Imzo ortidagi taqdir: Samarqandda adolat qanday tiklandi?
Qog‘ozdagi birgina buyruq ba’zan inson hayotini ikkiga bo‘lib yuboradi: “ishdan oldin” va “ishdan keyin”. Samarqandda ko‘rilgan ushbu mehnat nizosi ham ana shunday sinovlardan biri bo‘ldi.
Tortishuv markazida lavozim emas - mehnat, sha’n va or-nomus turardi. Da’vogar Sherbek Olimov (ism-familiya o‘zgartirilgan), javobgar esa - Samarqand viloyat soliq boshqarmasi.
2024 yil 17 yanvardagi buyruq bilan Sh.Olimov tuman soliq inspeksiyasi kameral tekshiruvlar sho‘basi davlat soliq bosh inspektori lavozimidan bo‘shatildi. Hujjatda “mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish” degan jumla bor edi. Qonun moddalari keltirilgan, rasmiy iboralar joy-joyiga qo‘yilgan. Hammasi to‘g‘ridek.
Ammo rasmiylik har doim ham adolat emas.
Sherbek Olimov o‘zini aybdor deb bilmadi. Uningcha, intizomiy jazo qo‘llashda ham, buyruq chiqarishda ham qonun talablari buzilgan. Shu bois u sudga murojaat qildi.
Birinchi instansiya da’voni “muddat o‘tgan” degan vaj bilan rad etdi.
Go‘yo eshik yopilgandek edi. Ammo u adolat izlashdan to‘xtamadi.
Kassatsiya instansiyasi ishni sinchiklab o‘rgandi. Buyruq nusxasi haqiqatan ham xodimga topshirilganmi? Tilxatning asli qayerda? Nega hujjat boshqa manzilga yuborilgan? Nima uchun xizmat tekshiruvi yakunlanganidan keyin qonun belgilagan bir oylik muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-da, buyruq kechiktirib chiqarilgan?
Savollar ko‘p edi. Javoblar esa ish beruvchi foydasiga emasdi.
Ma’lum bo‘ldiki, buyruq nusxasi topshirilganini tasdiqlovchi ishonchli dalil mavjud emas. Yuborilgan manzil noto‘g‘ri. Eng muhimi, intizomiy jazo belgilangan muddatda qo‘llanmagan. Buyruqda qonun talab qilgan aniq asoslar ham to‘liq ko‘rsatilmagan.
Bir qarashda “texnik xato”dek tuyulgan holatlar aslida qonunning qo‘pol buzilishi edi.
Kassatsiya ajrimi bilan birinchi instansiya qarori bekor qilindi. Buyruqning Olimovga oid qismi g‘ayriqonuniy deb topildi. U avvalgi lavozimiga tiklandi. Majburiy progul vaqti uchun 93.704.874 so‘m ish haqi undirish belgilandi.
Bu faqat bir insonning ishga qaytishi emas. Bu - qonun ustuvorligining amaliy ifodasi. Davlat organi ham, xususiy tashkilot ham qonundan ustun emas. Intizomiy jazo faqat belgilangan muddat va tartibga rioya etilgandagina qonuniy kuchga ega bo‘ladi.
Sherbek Olimov uchun bu qaror - mehnatining qadri tiklangan kun. Jamiyat uchun esa - huquqlar qog‘ozda emas, amalda himoya qilinishiga yana bir ishonch. Chunki adolat - oddiy so‘z emas, u inson taqdirini o‘z iziga qaytaradigan kuchdir.
Feruz KARIMOV,
Samarqand viloyat sudining sudyasi