Siz ham his qildingizmi?

Kechasi bilan chaqmoq chaqib, yomg‘ir yog‘di, ko‘nglimda va nihoyat, degan taskin o‘tdi. Rostdan, bu safargi kuz yomg‘irini uzoq kutganimiz rost. Ertalab nafas olganimda umuman boshqacha bir havoni his qildim. Tashqaridan xuddi tog‘lardagi giyohlarning bo‘ylariga o‘xshash bir nafas kelardi. Qiziq, kuzda bahor havosi-ya, deb hayratlandim. Bu hayratim ancha paytgacha men bilan yurdi, to‘yib-to‘yib nafas oldim.

Yaxshi kayfiyat bilan ishga otlandim. Samarqand yirik tadbir oldidan o‘zgacha bir ruhda ekanligi har bir ko‘chada sezilib turibdi. Allaqanday bir ulug‘vorlik, salobat bor edi atrofda. Axborotlarga bir qur nazar soldim.

“YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ishtirok etish uchun tashkilot Bosh direktori Odri Azule xonim va anjuman ishtirokchilari ilk "Parij - Samarqand" charter reysi bilan bugun tongda Samarqand shahriga keldi”.

Bu xabar qalbimga yana bir faxr bag‘ishladi. Xayolimda go‘yo tabiat ham bu anjumanga hozirlik ko‘rayotgan Samarqandni bir yuvib berganday, barcha g‘uborlardan tozalab berganday tuyuldi.

Shukuhli kunlaring ko‘p bo‘lsin, aziz Samarqandim!