Tabiiy ekotizimlarni qayta tiklash — dolzarb masala
Bugungi kunda tabiiy ekotizimlarni muhofaza qilish, degradatsiyaga uchragan hududlarni qayta tiklash va biologik xilma-xillikni saqlash dolzarb ekologik masalalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, tabiiy hududlarning ekologik barqarorligini ta’minlashda ilmiy monitoring va zamonaviy yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarafshon milliy tabiat bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 10 martdagi 153-son qarori asosida qo‘shilgan 2807,61 gektar yangi hududlarda olib borilayotgan ilmiy monitoring va tabiiy ekotizimlarni qayta tiklash jarayonlari tahlil qilindi.
Natijada bog‘ning umumiy maydoni 5334,01 gektarga yetgan bo‘lib, yangi qo‘shilgan hudud bog‘ning avvalgi 2426,4 gektarlik maydoniga nisbatan qariyb 115,7 foizga kengayganini ko‘rsatadi.
Monitoring jarayonlarida yangi hududlarning o‘simlik qoplami, to‘qay ekotizimlari, suv ta’minoti, tuproq-namlik sharoiti, tabiiy regeneratsiyasi va antropogen ta’sir holati bo‘yicha kuzatuvlar olib borilmoqda.
Aniqlangan ekologik holat asosida degradatsiyaga uchragan uchastkalarni belgilash, suv ta’minotini yaxshilash hamda mahalliy daraxt va buta turlarini qayta tiklashga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Monitoring natijalari yangi qo‘shilgan 2807,61 gektar hududning ekologik barqarorligini ta’minlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning ilmiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Erkin Xolmanov,
kichik ilmiy xodim,
SamDU mustaqil izlanuvchisi (PhD)