Biz bolalarga dunyoni o‘rgatyapmizmi yoki ekranga qarashni?

Bugun maktabda dars berish oson emas. Ayniqsa, bugungi o‘quvchi bilan kechagi o‘quvchini solishtirsangiz, orada butun bir davr turganini his qilasiz. Ilgari o‘qituvchi sinfga kirib, salomlashar, davomatni tekshirar va darsni boshlardi. O‘quvchilar esa ustozning har bir so‘ziga quloq tutar, berilgan topshiriqni bajarishga harakat qilardi. O‘qituvchini ko‘chada uchratib qolsak ham, o‘zimizni beixtiyor maktabda o‘tirgandek his qilardik.

Bugun esa zamon ham, bola ham, muhit ham o‘zgardi. Eng muhimi, bolaning dunyoni qabul qilish tarzi o‘zgardi.

Biz bolaligimizda biror film yoki multfilmni intiqlik bilan kutib, ekran oldida uzoq o‘tirardik. Qora-oq tasvirlar, sekin harakatlanadigan kadrlar ham bizga qiziq tuyulardi. Xojiboy Tojiboyev, G‘iyos Boytoyev kabi san’atkorlarning chiqishlarini zavq bilan tomosha qilardik. Ularning chiqishlari cho‘zilsa-da zerikmasdik. Oxirigacha tomosha qilardik. Bugungi bola esa tug‘ilganidanoq rang-barang tasvirlar, tezkor axborotlar va qisqa videolar muhitida ulg‘ayapti.

Telefonni ochadi — bir necha soniyalik video. Keyingisi — yana bir necha soniya. Shunday qilib, biri ketidan biri yangi tasvir paydo bo‘laveradi. Miya doim yangilik kutadi. Shu tarzda katta bo‘layotgan boladan qirq daqiqa davomida bir joyda o‘tirib, o‘qituvchining izchil fikrini oxirigacha tinglashni talab qilish osonmi?

Balkim, muammo faqat bolalarda emasdir?

Biz ularga shu muhitni o‘z qo‘limiz bilan yaratib berdik. Avvaliga texnologiya hayotimizni yengillashtiradi, axborotni tezroq olishimizga yordam beradi, deb o‘yladik. Internet, smartfon va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizga kirib keldi. Boshida hamma narsa yaxshi tuyuldi. Ammo vaqt o‘tib, texnologiyadan foydalanish bilan unga qaram bo‘lib qolish o‘rtasida katta farq borligini anglay boshladik.

Bugun o‘qituvchi darsni qiziqarli shaklda tashkil qilmasa, o‘quvchining diqqatini yo‘qotishi mumkin. Rasm, video, savol-javob, interaktiv topshiriq va hayotiy misollar kerak. Ammo darslarni ham qisqa videolarga o‘xshatib qo‘yish to‘g‘ri emas. Chunki ta’lim faqat qiziqtirish emas. Ta’lim — sabr qilish, tinglash, o‘ylash, xatoni tan olish va qiyin vazifani oxirigacha bajarishni ham o‘rgatadi.

Shuning uchun bugungi o‘qituvchining vazifasi faqat darsni qiziqarli o‘tish emas. U bolaga diqqatni jamlashni, insonga qarab gaplashishni, suhbatdoshini tinglashni va uning holatini anglashni ham o‘rgatishi kerak.

Chunki bu masala faqat ta’lim emas, tarbiya masalasi hamdir.

Tasavvur qiling: ertaga bugungi o‘quvchi katta bo‘ldi. Ko‘chada bir insonning mazasi qochib qoldi, kimdir yordamga muhtoj. U esa qo‘lidagi telefonga qarab ketyapti. U yordam beradimi yoki navbatdagi videoni tomosha qilishda davom etadimi?

Bu savolga javobni bugundan izlashimiz kerak.

«Ilgari bolalar boshqacha edi», deb nolish oson. Ammo bugungi bola — bizning davrimiz farzandi. Unga tanbeh berishdan ko‘ra, qanday inson bo‘lishini o‘rgatish muhimroq.

Zamonaviy texnologiyadan voz kechib bo‘lmaydi. Smartfonni boladan butunlay olib qo‘yish ham yechim emas. Muhimi, texnologiyadan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini shakllantirish. Bolani ekrandan uzish bilan birga, uni haqiqiy hayotga ham qiziqtirish lozim: u bilan suhbatlashish, kitob o‘qish, tabiat qo‘yniga chiqish, sport bilan shug‘ullanish, jamoaviy ishlarga jalb qilish kerak.

Eng muhimi, boladan talab qilayotgan narsamizni avvalo o‘zimiz bajarishimiz kerak. Agar ota-ona «telefonni qo‘y» deb turib, o‘zi telefondan uzilmasa, bola gapdan ko‘ra namunaga ergashadi.

Bugun biz «ta’lim», «tarbiya», «muhit», «qadriyatlar» deymiz. Ammo bularning barchasi bir-biri bilan bog‘liq. Ta’lim tarbiyadan, tarbiya muhitdan, muhit esa o‘zimizdan boshlanadi.

Chunki bugun sinfda o‘tirgan bola — ertangi shifokor, muhandis, o‘qituvchi, rahbar, ota yoki ona. Uning qo‘lida ertangi jamiyat taqdiri bo‘ladi.

Shunday ekan, bolalarga faqat ma’lumot berish bilan cheklanmaylik. Ularni fikrlaydigan, tinglaydigan, his qiladigan va kerak bo‘lganda boshqalarga yordam qo‘lini cho‘za oladigan insonlar qilib tarbiyalaylik.

Zero, kelajakni ekranlar emas, ekran ortida shakllanayotgan insonlar yaratadi.

Zahro Ibrohimova,

Nurota tumani 41-maktab o‘qituvchisi