“Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim”

Amir Temur o‘z davlatining shon-shuhrati uchun uning markaziy qismi bo‘lgan Movarounnahr, ayniqsa, poytaxt Samarqandning obodonchiligiga alohida ahamiyat bergan.

Uning har bir zafarli voqeani, sevinchli hodisani muhtasham me’morlik obidasini barpo etish bilan nishonlash odati bo‘lgan. Shu maqsadda hindistonlik yuzlarcha mohir g‘isht teruvchilar, Sheroz, Isfaxon va Damashqning mashhur usta-hunarmandlari qatorida yerli ustalar mamlakatda ulug‘vor, serhasham imoratu inshootlar bino qiladilar.

Sohibqiron Tabrizda jome masjidi, Sherozda saroy, Bag‘dodda madrasa, Turkistonda mashhur shayx Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara bino qildirdi. U o‘zining saxovati va himmatini, xususan, Shahrisabz va Samarqandda oliy imoratlar qurdirishda ko‘rsatdi. Shahrisabzda otasi va o‘g‘li Jahongirning qabrlari ustiga maqbara barpo etib, jome masjidi qurdirdi. Shahrisabzda mashhur Oqsaroy qad ko‘tardi. Bu muhtasham oliy imorat peshtoqi, toqu ravoqlari, gumbazu devorlari zangori va oltin rangdagi naqshli koshinlar, guldor o‘ymakor parchinlar esa oyatu turli mazmundagi bitiklar bilan ziynatlandi. Shahrisabzdagi qarorgoh – Oqsaroyning koshinkor va parchinkor peshtoqi guldor naqshlari orasiga “Agar bizning quvvat va qudratimizga ishonmasang qurgan imoratlarimizga boq” degan xitobnoma bitilgan. Turkiston shahrida Ahmad Yassaviy maqbarasini bino qilishda ham shunday maqsad nazarda tutilgan.

Bu ko‘hna dunyo tarixida qator jahongirlar hukmronlik qilib o‘tgan. Ularning aksariyati o‘zidan faqat kultepaga aylangan vayronalarnigina qoldirgan. Ulardan farqli o‘laroq, Amir Temur umr bo‘yi bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Uning “Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim”, degan so‘zlari buning yorqin isbotidir.

Chingizxon bosqini davomida butunlay vayron etilgan Samarqand shahri Sohibqiron davrida o‘zining qadimgi o‘rnidan birmuncha janubroqda boshdan oyoq yangidan qayta qurildi. Shahar tevaragi Oxanin, Chorsu, Shayxzoda, Korizgoh, So‘zangaron va Feruza kabi nomlar bilan yuritiluvchi oltita darvozali mustahkam yangi qal’a devori bilan o‘rab chiqildi. Shahar arkida Amir Temurning qarorgohi – Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroylar bino qilindi. Arkda Ko‘ktosh deb yuritilgan taxt kursi o‘rnatilgan ulkan miyonsaroy (zal)dan tashqari, davlat devonxonasi, qurol-yarog‘lar yasaydigan ustaxona va aslahaxona, tangalar so‘qiladigan zarbxona, qamoqxona kabi imoratlar joylashgan edi. Samarqandda masjid, madrasa va maqbaralar bilan bir qatorda ko‘prik va hammomlar qurilgan, shahar tashqarisida esa qo‘riqxona va bog‘-rog‘lar barpo etilgan. 1403–1404 yillarda Samarqandda bo‘lgan Ispaniya elchisi Klavixo Amir Temur farmoni bilan olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini kuzatib hayratda qolgan edi. Hozirda Bibixonim nomi bilan mashhur jome masjidi va boshqa ko‘pgina binolar aynan o‘sha davrda qad ko‘targan edi.

Bu davrda Samarqandda ko‘rkam va muhtasham imoratlardan tashqari turli kasbdagi hunarmandchilik mahallalari barpo etilib, hunarmandchilik ustaxonalarining omilkor egalari uchun shart-sharoitlar yaratib berilgan edi.

Sohibqiron Samarqand atrofida ko‘pgina go‘zal bog‘lar bunyod ettirdi. Mohir me’mor, tajribali sohibkorlarning aql-zakovati, mehnatiyu mahorati bilan barpo etilgan Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Chinor, Bog‘i Bihisht, Bog‘i Baland, Davlatobod, Bog‘i Nav, Bog‘i Shamol, Bog‘i Jahonnamo, Bog‘i Maydon kabi chorbog‘lar va ulardagi go‘zal ko‘shklar o‘sha davr bog‘dorchilik san’atining namunalaridandir.

