Futbol, U-17 - O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Panamaga qarshi: G‘alaba yoki durang pley-off yo‘lini ochadi

Bugun guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvda O‘zbekiston U-17 termasi Panama yoshlariga qarshi maydonga tushadi.

Xo‘sh, bu o‘yin natijasida bizni nima kutmoqda?

G‘alaba. Bizni 100 foiz guruhdan olib chiqadi. Yoki 1, yoki 2, yoki 3-o‘rin bilan. Ha, biz hatto g‘alaba qozonsak ham, 6 ochko bilan guruhda 3-o‘rinni olishimiz mumkin. Buning uchun Paragvay Irlandiyani 3:2, 4:3 kabi hisoblar bilan yutishi kerak bo‘ladi.

Durang. Bizni 100 foiz guruhdan olib chiqadi. Yoki 2, yoki 3-o‘rin bilan. Paragvay durang o‘ynasa yoki yutqazsa, 2-o‘rinni olamiz. Agar Paragvay yutsa, unda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 3-o‘rin sifatida pley-off bosqichiga chiqamiz. Chunki 8 ta guruhda barcha o‘yinlar tugab bo‘ldi va 6 ta guruhdagi 3-o‘rinni jamoalar 4 ochkodan kam to‘plagan. Bu degani, durang bizni 100 foiz guruhdan olib chiqadi, lekin keyingi bosqichda kuchliroq raqibga ro‘baro‘ bo‘lishimiz mumkin.

Mag‘lubiyat. Ahvolimiz og‘irlashadi, lekin nazariy jihatdan yoki 2, yoki 3-o‘rin bilan guruhdan chiqishimiz ham mumkin. Bu Paragvay-Irlandiya o‘yiniga bog‘liq bo‘ladi. Agar Paragvay yutqazsa, bizda imkon bo‘ladi, agar durang yoki g‘alaba qozonsa, unda biz guruhda 4-o‘rin bilan turnirni tark etamiz.

O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 18:30 da boshlanadi.

Yigitlarimizga omad!