Samarqandda 100 ta bog‘cha davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi
Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida viloyat hokimi Adiz Boboyev xalqaro moliyaviy institut vakillari bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi.
Unda Bozorlarni rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklik idorasi rahbari Takeo Koike hamda 1-maslahat bo‘limi direktori Muhammad Azim Hoshimi ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar viloyatda maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihani muhokama qildilar. Xususan, qariyb 100 ta maktabgacha ta’lim muassasasini davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va foydalanishga topshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu tashabbus amalga oshirilsa, hududda qo‘shimcha o‘rinlar yaratilib, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi sezilarli darajada oshadi. Ayni paytda viloyatdagi 43 ta mavjud bog‘chani to‘liq ta’mirlash uchun saralash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, yangi qurilishlar uchun viloyat hokimligi tomonidan qariyb 80 ta yer maydoni taklif etilishi rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirish bosqichlari ham aniq belgilab olingan. Jumladan, 2026 yilning ikkinchi choragida ikki bosqichli tender jarayonini boshlash, 2027 yilda esa g‘olib investor bilan davlat-xususiy sheriklik shartnomasini imzolash ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlarini 2030 yilga qadar to‘liq yakunlash rejalashtirilmoqda.
Adiz Boboyev yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini qurishda hududlarning aniq ehtiyojlarini inobatga olish muhimligini ta’kidlab, zarur yer maydonlarini puxta shakllantirish lozimligini qayd etdi. Shuningdek, mazkur sohada xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligiga urg‘u berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu loyihani samarali amalga oshirish yo‘lida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.