Davlat xizmati: eski stereotiplar yemirilgan, raqamlar “gapiradigan” davr

Bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimi nafaqat O‘zbekistonning, balki butun mintaqaning eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzularidan biriga aylandi. "Davlat ishiga kirish qiyin", "Tanish-bilishsiz iloj yo‘q", "Hujjatbozlikdan boshing chiqmaydi" degan gaplar hali-hamon odamlar orasida yuribdi. Ammo reallik qanday?

Ushbu savollarga javob topish uchun boshqaruv samaradorligi agentligi Samarqand filiali boshlig‘i Azizbek IBRAGIMOV bilan suhbatlashdik.

- Aziz aka, suhbatimizni eng dolzarb yangilikdan boshlasak. Ko‘pchilik o‘rganib qolgan portal nomi o‘zgardi. Bu shunchaki texnik o‘zgarishmi yoki uning tagida kattaroq ma’no bormi?

- Savolingiz o‘rinli. Avvalo, bir muhim jihatni ta’kidlashim kerak: Prezidentimizning PF-243-sonli farmoniga muvofiq, 2026-yilning 1-martidan e’tiboran davlat xizmatidagi bo‘sh ish o‘rinlari portali yangi manzilga — vacancy.gov.uz domeniga to‘liq o‘tkazildi.

Bu shunchaki saytning nomi o‘zgarishi emas. Bu — davlatning "gov.uz" segmentidagi rasmiy va keskin huquqiy oqibatlarga ega bo‘lgan platformasiga aylanganini bildiradi. Ko‘pchilik bizdan so‘raydi: "Shu saytning HeadHunter yoki OLX kabi xususiy rekruting saytlaridan nima farqi bor?"

Xususiy sektorda ish beruvchining kayfiyati hal qiluvchi rol o‘ynaydi. U sizning rezyumengizni ko‘rib, "Bu yigitning ko‘zi menga yoqmadi" deb chetga surib qo‘yishi mumkin. Bizning tizimda esa inson omili minimallashtirilgan. Bu yerda har bir ariza, har bir test natijasi va har bir suhbat bali avtomatik tarzda qayd etiladi. Uni hech kim o‘chirib yubora olmaydi yoki tahrir qila olmaydi.

- Raqamlarga to‘xtalsak. Tizim qanchalik ommalashdi?

- Keling, 2025-yilgi statistik faktlarni tahlil qilaylik. Birgina o‘tgan yilning o‘zida portal orqali 3964 ta ochiq tanlov e’lon qilindi. Ushbu tanlovlarda qatnashish istagini bildirganlar soni esa hayratlanarli — 118647 nafar nomzod. Tasavvur qilyapsizmi, bu naqadar katta raqam? Shundan 48 ming 499 nafari Davlat test markazida test topshirdi. Yakunda 1737 nafar eng bilimli, eng salohiyatli yoshlar va mutaxassislar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilindi.

Bugungi kunda tizim nafaqat hokimliklar yoki vazirliklarni, balki butun sog‘liqni saqlash tizimini ham qamrab oldi. Hozir birorta tibbiyot xodimi portalsiz, ochiq tanlovsiz ishga olinmaydi. Bu tizimning muqobili yo‘qligidan dalolat beradi.

- Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p beriladigan savol: "Oliygohni bitirdim, lekin hamma joyda 2-3 yillik staj so‘rashyapti. Davlat ishiga qanday kiraman?" Bu muammo qachon yechiladi?

- Boshqaruv samaradorligi agentligi muntazam ravishda fuqarolarning taklif va e’tirozlarini o‘rganib boradi. Biz hamma narsani ko‘rib-bilib turibmiz. Shu sababli hozir juda katta islohot ketmoqda. Barcha vazirlik va idoralarda hududiy hamda tuman darajasidagi boshlang‘ich lavozimlar uchun malaka talablari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Endilikda quyi bo‘g‘in lavozimlari (mutaxassis darajasi) uchun ish staji talab qilinmaydi.

