Gazeta axborot yetkazuvchigina emas, fikrlar maydoni hamdir
Bugun ertalab shogirdimdan kelgan xabar kayfiyatimni buzdi:
“Gazeta nima kerak? Uning vaqti o‘tganini nega yoshi kattalar tan olgisi kelmaydi?” - deb yozibdi bo‘lajak jurnalist.
Bu savolda zamonaviy yoshning ohangi bor - tezkor axborot, telefondagi xabarlar, videolar, ijtimoiy tarmoqlar dunyosida o‘sib kelayotgan avlodning qarashi. Ammo jurnalistika faqat yangilik tarqatish emas, u fikr uyg‘otish, mulohaza qilishga chorlash, jamiyatning ongini shakllantirish jarayoni hamdir. Shu jihatdan, gazeta hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Yaponiya tajribasi - saboq emas, dalil
Yaponiyada raqamli texnologiyalar juda rivojlangan bo‘lsa-da, aholi gazetadan voz kechmagan. Masalan, yirik yapon nashrlari - “Yomiuri Shimbun” va “Asahi Shimbun” har kuni millionlab nusxada chop etiladi.
- Bu yerda har bir xonadonda gazeta o‘qish madaniyati bolalikdan shakllantiriladi, - deydi Yaponiyadagi vatandoshimiz Bahodir Iskandarov. - Maktablarda bolalarga gazetadagi maqolalarni tahlil qilish, ijtimoiy muammolar haqida fikr bildirish odat bo‘lib qolgan. Shu orqali ular faqat axborot olibgina qolmay, jamiyat hayotida faol fuqaro bo‘lib ulg‘ayishadi. “Ota” deganda bolaning ko‘z o‘ngida har tong qo‘lida gazeta, choy ichayotgan inson gavdalanadi. Bu davlatda birgina nashr - “Mainichi Shimbun”ning adadi 8 million ekan. Yetkazib berish xizmati mukammal yo‘lga qo‘yilgan. Gazeta har tong obuna bo‘lgan xonadonga kirib boradi. Bu oddiy texnik xizmat emas, madaniyatning bir qismi.
Bizda-chi?
O‘zbekistonda ham bir paytlar gazetaga munosabat boshqacha edi. Har bir xonadonda “Xalq so‘zi”, “O‘zbekiston ovozi”, mahalliy, ya’ni viloyat, shahar va tuman gazetalari bo‘lar edi. Oddiy odam o‘z qo‘li bilan gazeta varag‘ini aylantirar, undan hayotni his etardi.
Ammo bugun gazetalar soni emas, ularni o‘quvchilar soni kamaymoqda. Bunga sabab ko‘p: internet axborotining tezligi, yoshlarning diqqati qisqarishi, ayrim nashrlarning zamon bilan hamqadam bo‘lolmayotgani…
Biroq eng katta muammo - yosh jurnalistlar qalamida. Ular ko‘pincha ijtimoiy tarmoqda qisqa videolar tayyorlashga, “layk” orttirishga qiziqadi. Ammo haqiqiy jurnalistika - bu surat emas, so‘z orqali ta’sir etish san’ati. Yaxshi yozilgan maqola insonni o‘ylantiradi, fikrlashga majbur etadi, savol tug‘diradi.
Gazeta - fikr maktabi
Agar yoshlar yozishga erinmasa, har bir mavzuga tadqiqotchi ko‘zi bilan yondashsa, gazetalarning nufuzi yana ortadi. Gazeta - bu fikr maydoni. Unda sening so‘zing, jamiyatning og‘rig‘i, xalqning intilishi mujassam bo‘ladi.
Gazeta o‘qish madaniyatini qayta tiklasak, odamlar faqat xabarni emas, voqea sababini, ta’sirini, yechimini ham bilishga o‘rganadi. Bu - tanqidiy fikrlashning, ongli avlodning asosidir.
Ha, dunyo raqamlashmoqda. Ammo raqamlar ichida inson qalbi, uning fikri ham yo‘qolib ketmasin. Gazeta - ana shu qalbning ifodasi.
Shunday ekan, yosh shogirdlarga aytar so‘zim shunday:
Gazeta vaqti o‘tgan emas, balki uning so‘zini qayta eshittirish vaqti kelgan.
To‘lqin SIDDIQOV.