Deputat - fuqarolar manfaatlarining himoyachisi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir shunday nomlandi.

Unda partiyaning Samarqand viloyati kengashi mas’ul xodimlari, tuman va shahar partiya kengashlari raislari, shu yil 27 oktyabrda o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra xalq deputatlari Samarqand viloyati hamda tuman (shahar) kengashlariga XDPdan saylangan deputatlar hamda partiya faollari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Xalq demokratik partiyasi faoliyatini rivojlantirish, dasturiy maqsadlari mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish, g‘oyalarni ommalashtirish va hayotga tatbiq qilish bo‘yicha zarur tavsiya va tushunchalar berildi.

- Bu galgi saylov natijalariga ko‘ra partiyamizning 10 nafar a’zosi xalq deputatlari viloyat Kengashiga, 85 nafari tuman va shahar Kengashlariga deputat etib saylandi, - deydi XDPning viloyat kengashi raisi Badriddin Nasriyev. – Bugungi tadbirimizdan maqsad deputatlarning xalq farovonligi, odamlarning ertangi kelajagi, baxtli hayoti uchun mas’uliyatini oshirish, bu borada haq-huquqlaridan to‘liq foydalana olishlari, joylardagi muammolarni bartaraf etish uchun tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari jo‘natib, uning ijrosini ta’minlanishini nazorat qilishda nimalarga e’tibor berish zarurligini bildirishdan iborat.

Tadbirda deputatlik maqomining nima ekanligi va uning qanday vazifalari, huquq hamda majburiyatlari mavjudligi haqida so‘z yuritildi.

- Saylovchilarning ijtimoiy manfaatlaridan kelib chiqadigan murojaat, talab va takliflari ijobiy hal etilmasa, muammolarga o‘z vaqtida yechim topilmasa, deputatga ishonch kamayadi, - dedi Oliy Majlis Senati a’zosi Maryam Niyozova. - To‘g‘ri, bunday holatda faqat deputatni ayblab bo‘lmaydi. Chunki saylovchi ko‘tarayotgan masalani ijobiy hal etishga ijro etuvchi hokimiyat hamisha qodir emas. Ammo deputat hamisha xalq tomonida bo‘lishi, o‘zining vakolatini aholiga ko‘proq tushuntirishi, qaysi masala qay darajada hal bo‘lishini uqtirishi, xalqning siyosiy faolligi barobarida ularning siyosiy saviyasini ham oshirib borishi zarur.