“Har qanday himoyachilar, sudlar ta’siridan xolimiz”
1938-yil 18-fevralda O‘zSSR Ichki ishlar vazirligida Respublika NKVDsi rahbari Derenik Apresyan boshchiligida shoshilinch tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. NKVDning viloyat boshqarmalari boshliqlari ishtirokidagi ushbu yig‘ilish yopiq tarzda uyushtirilgan edi. Unda bir masala, ya’ni “xalq dushmani”, “chet el josusi” tamg‘asi bilan hibsga olinganlar, ularni tergov qilish, nega bunday ayb qo‘yilib qamalganlar soni kamligi muhokama qilingandi. O‘zSSR NKVDsi rahbari D.Apresyanning yig‘ilishdagi chiqishidan ayrim parchalar:
...Bizga ma’lum toifadagi kishilarni hibsga olish, qamash uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Chunki har qanday himoyachilar, sudlardan, shuningdek, biz, chekistlar uchun nomaqbul tashkilotlar, odamlar ta’siridan erkinmiz, xolimiz. Yana bizga qanday sharoit yaratilishi kerak? Bu masalada partiya ham, rahbariyat ham o‘rtoq Yejov timsolida barcha NKVD xodimlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Mana, Samarqandda minglab eronilar yashaydi. Ularning orasida proletar eronilar, ya’ni ishchilar unchalik ko‘p emas. Lekin bu yerda bizni qiziqtirgan toifaga mansub kishilar shunchalik ko‘pki, ular orasidan minglab kishilarni qamoqqa olish mumkin. Samarqand viloyati NKVD boshqarmasi boshlig‘i Kalmikov esa hozirgacha bor-yo‘g‘i 172 eronini hibsga olgan. Yoki, Samarqandda yashayotgan greklar, latishlar, polyaklar, nemislar kammi? Biz ulardan nechtasini qamaganimizni aytishga ham uyalasan...
...Hibsga olinganlarga qattig‘roq bosim o‘tkazish lozim. Agar ularga bu yerdan chiqib ketish imkoni yo‘qligini bildirsak, tergovni yanada izchil olib borsak, o‘zlarining aksilinqilobiy-qo‘poruvchilik faoliyati haqida gapirishga majbur ekanligini sezishiga, ishimizda muvaffaqiyatlar hozirgidan ko‘ra ko‘proq bo‘lishiga aminman...
...Axir Kalmikovning yana o‘n nafar eronini hibsga olmoqchi ekanligi haqidagi gapi latifaga o‘xshamaydimi? Hatto uni eshitish ham noqulay. Yo‘nalishni to‘g‘ri olish, zarbani qattig‘roq va kengroq berish kerak. Qo‘limizda katta vazirlik, tezkor xodimlar, chekistlarning butun bir armiyasi mavjud-ku!..
Shundan keyin NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Kalmikov ushbu topshiriqni “o‘rniga qo‘yib” bajarish uchun barcha xodimlarni shu yo‘nalishga safarbar etdi. Endi “xalq dushmani”, “aksilinqilobchi” tamg‘asi bilan hibsga olingan o‘zbeklar, tojiklar qatorida 15-20 yil ilgari Samarqandga kelib, turg‘un bo‘lib qolgan nemis, polyak, grek, uyg‘ur va boshqa millat vakillari ham “chet el josusi” sifatida qamoqqa tiqila boshlandi. Eronilar uchun esa qatag‘on kuchi yanada sezilarli bo‘ldi. Yuzlab bu millatga mansub kishilar, ayniqsa qachonlardir Eronga borib kelganlar “chet el josusi”, “odamlar o‘rtasida sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borgan”, degan ayblar bilan hibsga olindilar.
Bunday ishlarga yanada rag‘bat bergan jihat O‘zSSR NKVDsi vaziri D.Apresyan o‘tkazgan o‘sha yig‘ilish bo‘lganligi ehtimoldan yiroq emas. Doimo xodimlariga “Men rahbarlik qilayotgan boshqarma hamisha birinchi bo‘lishi kerak”, deb takrorlaydigan Kalmikov esa yanada “shijoat” bilan ishga kirishdi. Ana shu “g‘ayrati” tufayli u tez orada O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi a’zosi va O‘zSSR Oliy Soveti deputati etib saylanganligiga ajablanmasa ham bo‘ladi.
