Yangi kitoblar:  Yurt ishqida yongan ijodkor

Bu inson haqida ko‘pchilik yozgan. Yozilgan mushohadalarda shoirning ijodiy yutuqlari, o‘ziga xos xarakteri, hayotidagi qiziqarli voqealar, insoniy xislatlariga guvoh bo‘lasiz. Beixtiyor shoirning beg‘ubor qalbi, adabiyotga tashnaligi, odamlarga ko‘makka shayligi, iste’dodiga qoyil qolasiz.

Xalq shoiri, salohiyatli jurnalist, serqirra ijodkor Normurod Narzullayev (Narziy) o‘zbek adabiyoti rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi, xalq dardini, tuyg‘ularini qalamga oldi. Uning she’rlari, dostonlari, tarjimalari yo‘qki, kuyga solinmagan bo‘lsa. “Yalla” ansambli xonandasi Farrux Zokirov ijrosidagi “Yurt ishqida yonaman” qo‘shig‘i matni muallifi aynan Normurod Narzullayevdir. Bu qo‘shiq har birimizga yod bo‘lib ketishiga qaramay, har gal eshitganda qalbimizda Vatanga muhabbat tuyg‘usi mavjlanadi.

Normurod Narzullayev 1934 yilda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida Xo‘jahayron qishlog‘ida tavallud topdi. Qarshi  pedagogika bilim yurtini tugatib, Samarqandga o‘qishga keldi. Va SamDUni imtiyozli diplom bilan tugatdi. Dastlab Samarqand, xususan, “Zarafshon” gazetasi, keyinchalik Qashqadaryo viloyatining qator matbuot nashrlarida faoliyat yuritdi.

Shoir ijodiy faoliyatini talabalik yillaridan boshlagan. Ilk she’riy to‘plami 1965 yilda “Suyunchi” nomi ostida chop etildi. Keyinchalik bir qator kitoblari nashr etildi.

Normurod Narziy asarlari chet ellik she’riyat muxlislariga ham yaxshi tanish, chunki uning she’rlari ingliz, vetnam, chex, nemis, polyak, turk, hind, ispan, fransuz tillariga ham tarjima qilingan.

“Yangi asr avlodi” nashriyotiga chop etilgan qo‘lingizdagi kitobda shoir, uning ijodi haqida, siz eshitgan va eshitmagan ijodkorning olami, xarakteri zamondoshlari xotirasidan so‘zlaydi. “Narziynoma” kitobi ijodkorning 72 yillik bosib o‘tgan hayot so‘qmoqlari, she’rlari, kitoblari haqida kitobxonga ma’lumot beradi.

UMRIM BAYoNI...

Mazkur kitob butun umrini adolat bayrog‘ini baland ko‘tarishga, xalqimizga huquqiy yordam berishga bag‘ishlagan, Birinchi Prezidentimiz yonida turib, yangi milliy demokratik davlat qurishda astoydil xizmat qilgan, prokuratura tizimini xalqimizga xizmat qiladigan adolatparvar organga aylantirishda bevosita rahbarlik qilgan inson Bo‘ritosh Mustafoyevning hayot yo‘li haqida.

Kitobda dastlab muallif o‘zining bolaligi, oilasi, hayot so‘qmoqlarida erishganlari, saboqlari haqida hikoya qilsa, ikkinchi qismida muallif, uning ibratli ishlari haqida zamondoshlarining fikrlari bilan bezalgan.

Bo‘ritosh Mustafoyev haqida gapirsangiz nafaqat Samarqandliklar, balki barcha yurtdoshlarimiz ajoyib do‘st, tashabbuskor inson, xalqparvar rahbar sifatida xotirlaydi.

B.Mustafoyevni oliygohda birga tahsil olgan do‘sti, yuridik fanlari doktori Halimboy Boboyev “Toshkent davlat universitetining yuridik fakulteti deyarli hamma sohalarda yetakchi bo‘lsa-da, biroq son jihatdan talabalar kam qabul qilinardi. Shungami, barchamiz bir-birimizni yaxshi tanirdik. Talabalik yillari komsomol komitetining tashabbuskorligida fakultetda juda ko‘plab jamoatchilik asosida ishlar amalga oshirilar edi. Bunda Bo‘ritosh eng tashabbuskor va faol talabi sifatida ishtirok etar, shu bilan birga a’lo baholarga o‘qir, jamoat ishlarida ham boshqalarga o‘rnak edi”, deya xotirlaydi.

Prokuratura organlarining eng quyi pog‘onasidan amaliy faoliyatini boshlagan bu inson halol mehnatlari, bilimdonligi bois respublika Bosh prokurori lavozimigacha bo‘lgan mashaqqatli, ammo sharafli hayot yo‘lini bosib o‘tdi.

Muallifning bolalalik xotiralari bilan o‘rtoq bo‘lar ekansiz, uning bolaligidan kitobga oshno bo‘lgani, “Eng qadimgi dunyo tarixi” kitobini yod olgani, tengdoshlari maza qilib o‘ynab yurganida qo‘lidan kitob tushmaganini aytadi.

Kitobni varaqlar ekansiz, Bo‘ritosh Mustafoyevning siyratiga chizgilarni, tajribali va talabchan rahbar, do‘stlariga, shogirdlariga mehribon kishi qiyofasini uchratasiz. U kishining ibratli hayot yo‘lida komil insonning nurli qiyofasi gavdalanadi.

Bo‘ritosh Mustafoyevning “Umrim bayoni” kitobi shu yil “Books publisher” nashriyotida nashr etildi. U Abu Yazid Bastomiyning “Eng yaxshi kishining ikki qo‘li ham to‘g‘ri bo‘ladi, u bir qo‘li bilangina emas, ikki qo‘li bilan yaxshilik qiladi” degan jumlalar bilan boshlangan. Kitobni mutolaa qilar ekansiz Bo‘ritosh Mustafoyevni ham mana shunday eng yaxshi kishilardan biri bo‘lganiga amin bo‘lasiz.

Nasiba Jonto‘rayeva.