Masalan, siz mahallada yoshlar yetakchisi bo‘lmoqchimisiz? Yoki tuman hokimligi, soliq, adliya idoralariga oddiy mutaxassis bo‘lib kirmoqchimisiz? Sizdan hech kim "3 yillik staj qani?" deb so‘ramaydi. Sizdan faqat bilim va diplom talab qilinadi.

- Ish qidirib yurgan nomzod uchun yana qanday yengilliklar bor?

- PF-243-sonli farmon bilan joriy yil 1 martdan boshlab yangi funksiya ishga tushdi. Endi fuqarolar portalda xuddi xususiy sektordagidek "ish qidiruvchi" maqomida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Siz o‘z rezyumengizni, kutayotgan ish haqingizni va mutaxassisligingizni tizimga kiritib qo‘yasiz. Ish beruvchining o‘zi sizga taklif bilan chiqishi mumkin bo‘ladigan muhit yaratilyapti.

Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam uchun katta imtiyoz bor. Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlar oliygohni tugatgach, 3 yil ichida birinchi marta ishga kirayotgan bo‘lsa, ular tanlovsiz (imtihonsiz) ishga qabul qilinishi qonunan kafolatlangan (PF-95). Bu davlatning yoshlarga ko‘rsatayotgan eng katta g‘amxo‘rligi.

- Ko‘pchilik aytadi: "Testdan o‘tish mumkin, lekin suhbatda baribir rahbar o‘zi istagan odamni olib qoladi". Shu gapda jon bormi?

- Keling, ochiq gaplashamiz. Bu fikrlar 5-6 yil oldingi eski qarashlar, ya’ni stereotiplar. Hozirgi tizimda rahbarning xohish-irodasi devor bilan to‘silgan. Nima uchun?

Birinchidan, hujjatbozlik yo‘q. Ilgari "kadr"ga yalinib, 15 xil hujjat bilan qatnardingiz. Hozir hammasi portalda. Sizni kimdir "hujjating kam ekan" deb qaytarib yuborolmaydi.

Ikkinchidan, videoyozuv. Har bir suhbat boshidan oxirigacha audio va videoga olinadi. Bu yozuvlar 6 oy davomida arxivda saqlanadi. Agar nomzod adolatsizlik sezsa, shu video asosida shikoyat qilishi mumkin.

Uchinchidan, baholash tizimi. Komissiya a’zolari bir-biridan mustaqil ravishda o‘z planshetlari orqali ball qo‘yishadi. Ular o‘zaro kelishib ololmaydi. Agar nomzod 56 baldan yuqori olib, reytingda birinchi bo‘lsa, rahbar uni ishga olishga majbur.

- Savollar-chi? Rahbar ataylab qiyin savol berib yiqitishi mumkinmi?

- Yo‘q, buning ham yechimi topilgan. Portalda "Suhbat savollari" bo‘limi ochilgan. Idoralar o‘z sohasiga oid savollarni oldindan yuklab qo‘yadi. Eng muhimi — suhbat paytida savolni kompyuterning o‘zi "random" (tasodifiy) tanlab beradi. Komissiya a’zosi "kayfiyatiga qarab" savol berish huquqidan mahrum qilingan.

Hatto tayyorgarlik ko‘rish uchun "demo-test" imkoniyati bor. Siz uyda o‘tirib, xuddi imtihondagidek o‘zingizni sinab ko‘rishingiz va qaysi sohada bilimingiz kamligini aniqlashingiz mumkin.

- Davlat xizmatida ishlayotgan xodimlar uchun nima o‘zgardi? HRM tizimi nima beradi?

- hrm.gov.uz (Inson resurslarini boshqarish) tizimi — bu davlat apparatining "miyasi" demakdir. Vazirlar Mahkamasining 492-sonli qarori bilan endilikda barcha ichki hujjatlar — ishga olish, ta’til, xizmat safari, mukofotlash — faqat elektron shaklda, ERI (elektron raqamli imzo) orqali amalga oshiriladi.