Lekin qatag‘onning bu zarbasi turli millatga mansub, yuqoridan NKVDga berilgan topshiriqlardan bexabar minglab kishilarning boshiga kulfat olib keldi. Mana ulardan ayrimlarining ismi sharifi:
SULTONOV Rahim – 1895-yilda Samarqand tumanining 1-Jarariq qishlog‘ida tug‘ilgan. Sovet davrida shu qishloqda tashkil etilgan Voroshilov nomli kolxozda ishlagan. 1938-yil 3-mart kuni NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan 1934-yil Eronga ketib, 1935-yilda qaytib kelgani uchun va Eron davlati foydasiga josuslik qilgan, aksilinqilobiy targ‘ibot olib borgan, degan ayb bilan hibsga olingan. Unga O‘zSSR JKning 62 va 66-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan, degan ayb qo‘yildi. 1938-yil 21-iyul kuni NKVDning Samarqanddagi hibsxonasida olib borilgan tergov harakatlari davomida vafot etadi.
TEPPER Vladimir Adamovich – 1893-yilda Belorussiyaning Minsk guberniyasi Turovo qishlog‘ida tug‘ilgan. 1938-yil aprelda Samarqand choy qadoqlash fabrikasida hisobchi bo‘lib ishlayotgan paytida NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘zga davlat foydasiga josuslik qilgan, degan ayb bilan hibsga olingan. 1938-yil 16-oktyabrda O‘zSSR JKning 57-moddasi 1-qismiga asosan 10 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. 1941-yil boshlarida uning yozgan shikoyati asosida SSSR NKVDsi huzuridagi alohida kengash tomonidan ishi qayta ko‘rilib, unga qo‘yilgan ayblar asossiz, deb topilgan va hibsdan ozod qilingan.
XUDOYBERDIYeV Rahmon – 1910-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Millati eroni. Samarqand shahar Qo‘shhovuz mahallasi, 3-uyda yashagan. SamDUning fizika-matematika fakultetini 1937-yilda bitirgan. Shahardagi sirtqi pedagogika bilim yurti o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. 1938-yil avgust oyida aksilinqilobiy targ‘ibotda ayblanib, NKVDning viloyat boshqarmasi tomonidan hibsga olingan. 9 oy qamoqda yotgach, aybini isbotlovchi hech qanday dalil topilmay hibsdan ozod qilingan.
LI Sen Xen – 1908-yilda Koreyada tug‘ilgan. 1929-yilda sovet davlati hududiga o‘tgan. Uzoq Sharq o‘lkasida yashagan. 1931-yilda Toshkentga kelgan. O‘sha yerda ishchilar fakultetida o‘qigan. Keyin Samarqanddagi Agrokolxoz universitetiga o‘qishga kirgan. 1938-yil 14-iyunda NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan aksilinqilobiy targ‘ibotda ayblanib hibsga olingan. 1938-yil 3-noyabrda O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 1941-yil yanvar oyida ishi qayta ko‘rilib, hibsdan ozod qilingan.
G‘ULOMOV Mamatqul – 1872-yilda Samarqand tumanining Damariq qishlog‘ida tug‘ilgan. 1938-yil 24-fevralda NKVDning viloyat boshqarmasi tomonidan aholi o‘rtasida sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borgan, degan ayb bilan hibsga olingan. 1938-yil 20-oktyabrda O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan 8 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
KOZON Vatslav Fransevich – 1874-yilda Polshaning Varshava guberniyasida tug‘ilgan. 1918-yildan Samarqand shahrida yashagan. Oliy ma’lumotli farmatsevt. Shahardagi akusherlik-feldsherlik maktabida o‘qituvchilik qilgan. 1938-yil 1-aprelda NKVDning viloyat boshqarmasi tomonidan Polsha davlati foydasiga josuslik qilgan, degan ayb bilan hibsga olingan. 1938-yil 21-sentyabrda O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan O‘zSSR JKning 57-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. 1939-yil 26-avgustda qamoqxonada vafot etgan.
LEShINSKIY Stanislav Felsyanovich – 1882 yilda Grodno guberniyasining Belostok shahrida tug‘ilgan. Millati polyak. 1923-yilda O‘zbekistonga kelgan. Ilgari chor Rossiyasi armiyasining ofitseri bo‘lgan. Samarqand o‘t o‘chiruvchilar otryadida o‘qituvchi-yo‘riqcha bo‘lib ishlagan. 1938-yil mart oyida NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan Polsha davlati foydasiga josuslik qilgan, degan ayb bilan hibsga olingan. O‘sha yilning sentyabr oyida O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan O‘zSSR JKning 62 va 66-moddasi 1-qismi bilan aybdor, deb topilib, otuvga hukm qilingan.
