun jami 4 million 752 ming AQSh dollari to‘lanadi.

Shundan, eng ko‘p mablag‘ milliy jamoaga 5 nafar futbolchisini yuborgan «Paxtakor» klubi oladi – 1 million 485 ming dollar. Bu hozirgi qiymatda 17 milliard 820 million so‘m degani. «Neftchi» klubi milliy jamoaga taklif etilgan 3 o‘yinchisi uchun 891 ming dollar olishi qayd etilgan. Samarqandning «Dinamo» va Qashqadaryo viloyatining «Nasaf» klublaridan ikki nafardan o‘yinchi chaqirilgani uchun FIFA bu jamoalar hisobraqamiga turnir yakunidan keyin 594 ming dollar yoki o‘zbek so‘mida 7 milliard 128 million so‘m to‘lov qilishi ko‘rsatilgan.

«Buxoro», «Navbahor», «Surxon» klublari esa bir nafardan o‘yinchisi uchun 297 ming AQSh dollaridan oladi. Bu hozirgi qiymatda 3,5 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘.

FIFA JCh-2026 uchun chaqiruv olgan futbolchilarning FIFA kunlaridagi yig‘indan boshlab turnirdagi har bir kuni uchun hisob-kitob qiladi. Yuqoridagi mablag‘ futbolchilarning minimum guruh bosqichi yakunigacha milliy jamoa safida bo‘lishi inobatga olinib hisoblangan. O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichidan pley-offga yo‘llanma olsa, klublarga to‘lanadigan to‘lov miqdori oshishda davom etadi.

FIFA JCh-2022 uchun klublarga jami 209 million dollarni (har bir kun uchun – 10 950 dollar) taqsimlagan bo‘lsa, JCh-2026da bu mablag‘ 335 million dollarni tashkil etadi.