Sanoat salohiyati samaralari oshayotgan hajm, yaratilayotgan ish o‘rnida aks etadi
O‘tgan yil viloyatimiz yalpi hududiy mahsuloti 8 foizga o‘sib, 121,5 trillion so‘mga yetkazildi. Ishsizlik darajasi yil boshidagi 5,4 foizdan 4,5 foizga, kambag‘allik darajasi 7,7 foizdan 6,1 foizga tushirildi.
Jami 2,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilib, qiymati 490 million dollarlik 18 ta yirik va muhim loyihalar ishga tushirildi. Yana bir muhim tomoni, 1342 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
O‘tgan yilda 75 ta davlatga 1 milliard dollarlik (o‘sish 128 foiz) 196 turdagi mahsulot eksport qilindi. Mahsulotlarimiz ilk marotaba V’yetnam, Misr, Marokash, Ekvador, Argentina va Chili kabi davlatlarga kirib bordi.
Albatta, joriy yilda viloyat iqtisodiyotini yanada barqarorlashtirish bo‘yicha katta marra olganmiz. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,2 foizga o‘sishi ta’minlanadi.
Birgina sanoat hajmini 108,6 foizga o‘sishini ta’minlash uchun yirik, o‘rta va kichik loyihalarni amalga oshirish orqali qo‘shimcha hajm yaratamiz. Xususan, 2026-2027-yillarda qiymati 24,3 trillion so‘mlik 116 ta, sanoat loyihalarini ishga tushirib, 16 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Hududlarning solishtirma ustunligidan kelib chiqib, 1,4 trillion so‘mlik 90 ta yirik va o‘rta drayver loyihalar ishga tushiriladi.
Misol uchun, Bulung‘ur tumanida “Yangi Osiyo Xalqaro Biofarmasevtika” xorijiy korxonasi tomonidan qiymati 100 million dollarlik tibbiy biopreparatlar ishlab chiqarish loyihasida 200 milliard so‘mlik hajm hamda 300 ta ish o‘rni yaratiladi.
Samarqand shahridagi "PRIME CERAMICS" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 4,18 million kvadrat metr yangi turdagi keramik plitalar ishlab chiqarish hisobidan 350 milliard so‘mlik qo‘shimcha sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, soyada turgan 750 ta hajmini kam ko‘rsatgan yoki hajm ko‘rsatmagan korxonalar bilan ishlab, qo‘shimcha 2 trillion so‘m hajm olamiz.
Misol uchun, Urgutdagi “Plus Carpet” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi 518 ming.kVt elektr energiyasi iste’mol qilib, hisobotlarda hajm ko‘rsatmagan. Ushbu korxonani soyadan chiqarish orqali 18 milliard so‘mlik hajm yaratiladi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida “Burqut Progres” mas’uliyati cheklangan jamiyati poletelin qop ishlab chiqaradi. Korxonaning asosiy yo‘nalishi savdo bo‘lganligi sababli ishlab chiqarishda hajm ko‘rsatmagan. Ushbu korxonani soyadan chiqarish hisobiga qo‘shimcha 15 milliard so‘mlik hajm paydo bo‘ladi.
2025-yil yakuni bilan 74 ta yirik va 724 ta kichik korxonalarning statiktika hisobotlari tahlil qilinganda, 12 tasi “0” hajm topshirgan va 51 tasi ishlab chiqarish hajmini kamaytirgan. O‘rganish davomida 35 tasida mahsulot realizatsiyasi, 21 tasida elektr ta’minotida muammolar va 4 tasida aylanma mablag‘ga ehtiyoji borligi aniqlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, birgina yanvar oyida 147 ta korxonadagi 158 ta muammoli masala hal etildi. Misol uchun, Samarqand shahridagi “Samarqand- England Eco-Medical” qo‘shma korxonasi tomonidan yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha 8,5 million dollar kredit olish masalasi ijobiy yechim topdi.
Joriy yilda sanoat zonalarida qiymati 87 million dollarlik 12 ta yangi loyihani ishga tushirish hisobiga qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik hajm yaratiladi.
Misol uchun, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Nurobod tumanidagi “Sazag‘on” massivida “Platinum Metal Industry” qo‘shma korxonasi tomonidan 13 million dollarlik armatura ishlab chiqarish loyihasi joriy yilning 3-choragida ishga tushiriladi. Bu yerda yiliga 95 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi hamda 80 ta yangi ish o‘rni ochiladi.
Bundan tashqari, sanoat zonasining bo‘sh turgan 208 gektar yer maydonlarga oziq-ovqat, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa sanoat tarmoqlarida qiymati 793 million dollarlik yangi investitsiya loyihalari joylashtiriladi.
“Urgut” EIZning Jomboy tumanidagi “Nazar” massivida bugungi kunda bo‘sh turgan 4,5 gektar yer maydonida qiymati 7,5 mln dollarlik 3 ta loyiha joylashtirilyapti.
Masalan, “ECO GARDENS FRUTT” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2,8 gektar yer maydonida 5 million dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotlarini shok usulda muzlatish, saralash, qadoqlash loyihasi joylashtirildi. 50 ta doimiy va 200 ta mavsumiy ish o‘rni yaratiladigan loyiha 3-4 million dollarlik qo‘shimcha eksport imkonini beradi.
Bulung‘ur, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on va Payariq tumanlari “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” maqomini olgan. Joriy yilda ushbu tumanlarda “mikrosanoat markazini” tashkil etish hisobiga qo‘shimcha 150 milliard so‘mlik hajm yaratiladi.
