Maromiylik haqida jamoatchilik fikri: jarima va ta’sirchan choralar kuchaytirilishi yaxshi samara beradi

To‘y va marosimlarni qisqartirish, kamchiqim qilib o‘tkazish xalqimizning asrdan-asrga o‘tib kelayotgan, yechimi o‘zimizga bog‘liq bo‘lsa-da amalga oshirish g‘oyat qiyin kechayotgan dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

XX asr boshida buyuk ma’rfatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy to‘y va ta’ziyani bizni kemiruvchi illatlar sifatida qayd etib, agar shu marosimlarga sarflaydigan mablag‘imizni ilm yo‘lida sarflaganimizda biz ham Yevropa davlatlari singari taraqqiy etardik, deb kuyinib yozgan edi. Oradan bir asr o‘tibdiki, hamon bu illatdan qutulolmay, uning domiga chuqurroq kirib boryapmiz.

Yaxshi eslayman, o‘tgan asrning 80-yillarida, Samarqand tumani raykomiga endi ishga kirgan paytim edi. To‘y-ma’rakalarni ixcham qilib o‘tkazish, ortiqcha sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tumanda viloyat darajasidagi yig‘ilish o‘tkazilib, tavsiyalar ishlab chiqildi. Keyin viloyat miqyosida targ‘ibot ishlari olib borildi. Ma’lum vaqt to‘y va aza-marosimlari tartibga tushgandek bo‘ldi, ammo keyinchalik targ‘ibot ishlari sustlashgach, yana dabdababozlik avj oldi, hatto, avvalgidan ham ko‘p odatlar, rasm-rusumlar paydo bo‘ldi.

Keyin 90-yillar oxirida va yangi asrimiz boshlarida ham ushbu masala kun tartibiga chiqdi, davlat rahbari, parlament darajasida qarorlar, chora-tadbirlar qabul qilindi. Ommaviy axborot vositalarida, davralarda shu mavzu haqida gapirildi, targ‘ibot ishlari olib borildi. Albatta, bu tadbirlar ham samara berdi, ammo ko‘p vaqt emas. Mustaqillikning dastlabki yillaridagi qiyinchiliklar unutilib, xalqimiz hayoti izga tushgach, yana to‘y-ma’rakalarga zo‘r berdik, bu marosimlarni o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilish vositasiga aylantirdik. Bugun vaziyat shunday darajaga keldiki, odamlar yillar davomida yig‘ib-terganini bir kunda, bir necha soatda sovurishga tayyor, bunga achinmaydi ham. Talab paydo bo‘ldiki, katta-katta to‘yxonalar, to‘y-hashamni tashkil etuvchilar, bezatuvchilar, o‘rtakashlar va yana o‘nlab xizmatlar yuzaga keldi. To‘y qadriyatdan sanoatga, katta mablag‘ talab qiladigan tadbirga aylandi. Buning ortidan qancha insonlar chet ellarda sarson-sargardon bo‘lyapti, qarzga botib, yo‘lini yo‘qotmoqda, yosh oilalarga darz ketmoqda.

Mana endi yana shu masalada bosh qotirishimizga, to‘y va boshqa marosimlarimizda tartib o‘rnatishga to‘g‘ri kelmoqda.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida dabdabali to‘ylar va boshqa oilaviy marosimlarni ixchamlashtirishga qaratilgan “Maromiylik” targ‘ibot kampaniyasi boshlandi. Ushbu tashkilotlar tomonidan 90 kunlik chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va bu yo‘nalishda viloyatimizda ham amaliy ishlar boshlandi, faol targ‘ibot olib borilmoqda.

Loyiha boshlanishi bilan viloyatda to‘ylarni ixchamlashtirish va ortiqcha dabdabalarsiz o‘tkazish borasida aholining fikrini o‘rganish maqsadida anonim so‘rovnoma o‘tkazilibdi. Shu so‘rovnomadagi ikki savol e’tiborimni tortdi. “To‘y va ma’rakalarning ixcham o‘tkazilishini ta’minlashda kimlar faol bo‘lishi lozim?” degan savolga javob berganlarning 46 foizi “barcha davlat va jamoat tashkilotlari” deb javob beribdi. Shuningdek, ko‘plab fuqarolar mansabdor shaxslarning shaxsiy namuna bo‘lishi muhimligini ta’kidlagan. “Qaysi targ‘ibot usuli samarali deb o‘ylaysiz?” degan so‘rovga esa 49 foiz respondent “jarima va ta’sirchan choralar” deb javob beribdi.

Nazarimda, ana shu ikki savol ko‘p masalaga oydinlik kiritgan. Chindan ham to‘y va ma’rakalar ixcham qilib o‘tkazilishini ta’minlashda davlat tashkilotlari nazoratni kuchaytirsa, ta’sirchan choralarni va jarimalarni qo‘llasa, tezroq tartib o‘rnatish mumkin. Hamma mas’uliyatni odamlarga chora ko‘rish vakolati bo‘lmagan mahalla yoki oqsoqollarga tashlab qo‘yish yoki arzimas jarima qo‘llash bilan maqsadga erishish juda qiyin. Qachonki tartib nazoratini davlat organlari olib borsa, million-million so‘m pul sarflab dabdaba qilgan to‘ychiga ana shu xarajatlarining to‘rt yoki beshdan biri miqdorida jarima qo‘llanilsa, xuddi shunday to‘yxona egalariga ham faoliyatini ma’lum muddat to‘xtatib qo‘yishgacha bo‘lgan ta’sir choralari qo‘llanilsagina tartib o‘rnatish oson kechadi, nazarimda.

Ba’zida davralarda, ijtimoiy tarmoqlarda eshityapmiz, o‘qiyapmiz – odamlar nega amaldorlar dabdabali to‘y qilsa hech kim chora ko‘rmaydiyu, oddiy odam bir necha qozon osh damlab, yuzlab kishini to‘yiga taklif qilsa unga jarima solinadi, deb e’tiroz bildirmoqda. To‘g‘ri, yuqorida qayd etilgan so‘rovda aytilganidek, mansabdor shaxslarning o‘zi bu borada ibrat bo‘lishi kerak.

Shu o‘rinda qo‘shni Tojikistonda bo‘lgan holatni yodga olmoqchiman. Yaqin birodarimiz farzandining to‘y marosimiga taklif qilgani uchun Samarqanddan bir necha kishi bordik. Afsuski, to‘yga bir soatlar kechikib bordik. Shunda qadrdonimiz bizni to‘yxonaga emas, uyiga boshlab bordi. Aytishicha, to‘yxonada band qilingan sanoqli joylar bandligi, bizni qo‘shimcha joy tayyorlatib ichkariga kiritadigan bo‘lsa, to‘yxona egasiga va o‘ziga ham juda katta miqdorda jarima solinishi va davlat ishidan ozod etilishini aytib uzr so‘ragandi. Bu gapni eshitib biz xafa bo‘lmadik, belgilangan tartibga katta-yu kichik, rahbarlar ham birdek amal qilishini ko‘rib havas qildik.

Bugun biz ham yuz yillik muammomiz – to‘y va ma’rakalarimizni kamchiqim qilib o‘tkazishni astoydil yo‘lga qo‘ymoqchi ekanmiz, qo‘llaniladigan ta’sir choralarini biroz kuchaytirishimiz, bu borada nazoratni davlat organlari o‘z zimmasiga olishi lozim.

O‘ktam Saidmurodov,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.