Bir oyda 350 ta oila yarashtirildi
- Men u bilan yashamayman! - shart kesdi yigit bir guruh faollarning ichida (ular orasida viloyat tashkiloti rahbarlari ham bor edi). – Men unga juda ko‘p imkon berdim, lekin u aytganimday bo‘lmadi. Ota-onamning xizmatini qilmagan ayol bilan yashashni istamayman.
Faollar unga barchasini obdon tushuntirishdi, ikki nafar farzandi bor yigit bunday mas’uliyatsizlik qilishi farzandlar taqdirida albatta aks etishi va bu ta’sir ijobiy bo‘lmasligi haqida aytishdi.
- Siz onangiz istagan kelin topilgunicha qayta-qayta uylanaverasizmi?!
- Farzandlaringizning ota-ona bilan, chiroyli oila sifatida ulg‘ayishini nahotki istamasangiz...Axir ularning ko‘z yoshi uvolidan qo‘rqmaysizmi?
Xullas, u deyishsa, bu deydi, bu deyishsa, u dedi. Kelinchak bir og‘iz gap qaytarmadi, tilidan “kechiring” degan so‘z tushmadi. “Kechiring, endi siz istaganday bo‘lishga harakat qilaman”, deyaverdi. Yigit onamga yoqmayapsan deyishdan nariga o‘tmadi.
Qiziq, mana shu kabi sabablar bilan ajrashib, bolasini hayotning o‘zaniga tashlab qo‘ymoqchi bo‘lgan otalar qancha? Onalar-chi? Qaynona, qaynotalar-chi?
Bugun ajralishlar soni keskin o‘sib borayotgani sabablari nimada? Oilaga befarq munosabat, bu bo‘lmasa, boshqasi degan tushunchani ularning ongiga kim singdirdi o‘zi?
“Jamoatchilik ovozi” qanday samara berdi?
Mamlakatimiz rahbari tomonidan mart oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan vazifalar belgilab berilgan edi. Xususan, 2025-yilda birgina aliment undirish bilan bog‘liq murojaatlar soni 70 mingni tashkil qilgan va ularning 30 foizi hal etilmasdan qolgan.
Samarqand tajribasi asosida “Jamoatchilik ovozi” guruhi tashkil etilib, uning a’zolari tomonidan ushbu raqamlarning oldini olish, oiladagi nizolar sababini o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borildi.
- Viloyatimizda 66 nafar faollardan iborat mazkur guruhning joylardagi vakillari, ya’ni har bir tumanda 49 nafar fidoyi insonlar jam bo‘lib, joylarda o‘rganishlar olib bordi, - deydi viloyat “Jamoatchilik ovozi” guruhi rahbari, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari Shuhrat NEGMATOV. – Mahalla faollarini ham hisobga oladigan bo‘lsak, viloyat bo‘yicha 25 ming nafar kishi mushtni bir joyga tugib, mahalla, qishloqlarga bordik, oilaviy nizolar sababini o‘rgandik. Ajralishga sabab bo‘lmagan, turli “dedi-dedi”lar bilan o‘z oilaviy hayoti buzilishiga sababchi bo‘layotganlar bilan dildan suhbatlashildi. Natijada bir oyning ichida 350 dan ziyod oila yarashtirildi. 560 nafar bola o‘z oilaviy muhitiga qaytarildi.
- Har qanday oilaviy ajrimdan eng avvalo, farzandlar aziyat chekadi, - deydi viloyat “Oqila ayollar” harakati rahbari Jamila SAYFIDDINOVA. - Afsuski, bolajonlarning bunday aziyat chekishi shunchaki qolib ketmaydi, u albatta, qayerdadir o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. “Oqila ayollar” harakati a’zolari bilan hamkorlikda joylarda targ‘ibot tadbirlarida qatnashar ekanmiz, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi muammolar aksariyat hollarda to‘liq bo‘lmagan oilada ulg‘aygan farzandlar o‘rtasida sodir bo‘layotganini kuzatamiz. Hech kim farzandi yomon yo‘lga yurishi, turli nojo‘ya ta’sirlarga berilishini istamaydi. Ammo bolalar yosh paytda bunday muammolar bilinmaydi. Ota-ona esa mas’uliyatni to‘liq bo‘yniga olgan holda ish ko‘rish o‘rniga mayda gap-so‘zlar bilan ovora bo‘lib qolmoqda. Joylarda o‘rganishlar davomida shu narsa ayon bo‘lyaptiki, yoshlarning oilaga tayyor emasligi, ko‘p masalalar bo‘yicha uzoqni o‘ylamay ish tutayotgani oila atalmish muqaddas maskanga darz yetkazyapti, qadriyatlarimiz yemirilib boryapti.
