Soliq idorasi qo‘llanilgan moliyaviy jarima bekor qilindi

Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi tomonidan tumanning Omonboyko‘prik mahallasi Yonoq qishlog‘ida yashovchi fuqaro S.B.ning tuman soliq inspeksiyasi tomonidan asossiz ravishda jarima qo‘llanilganligidan norozi bo‘lgan arizasi ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, S.B.ning farzandi rahbarlik qilayotgan “Bobur halol baliqlari” fermer xo‘jaligiga tuman soliq inspeksiyasining qarori bilan 156 million 465 ming so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
Murojaatni ko‘rib chiqilishi jarayonida fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi davomida amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinmaganligi, moliyaviy jarima qo‘llash haqidagi qarorga asossiz ma’lumotlar kiritilganligi, taxminiy ma’lumotlarga asosan jarima qo‘llanilganligi aniqlangan.

Shu sababli fermer xo‘jaligi manfaatini ko‘zlab Kattaqo‘rg‘on tumani soliq inspeksiyasi xatti-harakatlarini qonunga xilof, deb topish va qo‘llanilgan jarimani bekor qilish majburiyatini yuklash haqida Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo ariza kiritilgan.
Natijada Samarqand tumanlararo ma’muriy sudining hal qiluv qaroriga asosan “Bobur halol baliqlari” fermer xo‘jaligiga tuman soliq inspeksiyasi tomonidan qo‘llanilgan moliyaviy jarima bekor qilinishi ta’minlandi.