Yo‘laklar reklama konstruksiyalari, savdo jihozlari bilan to‘sib qo‘yilyapti
Inklyuziv madaniyatimiz qachon shakllanadi?
Keyingi yillarda shahar infratuzilmasida inklyuzivlik elementlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Xususan, ko‘zi ojiz va ko‘rish qobiliyati cheklangan shaxslar uchun mo‘ljallangan taktil (sariq rangli, burtma shaklli qoplamali) yo‘laklarni barpo etish urfga aylanmoqda. Bunday yo‘laklar xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilib, harakatlanish jarayonida muhim axborotni yetkazib beradi. Doira shaklidagi burtmalar yo‘lning tugashi yoki boshlanishini, uziq-uziq chiziqlar esa yo‘lning davom etayotganini bildiradi. Mazkur yo‘laklar ko‘zi ojiz shaxslarning mustaqil harakatlanishi, shahar muhitida erkin ishtirok etishi uchun zarur shartlardan biri hisoblanadi.
Biroq kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, muammo faqat yo‘lakni barpo etish bilan hal bo‘lmayapti. Shaharning turli hududlarida ushbu taktil yo‘laklar tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan reklama konstruksiyalari, savdo jihozlari, qutilar, quvurlar va boshqa buyumlar bilan to‘sib qo‘yilgan holatlarga duch kelyapmiz. Oqibatda yo‘lak o‘z vazifasini bajara olmayapti. Bu holatni shunchaki beparvolik sifatida baholash mumkin emas. Chunki gap shunchaki qulaylik haqida emas, balki fuqarolarning teng huquqli harakatlanish imkoniyati haqida bormoqda. Taktil yo‘lakdan foydalanayotgan ko‘zi ojiz shaxs yuqorida keltirilgan kutilmagan to‘siqqa duch kelishi nafaqat jismoniy jarohat, balki psixologik ishonchsizlikka ham olib kelishi mumkin. Asosiysi, bunday holatlar ularning mustaqil harakatlanishdan voz kechishiga sabab bo‘ladi.
Xo‘sh, nega bu holat takrorlanmoqda? Birinchidan, ayrim tadbirkorlar inklyuziv yo‘lakning vazifasi va ahamiyatini yetarlicha anglamayapti. Ikkinchidan, bu jamiyatda inklyuziv madaniyatning hali to‘liq shakllanmaganini bildiradi. Demak, muammo infratuzilma bilan emas, ijtimoiy mas’uliyat bilan bog‘liq.
Inklyuziv muhit faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratiladigan alohida sharoitgina ham emas. U jamiyatning huquqiy va madaniy yetuklik darajasini ko‘rsatuvchi mezon ham. Bu borada O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan xalqaro majburiyatlar, jumladan, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini eslatish o‘rinli. Mazkur hujjatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning mustaqil harakatlanishi va jamoat infratuzilmasidan to‘liq foydalanish huquqi alohida ta’kidlangan. Shu nuqtai nazardan, taktil yo‘laklarni to‘sib qo‘yish nafaqat texnik yoki tashkiliy kamchilik, balki qonun va axloqiy me’yorlarga zid holat sifatida baholanishi lozim.
Inklyuziv madaniyat - tenglik masalasi. Uni ta’minlash esa barchamizning burchimiz hisoblanadi.
Dildora SAMANDAROVA,
Samarqand davlat pedagogika instituti talabasi.