Qishloq yo‘llarining egasi kim?
O‘zim ham, turmush o‘rtog‘im ham davlat ishida ishlaymiz, farzandlarim maktabda o‘qiydi, xullas, hammamiz ertalab ketib, kechqurun uyga qaytamiz.
Bir kuni kechki payt uyga qaytsam ko‘cha chetidagi ariq menga tegishli yerda qazilib, yo‘l kengaytirilibdi. Qo‘shnim yo‘l hisobidan tomorqasini kengaytirgani uchun bitta mashina zo‘rg‘a sig‘adigan ko‘cha qolgandi. Uyda hech kim yo‘q paytda tomorqamdan yo‘lga qo‘shishgani jahlimni chiqardi. Dam olish kuni ariqni eski joyiga qaytardim, ammo ishga ketsam yana ariq mening tomorqamdan kovlanibdi. Mojaroni hal qilish uchun mahalla raisi, profilaktika noziri keldi, ammo ular yerni o‘zlashtirgan qarindoshlarini tarafini oldi. Mulkka egalik to‘g‘risida barcha hujjatlaring bo‘lsa-yu qaysidir amaldor yoki huquqni himoya qilish vakolati berilgan shaxs sening huquqingni poymol qilib tursa dodingni kimga aytasan.
Payariq tumanida murojaatni o‘rganish chog‘ida bo‘lib o‘tgan bu suhbatdan keyin ancha suvlar oqib ketdi. Lekin mulk hujjatlari bo‘la turib nohaqlikka uchragan bu fuqaroning gaplari tez-tez esimga tushaveradi.
Kasb yuzasidan tumanlarda, qishloqlarda ko‘p bo‘laman. Haqiqatda ichki yo‘llarning naqadar tor ekanligiga ko‘p duch kelganman, bir necha bor bu yerda necha metr yo‘l uchun ajratilganiga ham qiziqib ko‘rganman. Baribir qaysidir noinsof yo‘lni “kemirib” tomorqasiga qo‘shib olgan bo‘lib chiqadi.
Katta yoshli insonlar yaxshi bilishadji. Avval qishloqda ham, shaharda ham avtomobil yo‘li chetida piyodalar yo‘laklari bor edi. Avtomobillar harakatiga xalaqit bermaslik, piyodalar xavfsizligini ta’minlash uchun olis qishloqlarda ham bunday piyodalar yo‘laklari tashkil etilgan edi.
Keyingi yillarda piyodalar yo‘laklari ham ayrimlar tomonidan tomorqasiga qo‘shib olindi. Mahallalarda, qishloqlarda bu kabi holatlarga “ko‘z-ko‘zga tushadi” qabilida ish tutiladi, kadastr idoralari ham yo‘llar ularning vakolatida emasligini aytishadi. Xo‘sh, ichki yo‘llarning egasi bormi?
Qonunchilikka ko‘ra, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari va aholi punktlaridagi ichki yo‘llar mahalliy davlat hokimiyati organlari (tuman va shahar hokimliklari) balansida bo‘ladi. Ammo amalda ularni saqlash va ta’mirlash ishlari maxsus qarorlar bilan obodonlashtirish boshqarmalari hamda tegishli yo‘l mas’ullariga yuklab kelinadi. Umumiy foydalanishdagi yo‘llar Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufida, ichki xo‘jalik va qishloq yo‘llari: mahalliy hokimliklar va tuman obodonlashtirish bo‘limlari balansida turadi. Lekin obodonlashtirish boshqarmalari ichki yo‘llarning ta’mirlanishinigina nazorat qiladi, xolos.
Prezidentimizning 2025 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida” gi qonuni bilan 2028 yilgacha barcha hududlardagi uy-joy, noturarjoylar xatlovdan o‘tkazilmoqda. Bunda xatlovdan o‘tkazilgan har bir ob’yektning qonuniyligi, davlat va jamiyatga zarar yetkazmasligi va boshqa holatlar hisobga olinib sohaga aloqador 20 dan ortiq tashkilot mas’ullari rozilik bergandan so‘nggina ob’yekt e’tirof etiladi. Lekin qonunda obodonlashtirish boshqarmalarining ishtiroki nazarda tutilmagan. Kadastr idorasi xodimlari uy egasi qayerdan chegarasini ko‘rsatsa o‘sha yerdan belgilab ketishayotganiga guvoh bo‘ldim. Demak, yuqorida keltirilgan farmon va qonunda ham ichki yo‘llarni o‘lchash, chegaralarini belgilash borasida birorta band yo‘q.
Aslida ichki yo‘llarning egasi mahalliy kengashlar hisoblanadi, ta’mirlash ishlarini esa obodonlashtirish boshqarmalari olib boradi. Lekin umumfoydalanishdagi, qishloqlarni bog‘laydigan yoki ichki yo‘llardagi piyodalar yo‘laklari yo‘qolib ketayotgani, undan ham yomoni, yo‘llarning o‘zi yildan yilga torayib ketayotgani afsuski hech kimni tashvishlantirmayapti.
Buning oldini olish, yo‘l hisobidan o‘zlashtirilgan yerlarni joyiga qaytarish, kimnidir tomorqasi yoki qo‘shilib ketgan yo‘laklarni aholiga berish kerak. Yana taklifim deputatlarimiz va yo‘l sohasi mas’ullari magistrallar, umumfoydalanishdagi, qishloq yo‘llari va ichki ko‘chalarning necha metr bo‘lishiga doir standart qoidalarini ishlab chiqsalar yaxshi bo‘lardi. Shunda yo‘lni noqonuniy o‘zlashtirish, avval boshdagi kattagina yo‘l yillar o‘tib zo‘rg‘a bitta mashina sig‘adigan darajada kichrayib qolishi, piyodalar yo‘lagini qo‘shib olish kabi horlatlarning oldi olinardi. Yo‘l infratuzilmasi yaxshi bo‘lsa, har qanday sohada - tadbirkorlikdan tortib ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ham ish yuritishda yengillik bo‘ladi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.