Yangilangan ziyoratgohda hayit namozi o‘qiladi

Ahillik, saxovat va shukronalik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan muborak Ramazon oyi yakuniga yetmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 16 fevraldagi qaroriga ko‘ra, Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rildi.

Viloyatimizda ham “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida ijtimoiy ko‘makka muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz va keksalar, bemorlar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Har bir shahar va qishloqda mehr-muruvvat, saxovat tadbirlari tashkil etildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yo‘qlandi.

Muqaddas dinimiz ko‘rsatmalarida ham muhtoj insonlarga yordam berish eng savobi ulug‘ amallar sirasiga kirishi qayd etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Menga zaif, bechoralarni topishga yordam beringlar. Sizlarning rizqingiz va yutuqlaringiz asosan zaif va bechoralarga yordam berishingiz sababidan ziyoda bo‘ladi”, deb ta’kidlaganlar.

Ramazon oyi davomida viloyatimizda davlat tomonidan hamda diniy soha vakillari va muruvvatli insonlar yordamida kam ta’minlangan, nogironligi mavjud, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz yashovchi oilalarga jami 3 milliard so‘m miqdorida pul mablag‘lari va oziq-ovqat mahsulotlari ehson qilindi. Imom xatiblarimiz mahalla faollari bilan hamkorlikda 700 dan ziyod kam ta’minlangan oilaning xonadonida bo‘lib, ularga o‘z yashash manzillarida iftorlik dasturxonlari tashkil etdilar.

Bundan tashqari, 2000 nafar bemorlarning davolanishi, 300 nafar imkoniyati cheklangan shaxslarga maxsus uskunalar xarid qilishlariga ko‘maklashildi. Shuningdek, uy-joyida kamchiliklari bo‘lgan bir nechta xonadonlar ta’mirlandi. Talaba yoshlarning o‘quv shartnoma pullarini to‘lab berishda ham viloyatimiz mo‘min musulmonlari o‘z saxovatlarini namoyon qildilar.

Bu xayrli ishlar mahalliy hokimliklar, ijtimoiy himoya milliy agentligi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining joylardagi bo‘limlari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, mahalla faollari va imom-xatiblar hamkorligida amalga oshirildi.

Ramazon oyi yakunlanishi bilan hayit namozi ado etiladi. Ayni paytda viloyatimizdagi 286 jome masjidida bu ibodatni bekamu ko‘st, jamoat tartibi va xavfsizlik ta’minlangan holda o‘tkazish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Masjidlar va ularning atrofini obodonlashtirish, namozga keluvchilarga qulay sharoit yaratish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan hozirlik ishlari olib borilmoqda.

Bu yilgi Ramazon hayitining barchamiz uchun ahamiyatli jihatlaridan biri, shubhasiz, hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasida hayit namozining o‘qilishi bo‘ladi. Bugun ushbu qutlug‘ qadamjoning tantanali ochilishi marosimi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan va nasib etsa, ertaga barchamiz Ramazon hayiti namozini buyuk muhaddis bobomiz ziyoratgohidagi ko‘rkam va mahobatli masjidda ado etamiz!

Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!

Ahmadxon ALIMOV,

viloyat bosh imom-xatibi.