Farzand uchun ota-ona mehri – beqiyos ustun
Oila muqaddas maskan va bu maskanning ikki mustahkam ustuni bor. Ular ota va ona! Bu ustunlarning mustahkam bo‘lmasligi murg‘ak qalb egalarining qiynalishiga, mehrga, himoyaga tashna bo‘lib yashashiga sabab bo‘ladi. Farzand uchun ota va ona mehridan muhim narsa yo‘q. Oilada har bir a’zo o‘z mavqeiga ega, ota-onalar esa uning tayanchi hisoblanadi.
Ko‘p uchraydigan va deyarli ko‘pchilikni o‘ylantiradigan masalalardan biri – xorijga ishlash uchun ketish holatidir. Albatta, oilani moddiy jihatdan ta’minlash, farzandlar ehtiyojini qondirish ko‘pincha erkak zimmasiga yuklanadi. Biroq oiladan uzoqda mehnat qilish ayrim hollarda er-xotin munosabatlarida kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi, shuningdek, farzandlar tarbiyasida muayyan bo‘shliqlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Har qanday vaziyatda farzand uchun otaning tarbiyasi va onaning mehri, parvarishi muhim hisoblanadi. Ulardan birining bo‘lmasligi farzandlarimizga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Atrof-muhitga nazar tashlasak, bugungi kunda ko‘plab oilalarda erkaklar, ba’zan ayollar ham oilani moddiy jihatdan ta’minlash maqsadida chet elga ishlash uchun ketayotganiga guvoh bo‘lamiz. Afsuski, ayrim hollarda ular turli va’dalarga ishonib, aldanib qolishmoqda.
Masalan, bir tanishimning eri Rossiyaga ishlash niyatida ketgan edi. Dastlab ishi yurishib ketdi, uyiga muntazam ravishda pul yuborib turdi. Biroq vaqt o‘tishi bilan vaziyat o‘zgardi: u uyiga kam keladigan, keyinchalik esa umuman pul yuborishdan to‘xtadi. Natijada qo‘lida to‘rt nafar bolasi bilan qolgan ayol tirikchilik tashvishiga botdi – birovlarning mol-qo‘ylariga qarab, ro‘zg‘or tebratishga majbur bo‘ldi.
Oradan yillar o‘tdi. To‘ng‘ich o‘g‘li maktabni bitirib, davlat granti asosida talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Bu, albatta, ona uchun katta yutuq va umid edi. Biroq besh yil deganda xorijdan qaytgan er katta qarzga botganini aytib, ulardan kechirim va yordam so‘radi. Oila yana og‘ir tanlov qarshisida qoldi. Ona ilojsizlikdan o‘g‘lini ham otasi bilan xorijga ishlashga yuborishga majbur bo‘ldi.
Eng alamlisi, yosh yigitning o‘qishini tashlab ketishi bo‘ldi. Davlat granti asosida qo‘lga kiritilgan imkoniyatdan voz kechish – nafaqat uning shaxsiy kelajagi, balki oilaning ertangi kuni uchun ham katta yo‘qotishdir. Endi bu oilaning keyingi taqdiri qanday kechishi esa noma’lum. Bu kabi holatlar har birimizni chuqur o‘ylantirishi lozim.
Bundan tashqari, bir dugonamning otasi doim ishlash maqsadida chet elda yurardi. Oilada besh qiz va ikki o‘g‘il farzand bor edi. To‘ng‘ich farzand hayotda o‘z o‘rnini topdi, turmushida ham kamchilik yo‘q. Ehtimol, bu uning ma’lum bir davrda ota-ona mehri va nazoratini to‘liq his qilgani bilan bog‘liqdir. Ammo qolgan farzandlar haligacha na oilaviy, na shaxsiy jihatdan to‘liq rivojlana olmayapti. Albatta, ular hech narsadan kam bo‘lmay voyaga yetdi, moddiy tomondan yetarlicha ta’minlandi. Biroq hayot ko‘rsatmoqdaki, pul har doim ham sog‘lom muhit va mustahkam tarbiya o‘rnini bosa olmaydi.
Xorijga ketganlarni bir chetga qo‘yaylik, o‘z uyida yashab turib ham farzandiga vaqt ajratmaydigan ota-onalar ham oz emas. Bugun erta tongda ishga ketib, kechqurun charchab qaytadigan, uyda bo‘lsa ham ishi yoki telefoni bilan band bo‘lib, farzandi bilan suhbatga fursat topolmaydiganlar ko‘paymoqda. Ehtimol, jamiyatda uchrayotgan ayrim kamchiliklar va salbiy holatlarning ildizi ham ana shu befarqlik va e’tiborsizlikka borib taqalar.
Shunday ekan, aziz va hurmatli ota-onalar, farzandlaringizni yolg‘iz qoldirmang. Ularga mehr bering, dardini tinglang, yutuqlarini qo‘llab-quvvatlang, eng muhimi – vaqt ajrating. Chunki farzand uchun eng katta boylik – ota-ona mehri va e’tiboridir. Kelajakni pul emas, tarbiya va mehr barpo etadi. Farzandlarimizning ertangi kunini begona qo‘llarga emas, o‘z qalbimiz va mas’uliyatimizga topshiraylik.
Zahro IBRAGIMOVA,
Nurota tumani.