Deputat kim, u nima ish qildi?
Bu savollarga o‘rin qolmasligi zarur
Bugun keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, umuman, o‘zini shu jamiyatning faol a’zosiman, deb hisoblayotgan har bir fuqaroning muhokamasidagi asosiy mavzulardan biri siyosiy partiyalar va deputatlarning faolligi bo‘lmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining mas’ul vakili va viloyat Kengashi deputati sifatida aytishim zarurki, ish uslubimizni o‘zgartirishimiz, shiddatkor zamonga moslashishimiz, elektorat ishonchini oqlashimiz kerak.
Zotan, Prezidentimizning barcha darajada olib borayotgan islohotlari va har bir soha vakillari bilan o‘tkazayotgan jonli muloqotida faoliyatimizda tub burilish yasash talab etilmoqda.
Bu jarayonda, avvalo, partiyamiz saylovoldi dasturida nazarda tutilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda kam ta’minlangan fuqarolar manfaatlarining haqiqiy himoyachisi sifatida ularni qiynab kelayotgan masalalar o‘z yechimini topmaguncha kurashishimiz kerak bo‘ladi.
To‘g‘ri, o‘tgan davr mobaynida qo‘l qovushtirib o‘tirmadik. Misol uchun, birgina 2021 yilda viloyat Kengashi deputatlik guruhlari tomonidan 154 ta, shundan doimiy komissiyalarda 65 ta shahar va tuman Kengashlarining sessiyalariga 89 ta masala kiritilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Xususan, partiya viloyat kengashi va deputatlik guruhi a’zolari tomonidan ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilash, sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarorlarining viloyatdagi ijrosi o‘rganilib, tegishli tartibda muhokama qilindi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli doimiy komissiyasi bilan hamkorlikda “Toshkent-Samarqand” tezyurar temir yo‘li bo‘yida joylashgan aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash va unga tutash hududlarni batafsil rejalashtirish loyihalari, hududlarda qurilish sohasida yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi sa’y-harakatlar, “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorining ijrosi bo‘yicha mas’ullarning hisobotlari tinglanib, zarur tavsiyalar berildi.
U orqali katta natijalarga erishdik, degan fikrdan yiroqmiz. Muhimi, vakillik institutining asosiy vazifasi ijro hokimiyati faoliyatini nazorat qilish ekanligini deputatlarimiz his qilmoqda. Natijada bugun tuman va shahar Kengashlaridagi vakillarimiz faoliyatida ham jonlanish kuzatilmoqda.
Joriy yil sakkiz oyi davomida mahalliy Kengashlarning sessiyalarida 96 ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Bundan tashqari, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar deputatlik guruhlarida 34 marta ijro hokimiyati organi va sektorlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Jumladan, Paxtachi tumani Kengashida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident farmoni, Ishtixon tumani Kengashida davlat rahbarining aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga doir qarori ijrosi o‘rganilib, sessiya kun tartibiga kiritildi.
Tahlillarda, deputatlar partiya guruhlari aynan Prezident qaror va farmonlari ijrosiga alohida urg‘u berganini ko‘rish mumkin. Negaki, mazkur hujjatlarda birinchidan, jamiyatdagi eng dolzarb, tezkor hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar ko‘tarilgan. Ikkinchidan, ijrosi muhokama etilgan, nazoratga olingan qaror va farmonlar aynan partiyamiz elektorati manfaatlarini himoyalashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Qolaversa, joylarda bu masalalarda biroz sustkashlik borligini ham aytib o‘tish kerak.
Masalan, hali-hamon aholini ichimlik suvi muammosi o‘ylantirib kelayotgan hududlar bor. Olis tumanlardagi ayrim qishloq, mahallalarda odamlar ichimlik suvini uzoqdan tashib keladi, buning uchun qancha onalar, bolalar vaqt sarflashadi? Yoki eshigi tagiga keltiriladigan suvni sotib olishadi, ko‘p kishilik oilalarga u hech qancha vaqtga yetmaydi. Ehtiyojiga yarasha sotib ololmaydiganlari ham talaygina.
Yoki issiqlik ta’minoti masalasini olaylik. Garchi bu boradagi qaror 2017 yilda imzolangan bo‘lsa-da, amalga oshirilgan ishlar u qadar maqtanarli emas. Buning ustiga kundan kunga yangi binolar, uy-joylar qurilishi ko‘paymoqda. Aholi soni tobora ortib boryapti. Bu esa issiqlik ta’minoti har yili yangidan o‘rganiladigan, chora-tadbirlar kuchaytiriladigan masala, degani.
Shu ma’noda, deputatlik guruhlarimizning o‘rganishlari, qaror va farmonlar ijrosi bo‘yicha olib boradigan nazorat ishlari faqat odamlarning turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, aholining hayotdan, jamiyatdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ammo afsuski, vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashayotgan, nomiga faoliyat yuritayotgan partiya guruhlari ham yo‘q emas. Misol uchun, Oqdaryo, Urgut, Qo‘shrabot tumanlari Kengashlarida tashkil etilgan partiya guruhlari tomonidan 2021 yil uchun belgilangan Harakat dasturidagi biron-bir masala tuman Kengashi sessiyalari kun tartibiga kiritilmagan. Aslida deputatlarimiz sessiyalarda partiya dasturiy maqsadlaridan, elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, qolaversa, hududlardagi tegishli ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan hokimliklar oldiga aniq takliflar va masalalarni qo‘yishlari lozim.
Albatta, oldimizga aniq maqsadlarni belgilab olganmiz, kamchiligimiz hali buning to‘liq mexanizmlarini ishlab chiqmaganimizda bo‘lmoqda. Bu masala qisqa fursatda maromiga yetkazilib, xalq oldidagi, avvalo, vijdonimiz oldidagi ishonchni oqlaymiz.
Badriddin NASRIYeV,
O‘zXDP viloyat kengashi raisi.