Ishchiga ham, ish beruvchiga ham yordam berilyapti
“Kambag‘allikdan farovonlik” sari dasturi doirasida yaratilayotgan sharoitlar tufayli viloyat prokuraturasi vakillari tomonidan ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar sharoiti o‘rganilib, ularga zarur bo‘lgan yordam faoliyati o‘rganildi.
Payariq tumanida yashovchi Chinora Kulbekova 2026 yil o‘tkazilgan xatlov davomida ijtimoiy reyestrga kiritilgan edi. Mutasaddilar tomonidan suhbat davomida uning qaysi yo‘nalishda daromad topish mumkinligi o‘rganildi va ro‘zg‘orini yaxshilash, ya’ni chorva sotib olish uchun 20 million so‘m miqdorida kredit ajratilishi belgilandi.
- Kreditni to‘lash uchun Chinora Kulbekova tumandagi parrandachilik korxonasiga ishga joylashtirildi, - deydi AT “Xalq banki” viloyat mintaqaviy markaz rahbari o‘rinbosari Zilola Gaffarova. – Endilikda u krdetini to‘lash uchun moliyaviy muammolarga duch kelmaydi, chorva esa ro‘zg‘origa qo‘shimcha daromad hisoblanadi. U ishga joylashgan parrandachilik korxonasi rahbari Shohrux Mahmudovga ijtimoiy reyestrda turgan oila a’zolarini ishga qabul qilgani hamda ularni doimiy ish bilan ta’minlagani uchun 50 million so‘m miqdorda imtiyozli kredit ajratildi. Aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha tegishli qonuniy asoslarga ko‘ra, endilikda tadbirkor ularni ish bilan ta’minlabgina qolmay, ularga bu faoliyatni o‘rgatib, agar istak bo‘lsa, kelgusida shu yo‘nalishda ish boshlashlariga ham ko‘mak beradi.
Ayni kunlarda Payariq tumanida 30 ga yaqin aholi shu tartibda ish bilan ta’minlandi. Aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratilishi va shartnomalar imzolanishi shundog‘am qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga o‘z moliyaviy sharoitlarini yaxshilab olish imkonini beradi.