Charog‘bonda deputat tashabbusi bilan aholi bandligi ta’minlanmoqda

Toyloq tumani Charog‘bon mahallasida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

Xalq deputatlari Toyloq tumani Kengashining 25-Yangi Toyloq saylov okrugi deputati Matluba Aminovaning tashabbusi bilan mahallada yashovchi fuqaro Martaba Rahmonovaga “Xalq” banki orqali 33 million so‘m imtiyozli kredit ajratilib, uy bog‘chasi tashkil etildi. Bugun mazkur maktabgacha ta’lim maskani 40 nafar bolani qamrab olib, mahalladagi xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rni yaratildi.

Shuningdek, deputat tashabbusi bilan homiylarni jalb etgan holda, turmush o‘rtog‘idan ayrilib, farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan Manzura Pardayevaga ham ko‘mak ko‘rsatildi. Mahalladagi 2 sotix yer maydonida uy-joy qurib berish ishlariga bosh-qosh bo‘lindi.

Charog‘bon mahallasida deputatlik tashabbusi bilan aholi muammolarini hal etishga, xotin-qizlarni kasb va tadbirkorlikka jalb qilishga, bandlikni ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirishga ahamiyat berilmoqda. Zero, har bir yangi ish o‘rni — bir oilaning daromadi, har bir qo‘llab-quvvatlangan tashabbus esa mahalla farovonligi uchun muhim qadamdir.


Gulshoda Rajabova,
Xalq deputatlari Toyloq tumani Kengashi bosh mutaxassisi.