Rasmiylar migrantlar uchun nima qila oladi?
Millionlab yurtdoshlarimiz Rossiyada va boshqa yurtlarda mehnat muhojirligini yashayotgan bir davrda negadir ularning huquqlari haqida yetarlicha o‘ylamayotgandek tuyulaveradi. Bu haqda soatlab gapirishdan ko‘ra, mulohazalarimni birma-bir bayon etsam...
1994 yil. Davlatimiz endigina mustaqil bo‘lgan, hali chegaralar bugungidek qattiq emas, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar eski sovet tizimidan to‘liq uzilmagan davr edi. O‘sha yilning 4 iyulida Moskvada imzolangan bitimni bugungi ko‘z bilan o‘qisangiz, hayron qolasiz: u yerda yozilgan gaplar hozirgi patent azoblaridan ancha insofliroq ko‘rinadi.
Nega shunday deyman? Chunki 1994 yilgi hujjatda «inson qadri» moddalarga singdirilgan edi. Bitimning 10-, 11-, 12- va 13-moddalari aynan muhojirning Rossiya tuprog‘ida o‘zini «begona» his qilmasligi uchun xizmat qilishi kerak edi. Masalan, bitimda «ish beruvchi davlat» (ya’ni Rossiya) o‘z zimmasiga juda katta majburiyatlarni olgan. Agarda o‘zbek muhojiri Rossiyada qonuniy ishlasa, u xuddi Rossiya fuqarosi kabi bepul tibbiy yordam olishi, kasal bo‘lganda davlatdan nafaqa (bolnichniy) olishi va hatto baxtsiz hodisaga uchrasa, butun kompensatsiyani Rossiya korxonalaridan undirishi belgilab qo‘yilgan edi.
Lekin bu "insof" qayerga ketdi? Nega hozir muhojirlarimiz tish og‘rig‘idan tortib, jiddiy jarohatgacha hammasini o‘z cho‘ntagidan to‘layapti?
Gap shundaki, 1994 yilgi bitimda soliqlarni Rossiya byudjetiga to‘lash sharti bor edi (11-modda). Ammo u paytda hech kim "patent", degan narsani bilmasdi. Muhojir korxonaga ishga kirardi, korxona uning maoshidan soliq ushlab qolardi va bu soliq evaziga davlat unga bepul shifoxona va ijtimoiy himoya berishi shart edi. Bugun esa tizim mutlaqo o‘zgardi. Rossiya o‘zining ichki qonunchiligini bitimlardan ustun qo‘ydi. Endi muhojir ishga kirishdan oldin "patent" uchun soliq to‘laydi. Biroq bu soliq unga hech qanday imtiyoz bermaydi. Ya’ni, siz soliqni oldindan to‘layapsiz, lekin kasal bo‘lsangiz, "sug‘urta sotib olganmisan?" deb so‘rashadi.
Bu 1994 yilgi bitimning mantiqsizligidir. Jurnalist sifatida shuni aytish kerakki, o‘sha hujjatda belgilangan hududiylik tamoyili (qayerda soliq to‘lasang, o‘sha yerda xizmat olasan) buzildi. Rossiya soliqni olyapti, lekin xizmatni ko‘rsatmayapti. Bizning muhojir esa ikki o‘t orasida qoldi: u yerda soliq to‘laydi, foydasi yo‘q; bu yerda (vatanida) soliq to‘lamaydi, "ishsiz" deb hisoblanadi.
Vaqt o‘tib, 1994 yilgi bitim eskirib, hayotdan uzilib qolgach, 2017 yilda yangi - "Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarni uyushgan holda tanlash va jalb qilish to‘g‘risida»gi bitim imzolandi. Bu hujjat paydo bo‘lganida, rasmiy doiralar buni "migratsiya tarixidagi yangi davr" deb atashdi. Lekin oddiy muhojirning ko‘zi bilan qaraganda, bu bitim "insof"dan ko‘ra ko‘proq "tijorat"ga o‘xshab ko‘rindi. Nega?
Birinchidan, 2017 yilgi bitimning markazida "Uyushgan holda tanlash" (Orgnabor) degan tushuncha turadi. Bu shuni anglatadiki, endi davlat muhojirga: "O‘zing ko‘chaga chiqib ketma, men senga ish beruvchi topib beraman, seni o‘qitaman, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazaman, hujjatingni taxlab beraman, sen esa tayyor ishga borasan", dedi. Nazariy jihatdan bu juda yaxshi. Muhojir Rossiya ko‘chalarida sarson bo‘lmaydi, politsiyadan qochmaydi. Ammo amaliyotda bu tizim muhojirning bo‘yniga qo‘shimcha xarajatlar zanjirini ilib qo‘ydi.
Insof bilan vaziyatni tahlil qilsak, bu bitim orqali migratsiya jarayoni atrofida yuzlab "vositachi" tuzilmalar paydo bo‘lganini ko‘ramiz. O‘qitish markazlari, test markazlari, sug‘urta agentliklari... Muhojir hali bir so‘m pul topmasdan turib, mana shu tizimning charxini aylantirish uchun pul to‘lashni boshladi. Xalq tili bilan aytganda, davlat bu yerda muhojirni himoya qilishdan ko‘ra, uni eksport qilinadigan tovar sifatida rasmiylashtirishga ko‘proq urg‘u berdi.