Viloyatdagi bozorlar va savdo komplekslari ma’muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida

Samarqand viloyati hokimining Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1326-son qaroriga muvofiq, viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2024 yil 6 yanvardagi (02/02-32/5-son), viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasining 2025 yil 13 yanvardagi (7-son) va viloyat soliq boshqarmasining 2024 yil 17 yanvardagi (20-0818-son) xulosalari hamda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari kotibiyati mudiri R.Maxqulovning 2025 yil 16 yanvardagi (28/01-30-son) bildirgisiga asoslanib QAROR QILAMAN:
1. Quyidagilar:
bozorlar va savdo komplekslari ma’muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar miqdorlari 1-ilovaga;
bozorlar va savdo komplekslari ma’muriyati tomonidan bino, inshootlar va inventarlarni ijaraga berish hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun undiriladigan to‘lovlarning miqdorlari 2-ilovaga;
bozorlar va savdo komplekslari ma’muriyati tomonidan maxsus ajratilgan joylarda og‘ir va katta o‘lchamdagi qurilish materiallarini sotish uchun to‘lovlarning miqdorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Viloyat soliq boshqarmasi (E.Tolliyev), viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi (A.Rajabov)ga:
viloyatdagi bozorlar va savdo komplekslaridan tushadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatilgan xizmatlar qiymatini belgilangan tartibda to‘liq undirilishini;
ushbu qarorning 1-bandida tasdiqlangan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatilgan xizmatlar qiymati miqdorlarini viloyatdagi barcha bozorlar va savdo komplekslari, sotuvchi va xaridorlar e’tiboriga yetkazilishini, bu haqdagi ma’lumotlarni barcha ko‘rinarli joylarga joylashtirilishi hamda amalda tatbiq etilishi ustidan nazorat o‘rnatilishini;
ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati uchun to‘lovlarning holati bo‘yicha monitoring kuzatuvi yuritish va natijalari yuzasidan viloyat hokimligiga aniq takliflar kiritib borilishini;
ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarning yangi miqdorlarining to‘g‘ri qo‘llanilishi hamda to‘liq undirilishi va bozorlar daromadlarining belgilangan qismini mahalliy byudjetga o‘z vaqtida o‘tkazilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishini ta’minlash topshirilsin.
3. Viloyat hokimining 2024 yil 19 fevraldagi “Viloyatdagi bozor va savdo komplekslarining ma’muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarini belgilash to‘g‘risida”gi 46-7-0-Q/24-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Viloyat hokimligi axborot xizmati, matbuot kotibi (M.Ixtiyorov), viloyat hokimligi huzuridagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” (N.Norbekov) ushbu qarorning ommaviy axborot vositalarida chop etilishini hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini ta’minlasin.
5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F.Abilov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Viloyat hokimi v.b. A.Boboyev
2025 yil 22 fevral, №55-7-0-Q/25