Biz kimni aldayapmiz?
- To‘g‘risini aytsam, Payariq tumanida ro‘y bergan ushbu voqea tafsiloti, aniqrog‘i, qaynonaning yarashmoqchi bo‘lgan kelin-kuyovga bo‘lgan munosabatini eshitgandan buyon yuragimning bir chekkasiga og‘riq kirdi, - deydi “Jamoatchilik ovozi” guruhi a’zosi Farmon TOShEV. - Nahotki biz o‘z farzandlari ahdu vafosini chaqaga olmaydigan shunday ayollar borligini bilmaganmiz. Nahotki biz bu toifa qaynonaga ham boshqa xotin-qizlar kabi hurmat ko‘rsatishimiz kerak.
Er-xotin o‘rtada ikki nafar bola bo‘lishiga qaramasdan, arzimagan tortishuv sabab bir-biridan arazlab qoladi. Er na bag‘rikenglik ko‘rsatadi, na boshqa chora ko‘radi, onasiga arz-dod qiladi. Ona esa ularni kelishtirib qo‘yish o‘rniga kelinga ortiqcha iddaolar qiladi. To‘g‘ri topdingiz, hammamiz ko‘rib yurgan holat: kelin ikki bolasi bilan otasinikiga boradi.
Men bir narsaga hayronman. Ikki yil ichida na tuman xotin-qizlari vakili, na mahalla bu janjalga aralashmaydi, qaynonani insofga chaqirmaydi, «menga nima» qabilida ish tutadi. Chunki bizda bunday mas’uliyatsizlik uchun aniq javobgarlik belgilanmagan. Faqat bu holga Toshkent va Samarqanddan tegishli tashkilotlar aralashgandan keyingina tumandagilar g‘imirlab qolishdi.
Xullas, jamoatchilik vakillari tushuntirgandan so‘ng kelin-kuyov birga yashashga, yarashishga qaror qilishdi. Ammo qaynona boshqacha fikrda.
- Men bu kelinni hovlimga qo‘ymayman. Ana, o‘g‘lim rozi bo‘lsa, boshqa yerda yashab ko‘rsin!
Ana shu so‘z, ana shu nuqtai nazar, tabiiyki, har bir odamning yuragiga muzdek tegadi. Kelin bilan yashamasmish! Kelin unga xizmat qila olmas emish. Qaynona uchun o‘g‘lining, qizining baxti muhimmi yoki butun dunyoni o‘zining fe’liga bo‘ysundirishimi, fe’lining qasdimi?!
Tabiiyki, oilaviy masalalarda har bir insonning o‘z nuqtai nazari bo‘lishi va shundan so‘nggina oila qurish, bu mas’uliyatni zimmasiga olish lozim. Ammo bugun barcha ham shu mas’ullikni bo‘yniga olib turmush quryaptimi? Bu haqda uzoq yillardan beri aytib kelinmoqda. Unga yechim sifatida FHDY bo‘limlari qoshida “Yosh oila quruvchilar maktabi” tashkil etilib, o‘quv jarayonlari o‘tkazilishi boshlangan bo‘lsa-da bir avjiga chiqib, yana susayib qolgan ushbu maktablar faoliyati ham samara bermayapti. To‘g‘rirog‘i, ularning faoliyati rivojlantirilmadi, ba’zilari nomigagina tashkil etildi, xolos.
Umid qilamizki, “Jamoatchilik ovozi” faqat bir necha oy emas, doimiy ishlaydigan harakatga aylanadi va ta’bir joiz bo‘lsa, barcha tegishli tashkilotlarni bu borada uyg‘oqlikka chorlab turuvchi kuchga aylanadi.
Gulruh MO‘MINOVA.