Insoniy nafrat - urush qurbonlariga bag‘ishlangan dahshatli yodgorliklar

2018 yilda Turkiyaning Istanbul shahrida rassom Vakit Tuna yaratgan turmush o‘rtoqlari tomonidan o‘ldirilgan ayollarga bag‘ishlangan yodgorlik suratlari butun dunyoni hayratda qoldirdi. 440 juft ayollar poyabzali atigi bir yil davomida mamlakatda oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari sonini ramziy ifodalab berdi. Bu yodgorlik begunoh qurbonlarga bag‘ishlangan dunyodagi ko‘plab yodgorliklardan biridir. Ushbu maqolada ularning eng dahshatlilarini ko‘rib chiqamiz.

Dunay qirg‘og‘idagi poyabzallar

Muallif poyabzaldan foydalangan yana bir yodgorlik. Vengriyaning Budapesht shahridagi Dunay daryosi qirg‘og‘ida tartibsiz joylashtirilgan bronzadan yasalgan 60 juft erkaklar, ayollar va bolalar oyoq kiyimlari va etiklar go‘yo o‘z egasini kutib turgandek... Poyabzallar Xolokost xotirasiga bag‘ishlangan - aynan shu yerda 1944-1945 yillarda Vengriya fashistlarining “Kesishgan nayza” partiyasi a’zolari yahudiylarni yo‘q qilish uchun ularni barjalarga yuklab tashlagan.

Baxtsiz qurbonlarni qatl qilishdan va ularni barjadan daryoga tashlab yuborishdan oldin, natsistlar keyinchalik pullash uchun ularni oyoq kiyimlarini qirg‘oqda yechib qoldirishga majbur qilgan. Rejissyor Ken Togay va haykaltarosh Dyula Pauer tomonidan loyihalashtirilgan yodgorlik 2005 yilda yaratildi.

Liditsa bolalariga bag‘ishlangan yodgorlik

Ushbu yodgorlik natsistlarning Chexiyadagi eng dahshatli jinoyatlaridan biri qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan. 1942 yilning 9 iyunida nemis jandarmlari Pragadan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan Liditsa konchilar qishlog‘ini o‘rab oldi va barcha aholini bosh maydonga to‘pladi. 15 yoshdan oshgan barcha erkaklar otib tashlandi, ayollar esa Ravensbryuk konslageriga yuborildi. Qishloq yonib kulga aylandi.

To‘qson sakkiz nafar bolaning 13 nafari "nemislashtirish" uchun tanlanib, shahar tashqarisiga olib ketildi. Qolgan 82 nafari Xelmno yaqinidagi o‘lim lageriga jo‘natilib, darhol gaz kamerasida yo‘q qilib yuborildi. Rassom Mariya Uchitilova tomonidan bronzadan yasalgan yodgorlikdagi qirq ikki qiz va 40 nafar o‘g‘il bola Liditsa tmoon qaragancha qotib qolgan.

Muzli jussalar

Yuqorida tasvirlangan barcha yodgorliklar bronza yoki betondan yasalgan. Biroq, xuddi shunday ta’sirga ega kambardoshli materiallardan yaratilgan yodgorliklar ham bor. Braziliyalik haykaltarosh Nele Azevedo 20 santimetr balandlikdagi inson jussalarini yaratadi va ularni urushlar va turli tabiiy ofatlar qurbonlarini xotirlash uchun dunyo shaharlariga joylashtirib chiqadi.

Birinchi 400 jussa 2005 yilda Parijdagi Opera Garne teatr zinapoyalarida o‘rnatildi, undan keyin 2006 yilda Germaniyaning Braunshveyg shahridagi Burgplats maydonida muz odamchalarning 500 dan ortig‘i, 2006 yilda esa Porto va Florensiyada 1200 taga yaqin haykal o‘rnatildi. 2014 yilda Birmingemdagi Chemberlen maydoni zinapoyalarida Birinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan bu jussachalarning 5 mingdan ortig‘i paydo bo‘ldi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.