Amir Temur qabridan topilgan tobutpo‘sh Sohibqironning jangovar bayrog‘imi?

Tobutpo‘sh qadimdan dafn marosimlarida qo‘llanilib, marhumni hurmat-ehtirom bilan oxiratga kuzatish maqsadida tobut ustiga yopilgan maxsus mato hisoblangan. 

Islom dini tarqalishi bilan tobutpo‘sh ma’naviy va diniy mazmun kasb etib, poklik, ehtirom hamda oxiratga hozirlik ramzi sifatida qabul qilingan. Bezagi va kim uchun ishlatilishiga qarab oddiy, diniy yozuvli, bezakli, maxsus hamda mahalliy urf-odatlarga xos turlari shakllangan.

1941-yilning 19-iyun kuni Sohibqiron Amir Temur qabri ilk bor ochilganida, uning jasadi archadan ishlangan tobutga solib dafn etilgani aniqlanadi. Tobut usti qoramtir ko‘kish rangli gazlamadan tayyorlangan tobutpo‘sh bilan yopilgan bo‘lib, tobutning o‘zi qoramtir rangda, baquvvat va silliqlangan taxtalardan yasalgan, alohida qopqoqqa ega bo‘lgan. Tobut qopqog‘i ustida ikki qismdan iborat gazlama parchalari topilgan.

 Ushbu gazlamaning bosh qismida oltin iplar bilan ishlangan naqshlar saqlanib qolgan. Biroq qabrni suv bosgani sabab gazlama yomon saqlangan, chirigan holatda bo‘lgani uchun naqshning to‘liq ko‘rinishini tiklash imkoni bo‘lmagan. Shu bilan birga, gazlamaning ipakdan nafis qilib to‘qilgani, uning o‘rta qismida esa oltin iplar bilan arabcha imloda bitilgan yozuvlar mavjudligi aniqlangan.

Ehtimol mazkur yozuvlar Qur’on oyatlaridan iborat bo‘lgan, ammo gazlamaning butun holda saqlanmagani yozuvlar ma’nosini aniqlashga imkon bermagan. Arxeolog V.Shishkinning taxminiga ko‘ra, Amir Temur tobuti ustiga yopilgan mazkur gazlama qandaydir avliyoning qabri ustidan olingan yoki Ka’badan olib kelingan bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, Ka’ba ustiga yopiladigan ulkan choyshab har yili yangilanib, eskisi esa tumor yoki muqaddas yodgorlik sifatida hojilarga tarqatilgan. Shu bois mazkur gazlamaning kelib chiqishi ham muqaddas manba bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. 

1941 yilning 16-24 iyun kunlari ekspeditsiya tomonidan Amir Temur maqbarasidagi qabrlar birin-ketin ochiladi. Qazishmalar yakunlanib, qabrlardan chiqarib olingan Amir Temur, Mironshoh, Shohruh, Ulug‘bek va Muhammad Sultonlarning suyaklari maxsus qutilarga joylanib, Toshkentga olib ketiladi. Amir Temur maqbarasidan qazib olingan suyaklar ilmiy jihatdan o‘rganib bo‘lingach, 1942 yilning oxirlariga kelib, qaytadan o‘z joyiga dafn etiladi. Lekin tobut bilan birga, qabrlardan olingan ko‘pgina narsalar, gazlamalar, Mirzo Ulug‘bekning liboslari, marhumlarning mo‘miyolangan tana a’zolari, kafanlar, soch-soqollari qayta o‘z joyiga qo‘yilmagani bois Samarqand muzeyida saqlanadi. 

Jumladan, Sohibqiron tobutining qopqog‘i va tobut ustiga yopilgan gazlama bo‘lagi ham. Aynan qabr ochilgan paytda ekspeditsiya rahbari bo‘lgan  Toshmuhammad Qori-Niyoziy (1897-1970) jurnalistlarga bergan intervyusida tobut ustiga yopilgan mato qoldiqlari Sohibqiron Amir Temurning jangovar bayrog‘i bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ham ilgari surgan. Qayd etilishicha, tobut ustiga yopilgan gazlama qora rangda bo‘lib, ipakdan to‘qilgan va tobut qopqog‘ini butunlay qoplab turgan.  

Amir Temur qabri ochilganida tobut qabrdan chiqarilgach, qayta dafn etishga yaroqsiz bo‘lgani uchun qaytarib joyiga qo‘yilmagan. Keyinchalik restavratsiya qilinib “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasiga topshirilgan va uzoq muddatda muzey saqlangan. Hozirda Sohibqironning jasadi solingan yog‘och tobut va uning ustiga yopilgan tobutpo‘sh Amir Temur maqbarasiga olib kelinib, maxsus himoya tizimi bilan jihozlangan holda zamonaviy vitrinada o‘rnatilgan.

To‘lqin BO‘RIYeV,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarix bo‘limi boshlig‘i.