Masalan, Kattaqo‘rg‘on tumani Qo‘shtepa mahallasida tashkil etilgan mikrosanoat markaziga xonadonlarda ishlayotgan 10 dan ortiq kichik sexlarini joylashtirish hisobiga yiliga 35 milliard so‘mlik yuzaga keladi.
Bundan tashqari, Urgut tumanining Gulobod va Xo‘jabaland mahallalaridagi 40 ga yaqin xonadonda 200 nafarga yaqin usta temirchilik bilan shug‘ullanib, “Pochvon pechka” nomi bilan mashhur bo‘lgan pech ishlab chiqarmoqda. Mahsulot Qozog‘iston, Tojikiston hamda respublika bo‘ylab barcha viloyatlarga yetkazib berilmoqda.
Lekin ushbu tadbirkorlar bilan uchrashganimizda ishlab chiqarayotgan mahsulotiga talab ortib borayotganligi sababli xonadonida joy yetmayotganligi, agar ishlab chiqarish uchun shu mahalladan joy ajratib berilsa bir joyda ishlab chiqarishni davob ettirishni, ishlab chiqarish hajmi va turlarini oshirishni bildirdi.
Gulobod mahallasida qurilish materiallari bozori oldida fermer xo‘jaligiga tegishli 2 gektar yer maydonida eski tipdagi tokzor bor, daromadi ham juda past. Qurilish materiallari bozori bilan tutash hududda joylashgan ushbu yer toifasini o‘zgartirib tadbirkorlarga mikrosanoat zonasini tashkil qilib berishni rejalashtiryapmiz. Bu ish amalga oshsa, 50 ta tadbirkorlik sub’yekti tashkil etiladi, qo‘shimcha 100 mlrd. so‘mlik maxsulot ishlab chiqarish imkoni paydo bo‘ladi.
Darvoqe, Urgut, Nurobod, Qo‘shrabot, Narpay, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar hududida foydalanilmayotgan 3,2 million tonna kaolin, 18 million tonna ohaktosh, 196 million metr kub tabiiy pardozbop toshlar, 108 million tonna gips va angidrid, 1,3 million tonna dala shpati, 10 million tonna shisha xomashyosi, 752 million tonna sement va boshqa noruda foydali zaxiralari mavjud.
Ushbu zaxiralarini qayta ishlash va eksportbop qurilish materiallari ishlab chiqarish maqsadida xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, Kattaqo‘rg‘on shahrida "Red persimmon" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 80 million dollarlik "Ingichka" volfram konini o‘zlashtirish loyihasiga 10 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi.
Qo‘shrabot tumanida "Si tong stone" xorijiy korxonasi tomonidan qiymati 40 million dollarlik granit toshini qazib olish va qayta ishlash loyihasi doirasida 25 million dollar sarmoya kirib kelyapti.
Nurobod tumanida “Cemix” korxonasi tomonidan qiymati 115 million dollarlik quruq qorishma, mikrokalsit va yirik formatli keramogranit ishlab chiqarish loyihasiga 10 million dollar nvestitsiya o‘zlashtirmoqda.
Lekin yana 37 ta noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan (pardozbop tosh, gips va boshqalar) samarali foydalanish imkoniyati mavjud. Buning uchun Geologiya vazirligi tomonidan ushbu uchastkalarini auksion savdolariga chiqarishda amaliy yordam berilsa, noruda foydali qazilmalarni chuqur qayta ishlash asosida qo‘shimcha qiymat yaratilib, eksportbop yangi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Shu o‘rinda qayd etish lozim, so‘nggi 8 yilda xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 3,5 barobarga o‘sdi. Birgina 2025 yil yakuni bilan 78 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 15,9 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Bunda asosiy o‘sishga turtki bergan moliya (7,1 barobar), aloqa, yashash va ovqatlanish (3,6 barobardan), sog‘liqni saqlash (3,1 barobar) kabi xizmatlarda yuqori o‘sish ta’minlandi.
Joriy yilda sohada qiymati 11 trillion so‘mlik 461 ta yirik loyihani ishga tushirib, qo‘shimcha 700 milliard so‘mlik hajm yaratamiz.
Masalan, Narpay tumanida “Orien HUB” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 62 milliard so‘m bo‘lgan logistika markazi ishga tushiriladi. Ushbu markazda 100 ta yangi ish o‘rinni va qo‘shimcha 2,1 milliard so‘mlik hajm yaratiladi.
Shuningdek, mahallalarda 15 mingta zaruriy xizmat shaxobchalari tashkil etish hisobiga qo‘shimcha 500 milliard so‘m hajm paydo bo‘ladi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, o‘tgan yil 580 ta mahallada 5,2 mingta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etilib, qo‘shimcha 110 milliard so‘m hajm olingan.
Bundan tashqari, hududlarda 16 ta yirik zamonaviy savdo majmualari ishga tushiriladi.
Misol uchun, Samarqand shahri “Xo‘ja soat” mahallasida "Imhotep Stroy" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 250 milliard so‘mlik savdo majmuasi foydalanishga topshiriladi. Loyihada 400 ta yangi ish o‘rinlari va 5 milliard so‘mlik xizmatlar hajmi yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Shahar va tumanlarda 16 ta 24/7 rejimida ishlaydigan ko‘chalar, 19 ta yo‘l bo‘yi, 6 ta sohil bo‘yi va 8 ta turizm loyihalarini amalga oshirish hisobiga 494 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilib, 500 milliard so‘m qo‘shimcha hajm yaratiladi.
Bugungi kunda viloyat hokimligi qoshida “Daryo va kanallar bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish direksiyasi” tashkil etilib, kanallar bo‘yini obodonlashtirish orqali aholi va turistlar uchun qulay maskanga aylantirish ishlari boshlangan.
Yoqubjon Marqayev tayyorladi.