To‘ylardagi “inqiroz”ga kim sababchi?
Aslida lo‘nda qilib faqat mansabdorlar va shu bilan bir qatorda ziyolilar, deyish ham mumkin. Negaki, masala haqida gap ketganda qadriyatlardan so‘zlaymiz, bahslashamiz, ammo yakunda yana mavhumlik va bo‘shliq qoladi, xolos.
Bu boradagi o‘zaro fikr «urushi»da masalani huquqiy jihatdan tartibga solishning imkoni hozircha yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. Undan ham yomoni, bu ish azaliy qadriyat darajasidan tushib kimo‘zar tadbirga aylanib ulgurdi. Bas shunday ekan, shunday sharoitda mansabdorlar va ziyolilar “maydon"ga chiqishlari kerak emasmi?
Ilmi ko‘p-u amali yo‘qlar
To‘ylarni tartibga solish borasida eng ko‘p kim gapiradi, albatta, mansabdorlar va ziyolilar. Ammo amalda-chi?
Yaqinda bir rasmiydan “2-3 kunlik to‘y o‘tkazishning ma’nisi nima” deb so‘rashgan. “Ha, endi elchilik, ko‘rib turibsiz-ku”, degan javobni bergan. Demak, to‘ylarni kimo‘zarga bo‘lishida ham “qovun qovundan” rang olyapti.
Bugungi holatlar ularda faqat ma’naviyat qashshoqligidan boshqasi emas, deyish mumkin. Zotan, o‘zi dabdabali to‘ylarning targ‘ibotchisiga aylanayotgan mansabdorlarning xatti-harakatiga bunday ortiq baho berish dushvor.
Renessansni soxtakorlik bilan qurib bo‘lmaydi
Negadir, mansabdorlarimiz, undanam yomoni, ziyoli qatlamida renessans tarixiy ongning bir qismi ekani tan olinmayapti. Davlat rahbari bu haqda ozmuncha gapirdimi? Biz esa tarixiy ong va renessans davrlarini faqat his-hayajonga berilib bayon qilyapmiz, lekin u faktga ijodiy yondashib, ilmiy-tanqidiy fikr qilmaymiz.
Misol uchun, to‘ylar bilan bog‘liq amaliyotda ham buni kuzatish mumkin. Qayerda ko‘rdingiz yoki eshitdingiz mansabdor yoki ziyoli kishi ibratli to‘y o‘tkazganini?
Endi mulohaza qilib ko‘ring. Ikkinchi renessansning asosiy figuralaridan biri hazrati Navoiy aqchasi ozligi uchun uylanmaganmi? Yoki ilmiy davralarda hali ham ilgari suriladigan fikr – sevgilisi Guliga yetolmagani uchun nikohsiz umr o‘tkazganmi?
Nazarimizda Nizomiddin Mir Alisher havo-yu nafsiga kuchi yetgan komil inson bo‘lgani uchun shunday yo‘l tutgan.
Mansab va pul bilan sinalgan kaslar
Oxirgi vaqtlarda Samarqandda kuzatilayotgan bir necha holat ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada bir “boyvachcha” bir necha taxlam pulni sochib yubordi.
Yaqinda o‘tkazilgan hashamatli to‘y turizm markazida bo‘lib o‘tgan. Unda kelin-kuyov mehmonlar qarshisiga kemada suzib kelgan. Sahna uchun eng qimmat dekoratsiyalar qilinib, san’atkorlar xorijdan chaqirtirilgan. Bu lavhalar ozmuncha muhokama bo‘ldimi? Lekin alal-oqibat yuqorida aytganimizday, yakunda mavhumlik.
Ammo bu hashamatga havas qilib, shunday tadbir o‘tkazishni orzu qilganlar bo‘lmadi, deysizmi?
Avval ham aytilganidek, qanday to‘y qilish, ya’ni, shaxsiy mablag‘ini qay tarzda sarflash har kimning shaxsiy ishi, deyishingiz tabiiy. Biroq yaqin o‘tmishda bor mol-mulkini vatani uchun tikib yuborgan Said Nosir Mirjalilov, Fayzulla Xo‘ja kabi ko‘zi to‘q ajdodlarimiz bo‘lgani-chi?
Hech bo‘lmasa, badavlat bir inson farzandi o‘laroq, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida o‘rnak bo‘lgan Behbudiy bo‘lish sizu, bizning nega qo‘limizdan kelmayapti? Ochofatlik, ko‘zi to‘ymaslikmi bizning muammoimiz?
Yoqubjon MARQAYeV.