Bu nima degani? Bu "orqa sana" bilan buyruq chiqarish, qaysidir xodimning hujjatini ataylab "papka ostiga" yashirib qo‘yish davri tugaganini anglatadi. Tizim uchta yirik bazaga ulangan:

  • YMMT (mehnat staji uchun);
  • UzASBO (oylik va mukofotlarni kechiktirmasdan to‘lash uchun);
  • yedo.ijro.uz (ijro intizomi uchun).

Endi rahbar o‘z xodimining buyrug‘ini "ushlab turolmaydi". Tizimda buyruq chiqdimi — demak, u avtomatik ravishda moliya va mehnat vazirligiga yetib boradi.

- Bu tizim xodimning karerasiga qanday ta’sir qiladi?

- Eng muhim nuqta shu yerda! Har bir xodimning "Raqamli qiyofasi" yaratildi. Ilgari sizning qanday ishlayotganingizni faqat rahbaringiz bilardi. Agar rahbar almashsa, siz yana "nol"dan boshlashga majbur edingiz.

Hozir esa sizning erishgan yutuqlaringiz, o‘tgan malaka oshirish kurslaringiz, KPI ko‘rsatkichlaringiz tizimda saqlanib qoladi. Agar siz chekka bir tumanda juda yaxshi natija ko‘rsatsangiz, tizim sizni avtomatik ravishda **"Salohiyatli kadrlar zaxirasi"**ga qo‘shadi. Sizni respublika darajasida ko‘rishadi va yuqori lavozimga taklif qilishadi. Bunda mahalliy rahbar "yo‘l bermasligi"ning iloji yo‘q.

- Agentlik faqat nazorat qiladimi yoki xodimlarni himoya ham qiladimi?

- Albatta, himoya qiladi. 2025-yil va 2026-yilning birinchi choragida qilingan ishlarga qarang:

  • 37 ta monitoring va 3 ta kompleks o‘rganish o‘tkazildi;
  • 32 ta taqdimnoma kiritilib, 38 nafar xodimning buzilgan huquqlari tiklandi;
  • nogironligi bo‘lgan 37 nafar xodimning mehnat sharoitlari (qisqartirilgan ish vaqti va ta’til) bo‘yicha imtiyozlari tiklab berildi.

Eng muhimi, biz xodimlarning sog‘lig‘iga ham qarayapmiz. Viloyatda 1 512 nafar davlat xizmatchisi profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va kasallik aniqlangan 38 nafarini davolatish choralari ko‘rildi.

- Viloyatdagi bir qator tumanlarda boshqaruv tizimi o‘zgaryapti. Bu nima beradi?

- Prezidentimizning PF-186-sonli farmoniga asosan, Samarqand viloyatidagi 4 ta tuman (Bulung‘ur, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on va Payariq) tajriba-sinov hududi sifatida tanlangan. Bu yerda "vazifa — funksiya — resurs — javobgarlik" zanjiri joriy etilmoqda.

Endi rahbarlar bir joyda "ildiz otib" qolmaydi. Tuman bo‘linmalari rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari har 5 yilda majburiy rotatsiya qilinadi. Mahallalardagi xotin-qizlar faollari va yoshlar yetakchilari ham endi hokimlik tuzilmasiga to‘liq o‘tkazildi. Bu vertikal boshqaruvni kuchaytiradi.

- Suhbatimiz so‘ngida nomzodlarga va yoshlarga nima degan bo‘lardingiz?

- Bitta gap: davlat boshqaruvi tizimida qaytmas nuqtadan o‘tildi. Endi tizim eskicha, yopiq va byurokratik idora emas. U katta, ochiq va natijaga asoslangan korporatsiyaga aylandi.

Davlat eshiklarni ochdi, imtihonlarni shaffof qildi, savollarni oldindan e’lon qildi. Endigi navbat nomzodlarning o‘zida. Faqat bilim va o‘z ustida ishlashgina sizga muvaffaqiyat keltiradi. "Tanish-bilish" qidirib vaqt sarflamang, yaxshisi portalga kirib, "demo-test" yeching va o‘z kelajagingizni o‘z qo‘lingiz bilan quring!

Yo.MARQAEV suhbatlashdi.