Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!

Samarqand tumanida yoshlarning intellektual, ma’naviy va jismoniy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida festival tashkil etildi.

Festival ertalabki sog‘lomlashtirish tadbirlari bilan boshlandi. Ishtirokchilar uchun 5 ming metrlik ommaviy yurish hamda badantarbiya mashqlari o‘tkazilib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirning asosiy qismi “Konigil turizm qishlog‘i”da bo‘lib o‘tdi. Bu yerda harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar ko‘rgazmali chiqishlar va musiqiy dasturlar namoyish etildi. Ushbu chiqishlar yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, sadoqat, mardlik va jasorat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Festivalda Samarqand tumani hokimi S.Usmonov hamda sektor rahbarlari ishtirok etib, hududlarda tashkil etilgan yoshlar sayllari, ko‘rgazmalar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar bilan tanishdi.

Tadbir doirasida harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, kitob festivali, “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Maktabni oltin va kumush medal bilan tamomlagan bitiruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Bandlik yarmarkasida 30 dan ortiq korxona va tashkilot ishtirok etib, yoshlarga ish o‘rinlari va kasbiy imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Qishloq xo‘jaligi hamda tadbirkorlik ko‘rgazmalarida esa 50 dan ortiq mahsulot va innovatsion loyihalar taqdim etildi.

Yettita sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda 350 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Tadbirlarga tumanning 74 ta mahallasidan yoshlar va sport ixlosmandlari jalb qilindi. Musobaqalar yakunlariga ko‘ra, 21 nafar g‘olib va sovrindor munosib taqdirlandi.

Festival yakunida tumandagi “Boqiy shahar” turizm markazi amfiteatrida gala-konsert tashkil etildi. Unda festival davomida faol ishtirok etgan yoshlar va g‘oliblar 14 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlandi.

Konsertda taniqli xonandalar Anvar G‘aniyev, Dilfuza Rahimova, Tolibjon Isroilov, Jasur Umirov, Gulinur hamda suxandon, taqlidchi Barot Orzimatov ishtirok etib, yig‘ilganlarga kayfiyat ulashdi.

Ushbu tadbirlar nafaqat yoshlarning bilim va iqtidorini namoyon etish, balki ularning vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, kasb-hunarga qiziqishini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilgani bilan yodda qoldi.