Rossiyada yonilg‘i inqirozi
Rossiyada keng ko‘lamli yonilg‘i inqirozi kuzatilmoqda. Mamlakatning 50 dan ortiq hududida benzin va dizel sotuviga cheklovlar joriy etilgan, joylarda bir kishiga beriladigan yoqilg‘i hajmiga limit o‘rnatildi (masalan, bir shaxsga 20 litrgacha). Muammo Moskva, Moskva viloyati, Lipetsk, Tver, Tula va boshqa viloyatlarni qamrab olmoqda.
Ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin zaxiralari tugab qolgan bo‘lsa, boshqalarida sotuvga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Qator hududlarda haydovchilar uzun navbatlarga duch kelgan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa yonilg‘i topish qiyinlashayotgani haqida ko‘plab murojaatlar paydo bo‘lmoqda. Muammo Qrim va Sevastopolda ham kuzatilgan.
Yonilg‘i tanqisligiga olib kelgan omillardan biri deb muhim neftni qayta ishlash zavod va infratuzilma ob’yektlariga Ukraina dronlari tomonidan muntazam uyushtirilayotgan hujumlar ko‘rilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davridagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 25 foizga kamaygan. Shu bilan birga, hukumat muammoni nafaqat ishlab chiqarishdagi uzilishlar, balki logistikadagi qiyinchiliklar va talabning oshishi bilan ham izohlamoqda.
Hozircha rasmiylar vaziyat nazorat ostida ekanini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, mamlakatning turli hududlarida yonilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolar va aholi noroziligi saqlanib qolmoqda.
Ukraina esa hujumlarini davom ettirmoqda. Bugun tunda dronlar anneksiya qilingan Qrimga zarba berdi: Sevastopolda elektr ta’minoti to‘liq uzilgan, zarba Balaklava issiqlik elektr stansiyasiga berilgani aytilmoqda.