Senegaldan Afrika chempionligi olib qo‘yildi

Marokash terma jamoasi finaldan ikki oy o‘tib, Afrika millatlar kubogi g‘olibi deb topildi.

Bundan ikki oy oldin Afrika Millatlar kubogi finalida Senegal terma jamoasi norozilik sifatida maydonni tark etgandi. Biroq jamoa yetakchisi Sadio Mane sheriklarini ortga qaytishga chaqirdi. Birinchi ekstra-taymning 4-daqiqasida Pap Geye Senegalni hisobda oldinga olib chiqib, yakunda uning goli jamoaga g‘alaba keltirgandi.

Biroq Senegal terma jamoasidan chempionlik olib qo‘yildi. Bunga jamoaning norozilik o‘laroq maydonni tark etgani sabab bo‘lgan va AFK tomonidan Marokash terma jamoasi qit’a chempioni sifatida e’lon qilingan.

“Afrika futbol konfederatsiyasi apellyasiya kengashi Afrika millatlar kubogi (AFCON) reglamentining 84-moddasiga muvofiq, Senegal termasi final uchrashuvini texnik mag‘lubiyat bilan yutqazgan deya qaror qildi.

Shu munosabat bilan Afrika millatlar kubogi final uchrashuvida Marokash terma jamoasi 3:0 hisobida g‘alaba qozongan deb topildi”, deyiladi AFK bergan rasmiy bayonotda.

Senegal terma jamoasi yetakchisi Sadio Mane Afrika chempionligini olib qo‘yilganidan so‘ng keskin munosabat bildirdi.

“Yuz bergan voqea haddan tashqari chuqurlashib ketdi. Bu biz kurashayotgan futbol emas va biz ishonadigan Afrika ham emas.

Bizning futbolda juda ko‘p korrupsiya bor va bu butun qit’a bo‘ylab millionlab muxlislarning ishtiyoqini o‘ldirmoqda. O‘yinchilar maydonda bor kuchini sarflaydi, lekin maydondan tashqaridagi qarorlar o‘yin natijasini hal qiladi va sovrinlar taqdirini belgilaydi.

Men nafaqat Senegal uchun, balki butun afrikalik futbol uchun ham chuqur hafsalam pir bo‘ldi. Biz yaxshiroq narsaga loyiqmiz. Muxlislar adolat, oshkoralik va hurmatga loyiq”, deb fikr bildirgan futbolchi.