Samarqandda yangi tonnel ishga tushiriladi
Samarqand shahrida aholi uchun qulay sharoit yaratish va transport oqimini tartibga solib, tirbandliklarni bartaraf qilish maqsadida bunyod etilgan yana bir yirik inshoot bahor shodiyonasi - Navro‘z hamda Hayit bayramlari munosabati bilan foydalanishga topshirilmoqda.
Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida qurilgan transport inshootining uzunligi 510 metrni, tonnel qismi esa 60 metrni tashkil etadi. “Me’mor O‘tkir Chovka” MChJ quruvchilari barpo etgan ob’yekt qurilishida loyihadagi belgilangan ishlar to‘liq yakunlandi. Tonnelning ichki qismiga ikki qavat asfalt qoplamasi yotqizilib, ob’yektning ichki fasad ishlari bajarildi.

Abu Dabi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qurilgan tonnelga yondosh Rudakiy ko‘chasida 2 ta yer osti piyodalar yo‘lagi ham qurildi. Ayni vaqtda yo‘l o‘tkazgich atrofida obodonlashtirish ishlari bajarilmoqda.
- Yangi qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich tonnel yo‘li eniga 17 metr bo‘lib, transportlar harakatlanishi uchun 2 yo‘nalishli 4 qatorli yo‘lga bo‘linadi, - deydi qurilish korxonasi ish boshqaruvchisi Shavkat Xalilov. - Mazkur ob’yektda 20 ta turli maxsus va yuk mashinalari, 100 nafardan ziyod quruvchilar kechayu-kunduz mehnat qilishdi.
Ular tomonidan kuniga 100 metrdan ziyod hudud betonlashtirilib, ming metr uzunlikdagi elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda ichimlik suvi tarmoqlari ko‘chirildi. Hududdan turli hajmdagi kanalizatsiya hamda internet aloqa tarmoqlarining ham joylari o‘zgartirildi. Jami 1 kilometr uzunlikdagi panjaralar o‘rnatildi. Yangi yerosti yo‘laklarida piyodalar uchun barcha qulayliklar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun shart-sharoitlar yaratilgan.

- Yangi yerosti transport tonneli va yerosti piyodalar yo‘laklarining qurilgani, katta chorrahadagi yuzaga kelayotgan tirbandlikning oldini oladi, - deydi oqdaryolik Ravshan Eshimov. - Natijada nafaqat avtomashinalar, balki piyodalarning ham harakatlanishi uchun qulay bo‘ladi.
Qurilishda yurtimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan va Rossiya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlardan olib kelingan armatura, temir konstruksiyalar va bezak uchun ishlatiladigan qurilish mahsulotlaridan foydalanildi.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
F.RO‘ZIBOYeV (surat).