“Karera kuni” — bitiruvchilar uchun imkoniyatlar maydoni
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida talaba va bitiruvchilar bandligini ta’minlashga qaratilgan “Karera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Yarmarkada arxitektura, shaharsozlik va qurilish yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan 60 dan ortiq yirik kompaniya, korxona va tashkilotlar ishtirok etdi. Ular tomonidan 1200 dan ziyod vakant ish o‘rinlari taqdim etildi. Shuningdek, texnikum, kollej va litsey bitiruvchilari ham faol qatnashib, tadbir yoshlar uchun keng qamrovli platformaga aylandi.
Xususan, Samarqand shahar Bandlik agentligi 760 ta, Nurobod tumani 140 ta, Past Darg‘om tumani 110 ta, Narpay tumani 38 ta vakant ish o‘rni bilan qatnashdi. Bundan tashqari, qurilish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yirik korxonalar ham o‘z takliflarini bildirdi.
Tadbirda 600 nafarga yaqin bitiruvchi talaba ishtirok etib, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot olib bordi. Ushbu uchrashuvlar natijasida 80 nafarga yaqin yoshlar suhbat jarayonida o‘z qiziqishlarini bildirgan bo‘lsa, ularning 55 nafari turli shakldagi uch tomonlama shartnomalarni imzolashga erishdi. Jumladan, 29 nafar bitiruvchi rezyume topshirgan, 17 nafari sinov muddati asosida ishga qabul qilingan, 9 nafari esa to‘liq ish bilan ta’minlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yilida universitetni qariyb 1700 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Ta’kidlanganidek, oliygohda tayyorlanayotgan mutaxassislar nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllanmoqda.
“Karera kuni” nafaqat bo‘sh ish o‘rinlari taqdimoti, balki ish beruvchilar va yosh mutaxassislar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi. Bunday tadbirlar yoshlarning kasbiy yo‘nalishini aniqlash, ularni amaliy tajriba bilan bog‘lash hamda bandlik darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.