Piyodalar yo‘lagi "parkovka"mi?
Keyingi yillarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida respublikamizning barcha hududlarida alohida piyodalar yo‘lagi va veloyo‘laklar qurilmoqda. Albatta, bularning barchasi piyodalarga qulaylik yaratish, aholini yo‘llarda bexatar yurishlari uchun qilingan.
Biroq piyodalar yo‘laklari atrofidagi manzaralar kishi dilini xira qiladi. Ayrim haydovchilar piyodalar yo‘lagini "parkovka" - avtoulovlarning to‘xtash joyiga aylantirib olishgan. Oqibatda piyodalar transport harakatlanayotgan yo‘ldan yurishga majbur bo‘lmoqda. Shuningdek, jamoat mulkiga nisbatan bepisandligi sabab, qurilayotgan piyodalar yo‘laklarining holati va sifati o‘z muddatidan ancha oldin buzilib bormoqda.
Piyodalar uchun qurilgan bu kabi yo‘laklarni avtomashinalar band qilganligini qanday tushunish mumkin?
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari va maktab yo‘l yoqalarida avtoulovlarni qo‘yishganda ko‘chagacha chiqib ketayotgani tabiiy holat. Bu esa uzundan-uzun tirbandliklarga sabab bo‘layotgani bilan birga o‘quvchilarni ta’lim muassasalariga kirib-chiqishida bir qancha qiyinchilik va noqulayliklar tug‘diradi. Hatto ayrim haydovchilarning mashinasini piyodalar yo‘lagiga qo‘yib, o‘z yumushi bilan soatlab ketganiga guvohi bo‘lganmiz. Belgilanmagan joylarga haydovchilarning transport vositalarini qo‘yishi ortidan qanchadan-qancha muammolar yuzaga kelmoqda. Masalan, tez tibbiy yordam mashinalari tirbandliklarda qolib, belgilangan muddatda manzilga yetib bora olmayapti. Bu kabi holatlarning oldini olishga kim, qaysi tashkilot e’tibor qaratadi?
Husan OLIMOV.