Samarqanddagi 15 ta madaniy meros ob’yektida ta’mirlash-tiklash ishlari olib boriladi
YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand tarixiy markazi 1123 gektar maydonni egallasa, uning muhofaza zonasi 1369 gektarni tashkil etadi.
Ayni paytda viloyatda 1611 ta moddiy madaniy meros ob’yekti ro‘yxatga olingan. Shundan 973 tasi arxeologiya yodgorliklari, 564 tasi arxitektura ob’yektlari, 40 tasi monumental san’at asarlari va 34 tasi diqqatga sazovor joylardir. Ushbu boy tarixiy merosni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish hamda turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida viloyatda qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ziyodulla Nasimovning ta’kidlashicha, o‘tgan yilda viloyatda 15 ta madaniy meros ob’yektida ta’mirlash ishlari olib borilgan. Joriy yilda ham shuncha ob’yektda keng ko‘lamli ta’mirlash-tiklash, restavratsiya va konservatsiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
— Ushbu ob’yektlar ro‘yxati Madaniy meros agentligiga taqdim etilgan va ruxsat olingach, Samarqand shahrida joylashgan o‘nta tarixiy ob’yektda ta’mirlash-tiklash ishlari boshlanadi, — deydi Z.Nasimov. — Ular qatoriga Registon majmuasi (Ulug‘bek, Sherdor va Tilla Kori madrasalari), Amir Temur maqbarasi, Qozi Abdurasul va Xon Said Imom majmualari, Kavarzor hamda Qozi G‘ofur mahalla masjidlari, Xo‘ja Said Axmad Xavosi majmuasi, Ashratxona maqbarasi va viloyat o‘lkashunoslik muzeyi kiradi. Shuningdek, XIX–XX asrlarga mansub Kattaqo‘rg‘on shahridagi So‘fi Olloyor va Qalandarxona majmualari, Payariq tumanidagi Olim shayx, Samarqand tumanidagi Maqsumbek hamda Narpay tumanida joylashgan XVII–XIX asrlarga oid Xo‘ja Karzon masjid majmualarida ham ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan.
Manzilli dastur doirasida viloyatdagi 195 ta madaniy meros ob’yektiga muhofaza belgilari o‘rnatiladi. Shu bilan birga, Urgut tumanidagi “Chorchinor” ziyoratgohi ta’mirlanadi, Samarqand tumanida joylashgan 23 ta madaniy meros ob’yektining kadastr hujjatlari rasmiylashtiriladi. Bundan tashqari, viloyatdagi qadimiy yodgorliklar holati o‘rganilib, ularning tarixiy-madaniy qiymatiga ta’siri bo‘yicha tegishli ekspertizalar tayyorlanadi.
Ma’lum qilinishicha, yil yakuniga qadar Kofirqal’a yodgorligini arxeologik parkka aylantirish bo‘yicha loyiha yakunlanadi va yodgorlikni ilmiy o‘rganish, hudud chegaralarini belgilash, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, infratuzilmani shakllantirish hamda uni ochiq muzey sifatida faoliyatga joriy etish ko‘zda tutilgan. Qizlartepa yodgorligini arxeologik parkka aylantirish bo‘yicha esa amaliy ishlar olib borilib, tadqiqotlar natijalariga asosan yodgorlikni konservatsiya qilish va ochiq ekspozitsiya tashkil etish rejalashtirilgan.
Ushbu ishlar nafaqat tarixiy obidalarning asrlar davomida saqlanib qolishini ta’minlaydi, balki viloyatning turistik jozibadorligini oshirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini shakllantirish hamda mahalliy aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.