Tuzilishiga ko‘ra bog‘lar ikki turda bo‘lgan. Birinchi turdagi bog‘lar har tomoni taxminan bir kilometr masofaga cho‘zilgan to‘rtburchak shakldagi chorbog‘lar bo‘lib, ikkinchi turdagilari esa tabiiy daraxtzor, butazor va o‘tloq maysazorlarda barpo etilgan qo‘riqxonalardir. Bunday qo‘riqxonalar hukmdorlarning ov (shikor) qilishi uchun mo‘ljallangan. Qo‘riqxonaning o‘simlik va hayvonot dunyosi, shubhasiz, nihoyatda boy bo‘lgan.

Shaharning sharq tomonida Bog‘i Dilkusho joylashgan. Uning tashqi hovlisida hashamatli saroy bo‘lib, uni qurollangan askarlar qo‘riqlagan. Ichki hovlida esa tug‘lar bilan bezatilgan oltin fil haykallari safga terilgan. Uchinchi hovli Amir Temurning chet ellardan kelgan mehmonlarni qabul qiladigan oltin taxtli qarorgohi bo‘lgan. Sohibqiron ispan elchisi Klavixoni ana shu bog‘dagi qarorgohida tantana bilan qabul qilgan.

Amir Temur mamlakatni boshqargan davrda Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida, xususan, Zarafshon vodiysida qator sug‘orish tarmoqlari qazilib, sug‘orma dehqonchilik maydonlari kengaytirildi. Yangi-yangi qishloqlar barpo etildi. Sohibqiron davlat poytaxti Samarqand atrofida qad ko‘targan bir qancha qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr (Qohira), Bag‘dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Zero, Samarqand o‘zining katta va yangi shahar ekanligi, beqiyos go‘zalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan jahondagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmog‘i lozim edi.

Mamlakat shaharlarida, ayniqsa, uning poytaxtida savdo va hunarmandchilik g‘oyatda rivojlanadi. Yangi bozorlar, savdo rastalari barpo etiladi. Shahar bilan dehqonchilik vohalari, chorvador ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi o‘rtasida ayirboshlash, savdo aloqalari kengayadi. O‘zaro savdoni kengaytirishda shahar aholisi alohida ahamiyat kasb etadi. Mamlakatning ichki va tashqi savdosi kengayib, taraqqiy etishida Samarqand katta o‘rin tutardi. Klavixoning ta’riflashicha, Samarqand bozorida bug‘doy, guruch mo‘l va arzon bo‘lgan. Unda hunarmandchilik mahsulotlari: atlas kimxob, ip va jun to‘qima mollari, mo‘ynali va ipakli po‘stinliklar, attorlik mahsulotlari, ziravor va dorivorlar, zarhal va lojuvardlar va o‘zga mollar sotilgan. Poytaxtga chet el mamlakatlaridan, xususan, Xurosondan ma’danlar, Hind va Sinddan yoqut va olmos, Xitoydan atlas, yashim (yashma) toshi, mushk va boshqa mollar, o‘zga yerlardan oltin va kumush olib kelinardi. Klavixo Xitoy poytaxti Xonbaliq (Pekin)dan 800 tuyalik savdo karvoni kelganini o‘z kundaligida qayd etgan.

Bu davrda Amir Temur va uning mahalliy noiblari Xitoy va Hindistondan O‘rta Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga tomon yo‘nalgan xalqaro karvon yo‘li – Buyuk ipak yo‘li va uning tarmoqlarini qat’iy nazorat ostiga oladi. Savdo karvonlari qatnovining xavfsizligini ta’minlash va ularga qulayliklar yaratib berish maqsadida jiddiy chora-tadbirlar ko‘riladi. Shaharlarda karvonsaroy, ipak yo‘li bo‘ylab rabotlar, qal’alar va ko‘priklar quriladi. Natijada Sharq bilan G‘arb mamlakatlari o‘rtasida savdo-sotiq va elchilik aloqalari kengayadi. Bular esa, shubhasiz, Amir Temur davlatining tashqi iqtisodiy va elchilik aloqalari barqarorligini ta’minlashga xizmat qilgan edi.

Qahramon Rajabov,

tarix fanlari doktori, professor.