REMPEL Aron Abramovich – 1886-yilda Qrimning Og‘uztepa qishlog‘ida tug‘ilgan. Millati nemis. Samarqandga yashash va ishlash uchun 1931-yil iyun oyida kelgan. Moskvadagi chet tillar institutini tugallagan. SamDUning kimyo fakultetida talabalarga nemis tilidan dars bergan. 1938-yil 25-martda NKVDning Samarqand sektori tomonidan Germaniya foydasiga josuslik qilgan, degan ayb bilan hibsga olingan. 1938-yil 21-sentyabrda O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingan. Hukm 1938-yil 14-oktyabrda Toshkent shahrida ijro etilgan. 1959-yil 23-iyulda Turkiston Harbiy okrugi harbiy tribunali tomonidan ishi qayta ko‘rilib, butunlay oqlangan.
ShPANGEL Bogdan Bogdanovich – 1902-yilda nemislar istiqomat qiluvchi Povoljya Respublikasida tug‘ilgan. 1922-yilda Samarqandga ko‘chib kelgan. Payariq tumanidagi 5-naslchilik davlat xo‘jaligida hisobchi bo‘lib ishlagan. 1938-yil 1-fevralda NKVDning Samarqand sektori tomonidan josuslik va qo‘poruvchilik tashkiloti a’zosi bo‘lgan, degan ayb bilan hibsga olingan. Qariyb ikki yil qamoqda yotgach, 1939-yil 22-dekabrda unga qo‘yilgan ayb isbotlanmay hibsdan ozod qilingan.
GUTKEVICh Gustav Karlovich – 1880-yilda Latviyaning Vendena shahrida tug‘ilgan. Millati nemis. 1920-yildan Samarqand shahrida yashagan. Oliy ma’lumotli farmatsevt. SamDUda talabalarga nemis va lotin tilidan dars bergan. 1937-yil 21-oktyabrda Samarqand meditsina institutida farmokologiya kafedrasida ham asistent vazifasida xizmat qilayotgan paytida NKVDning Samarqand sektori tomonidan Germaniya foydasiga josuslik qilgan, degan ayb bilan hibsga olingan. Bir yil yetti oy hibsda yotgach, aybi isbotlanmay unga nisbatan ochilgan jinoiy ish harakatdan to‘xtatilgan.
KLYaYNVEXTOR Karl Fransevich – 1890-yilda Avstriyada tug‘ilgan. Millati nemis. Samarqanddagi Respublika shifoxonasida texnik bo‘lib ishlagan. 1938-yil 3-aprelda Germaniya foydasiga josuslik bilan shug‘ullangan, degan ayb bilan NKVDning Samarqand sektori tomonidan hibsga olingan. O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan 1938-yil 21-oktyabrda o‘lim jazosiga hukm qilingan. Hukm shu kuni ijro etilgan.
FEDERAU Ivan Ivanovich – 1897-yilda Qrimning Og‘uztepa qishlog‘ida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli vrach. Samarqand shahar shifoxonasida ishlagan. 1938-yil 3-aprelda NKVDning Samarqand sektori tomonidan Germaniya foydasiga josuslik bilan shug‘ullangan, degan ayb bilan hibsga olingan. Bir yil uch oy qamoqda saqlangan. 1939-yil 3-iyulda aybi isbotlanmagani uchun hibsdan ozod qilingan.
BANK Isaak Lvovich – 1891-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati yahudiy. Oliy ma’lumotli vrach. Samarqand yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lim mudiri va tibbiyot institutida asistent vazifasida ishlagan. Tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy unvoniga ega bo‘lgan. 1938-yil 2-iyulda NKVDning Samarqand sektori tomonidan Germaniya foydasiga josuslik qilgan, degan ayb bilan hibsga olingan. Bir yarim yil qamoqda yotgach, qayta tergov davomida unga qo‘yilgan ayblar o‘z tasdig‘ini topmay, hibsdan ozod qilinadi.
