AQSh va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishilgani ma’lum qilindi, oldinda - hal qiluvchi uchrashuv
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif AQSh va Eron o‘rtasida kelishuvga erishilganini e’lon qildi. «Qizg‘in muzokaralardan so‘ng AQSh va Eron Islom Respublikasi o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishilganini mamnuniyat bilan ma’lum qilamiz. Kelishuvni rasman imzolash marosimi 19 iyun kuni Shveysariyada bo‘lib o‘tadi», deb yozdi Pokiston bosh vaziri.
Eron TIV rahbariyati ham memorandum matni tayyor bo‘lganini tasdiqladi va yaqin orada AQSh bilan kelishuv bo‘yicha bayonot berishi kutilmoqda.
Kelishuvning asosiy bandi — barcha frontlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni zudlik bilan va doimiy to‘xtatishdir. Shuningdek, AQSh Eronning suverenitetini hurmat qilish va ichki ishlariga aralashmaslik majburiyatini oladi.
Kelishuvning asosiy shartlari orasida barcha frontlarda o‘t ochishni to‘xtatish, AQShning Eronga qarshi dengiz blokadasini bekor qilishi, Hurmo‘z bo‘g‘ozini qayta ochish va Eronning muzlatilgan mablag‘larini bosqichma-bosqich ozod qilish kabi bandlar bor. Shuningdek, tomonlar yadroviy dastur bo‘yicha alohida yakuniy kelishuv ustida muzokaralarni davom ettirishi kerak.
Tomonlar 60 kun ichida yadroviy masala bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish uchun muzokaralarni davom ettiradi. Eron yadroviy qurol ustida ishlamaslik majburiyatini tasdiqlaydi, AQSh esa yangi sanksiyalar joriy etmaslik va mintaqadagi harbiy ishtirokini kengaytirmaslikni va’da qiladi.
Loyihada, shuningdek, Eron iqtisodiyotini tiklash uchun kamida 300 milliard dollarlik dastur tayyorlash, kelishuv ijrosini nazorat qiluvchi mexanizm yaratish va yakuniy hujjatni BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyusiyasi bilan tasdiqlash nazarda tutilgan.
Kelishuv tuzilgani haqida Prezident Donald Tramp ham ma’lum qildi va dengiz blokadasini bekor qilish, Hurmo‘z bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini tiklash bo‘yicha ko‘rsatma berganini bildirdi.
Kecha Tehronda Qatar vositachiligida o‘tgan 17 soatlik muzokaralar yakunlanganidan so‘ng AQSh va Eron kelishuvni imzolash bosqichiga o‘tadi. Manbalarga ko‘ra, tomonlar bundan avval Doxada tayyorlov uchrashuvlarini o‘tkazadi, rasmiy imzolash marosimi esa 19 iyun kuni Jenevada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Imzolash marosimida Eron nomidan parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof va tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, AQSh tomonidan esa vitse-prezident Jey Di Vens ishtirok etishi kutilmoqda.
Agar marosim o‘tkazilsa, bu Vashington va Tehron o‘rtasida so‘nggi 47 yildagi eng yuqori darajadagi uchrashuvlardan biri bo‘ladi.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.