Deputat tashabbuskor va talabchan bo‘lishi kerak
Oliy Majlis Senati tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlari deputatlari uchun o‘quv seminar tashkil etildi.
Onlayn tashkil etilgan mashg‘ulotlar avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis palatalarining majlislarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, unda vakillik organlarining o‘rni xususida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng Senatning tegishli qo‘mitasi hamda yuqori palata devonining hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi vakillari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari mahalliy Kengashlar deputatlari maqomi, deputatlik faoliyatining kafolatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Mutaxassislar, shuningdek, mahalliy Kengashlar, doimiy komissiyalar, partiya guruhlari va deputatlar faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil etish masalalariga to‘xtaldi.
- Yangi chaqiriqqa aksariyat deputatlar ilk marta saylanganidan tashqari, yangi davr, aniqrog‘i, yangi tartiblar sharoitida amalga oshirilishi bilan farq qiladi, - deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Sherali Yo‘ldoshev. – Misol uchun, seminar davomida mahalliy byudjetni shakllantirish, uning ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirish borasida ma’ruza tinglandi.
Yashirib nima qildik, avvalgi sharoitda viloyat hokimi rahbarlik qilgan Kengashga kiritilgan byudjet loyihasi tasdiqlangan, nazorati deyarli qilinmagan. Kengash ijro hokimiyatidan to‘liq mustaqil bo‘lgan bir sharoitda byudjetni nafaqat tasdiqlash, uning ijrosi qanday ta’minlanayotganiga ham qarashimiz zarur.
Shu ma’noda bugungi o‘quv vakillik organlari oldiga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish, ular faoliyatini samarali tashkil etish, eng muhimi, aholi turmush farovonligini oshirishda deputatlarning o‘rnini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Ikki kunga mo‘ljallangan seminar davomida mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovchilar murojaatlari bilan ishlashi, saylov okrugida fuqarolar qabullarini tashkil etish bo‘yicha ma’ruza tinglanadi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatida raqamli texnologiyalar, qarorlar qabul qilishda qonuniylikni ta’minlash masalalari ham muhokama qilinadi.