LYaXOVICh Iosif Demyanovich – 1882-yilda Polshaning Kamenets-Podolsk guberniyasi Podlyasovka qishlog‘ida tug‘ilgan. Millati polyak. 1931-yildan Samarqand shahrida yashagan. Non mahsulotlari zavodida temirchi bo‘lib ishlagan. 1938-yil 21-fevralda NKVDning Samarqand sektori tomonidan Polsha davlati foydasiga josuslik qilishda ayblanib, hibsga olingan. Bundan tashqari 12 yoshida, ya’ni 1894-yilda chegaradan noqonuniy o‘tganligi ham unga ayb qilib qo‘yilgan. O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan 1938-yil 20-oktyabrda 10 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi. 1939-yil 3-dekabrda, u qamoq muddatini o‘tayotgan paytda yozgan shikoyati asosida jinoyat ishi qayta ko‘rilib, unga josuslik bo‘yicha qo‘yilgan ayb olib tashlanadi va jazo muddati 3 yilga tushiriladi. I.Lyaxovich 1941-yil 14-iyulda qamoqxonada vafot etadi. Turkiston Harbiy okrugi Harbiy tribunali uning ishini 1957-yil 1-fevralda qayta ko‘rib, I.D.Lyaxovichni butunlay aybsiz, deb topdi va oqladi.
ZEMChIK Mixail Osipovich – 1891-yilda Belorussiyaning Grodno viloyati Kolonaya qishlog‘ida tug‘ilgan. 1923-yildan Samarqand shahrida yashagan. “Zardolvodxoz” tashkilotida texnik bo‘lib ishlagan. 1938-yil NKVDning Samarqand sektori tomonidan chet el josusi, degan ayb bilan hibsga olingan. 1938-yil 13-sentyabrda O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingan. Hukm 1938-yil 5-oktyabrda ijro etilgan. 1956-yil noyabr oyida Turkiston Harbiy okrugi Harbiy tribunali tomonidan uning ishi qayta ko‘rilib, butunlay oqlangan.
ROKOVSKIY Petr Ivanovich – 1879-yilda Polshaning Varshava guberniyasi Chuxulitsa qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqanddagi Qoraqo‘lchilik ilmiy-tadqiqot institutida chilangar-mexanik bo‘lib ishlagan. 1938 yil 10 fevralda NKVDning Samarqand sektori tomonidan Polsha razvedkasining agenti sifatida ayblanib, hibsga olingan. O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan 1938-yil 20-oktyabrda 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Turkiston Harbiy okrugining Harbiy tribunali tomonidan 1957-yil 8 yanvarda uning ishini qayta ko‘rib, “uchlik”ning qarorini bekor qilgan va P.I.Rakovskiyni butunlay oqlagan.
ShIMANChUK Aleksandr Ivanovich – 1907-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Oqdaryo tumanidagi “Yangiyo‘l” artelining raisi bo‘lib ishlagan. 1938-yil 22-fevralda Polsha razvedkasining josusi, degan ayb bilan NKVDning Samarqand sektori tomonidan hibsga olingan. O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan 1938-yil 16-oktyabrda 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Turkiston okrugining Harbiy tribunali tomonidan 1957-yil yanvarda uning ishini qayta ko‘rib, “uchlik”ning qarorini noto‘g‘ri, deb topgan va A.I.Shimanchukni butunlay oqlagan.
SOLOVEYChIK Shlem Moiseyevich – 1914-yilda Polshaning Vilen guberniyasi Glubokoye qishlog‘ida tug‘ilgan. 1935-yildan Samarqandda yashagan. “Soyuztrans” korxonasi garajida ishlagan. 1937-yil 11-dekabrda NKVDning Samarqand sektori tomonidan Polsha razvedkasi josusi, degan ayb bilan hibsga olingan. 1938-yil 16-oktyabrda O‘zSSR NKVDsining qarori bilan 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. 1957-yil 8-yanvarda Turkiston Harbiy okrugining Harbiy tribunali uning ishini qayta ko‘rib chiqib, Sh.M.Soloveychikni butunlay oqlagan.
POPROTsKIY Vladimir Yakovlevich – 1880-yilda Polshaning Varshava guberniyasi Sifnevich shahrida tug‘ilgan. Millati polyak. Samarqand non mahsulotlari korxonasida brigada boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 1938-yil 23-fevralda NKVDning Samarqand sektori tomonidan Polsha razvedkasi josusi, degan ayb bilan hibsga olingan. O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” qarori bilan 1938-yil 16-oktyabrda 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. 1939-yil 6-avgustda Uzoq Shimolda qamoq muddatini o‘tash davrida o‘pka sili kasalligidan vafot etgan.
Muzaffar MUQIMOV,
SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.