"Namoz botir" — xalq xotirasida qolgan qahramon haqidagi asar

"Fan" nashriyotida tarixchi-o‘lkashunos, Oqdaryolik fidoyi o‘qituvchi O‘ktam Ikromovning "Namoz botir" kitobi nashrdan chiqdi.

Mazkur asarda Samarqand vohasida 1904–1907 yillarda Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosati, mahalliy amaldorlarning zulmi va xalqning og‘ir turmush sharoitiga qarshi kurashgan xalq qasoskori Namoz Pirimqul o‘g‘lining hayoti va faoliyati keng yoritilgan.

Kitobda qayd etilishicha, Namoz botir dastlab adolat qaror topishiga umid qilib, Rossiya podshosiga bir necha bor murojaat qiladi. U xatlarida mahalliy ma’murlar, amaldorlar va ayrim boylarning xalqqa nisbatan qilgan zulmlari, nohaqliklari haqida shikoyat qiladi. Ammo uning murojaatlari e’tiborsiz qoladi. Shundan so‘ng Namoz Pirimqul o‘g‘li xalqning norozilik harakatiga boshchilik qilib, mustamlaka tuzumi va zo‘ravon amaldorlarga qarshi kurash yo‘lini tanlaydi.

Namoz botir o‘z safdoshlari bilan birga podsho amaldorlari, xalq manfaatlariga zid ish tutgan boy-badavlat kishilarga qarshi harakat qiladi. Ularning mol-mulkini tortib olib, muhtojlar, kambag‘allar va beva-bechoralarga tarqatgani haqida xalq orasida ko‘plab rivoyatlar tarqalgan. Shu sababli u mustamlaka ma’murlari tomonidan "Namoz o‘g‘ri" deb qoralangan bo‘lsa, oddiy xalq uni adolat uchun kurashgan jasur inson sifatida "Namoz botir" deb ulug‘lagan.

Namoz botirning uch yil davomidagi kurashi xalq xotirasida chuqur iz qoldirdi. Uning jasorati va taqdiri haqida xalq qo‘shiqlari, rivoyatlar yaratildi. Mashhur xalq baxshisi Nurmon Abduvoy o‘g‘li uning hayoti va kurashiga bag‘ishlab "Namoz" dostonini yaratgan. Bu doston xalq og‘zaki ijodida Namoz botir obrazining yanada keng tarqalishiga sabab bo‘ldi.

O‘ktam Ikromovning "Namoz botir" kitobi nafaqat bir tarixiy shaxs haqidagi tadqiqot, balki o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy muhit, xalqning dardu-tashvishlari va adolat uchun kurashlar haqida hikoya qiluvchi muhim manba hisoblanadi. Asar yaqin tariximizga qiziquvchilar, ayniqsa Samarqand vohasi tarixi bilan shug‘ullanuvchilar uchun qimmatli ma’lumotlar beradi.

Afsuski, bu mehnat mahsulini uning muallifi to‘liq ko‘ra olmadi. O‘ktam Ikromov shu yilning 4 aprelida vafot etdi. U yozgan "Namoz botir" kitobi xalqimizning o‘tmishi va tarixiy xotirasini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nasiba Jonto‘rayeva.