«Kattaqo‘rg‘on» futbol klubi Proligada to‘p suradi

O‘zbekiston professional futbol ligasi xabariga ko‘ra, ikki yil avval klub hududiy Ikkinchi ligada muvaffaqiyatli ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tgan mavsum Birinchi ligada yarim finaliga qadar yetib keldi.

Dekabr oyidan boshlab «Kattaqo‘rg‘on» Proliga bo‘yicha talablarni bajarishga kirishdi. Bu yo‘lda Liga tomonidan bir qator talablar belgilab berilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida klub ularni bosqichma-bosqich bajardi va 23 yanvar kuni hujjatlarni to‘liq rasmiylashtirdi.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi stadionni mavsumga tayyorlash ishlari davom etayotgan bo‘lib, 2026 yildan mazkur maydonda «Kattaqo‘rg‘on» U-19 jamoasi uy uchrashuvlarini o‘tkazadi. Payshanba shaharchasida joylashgan stadion esa Proliga uchun tayyorlanadi.

Ayni kunlarda maydonni to‘liq yangilash ishlari davom etmoqda. Drenaj va sug‘orish tizimlarini zamonaviy holatga keltirish, shuningdek, gibrid maysa yotqizish va uni sinovdan o‘tkazish may oyiga qadar davom etishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, buning uchun klub ta’sischisi 4,5 milliard investitsiya kiritish uchun tegishli kompaniya bilan shartnoma imzolagan.

Payshanba shaharchasida joylashgan stadion tribunasi, uning ostida joylashgan texnik hudud to‘liq ta’mirga muhtoj bo‘lib, «Kattaqo‘rg‘on» klubi uni talab etilgan minimal ko‘rinishga keltirish uchun 5,7 milliard so‘m sarflashi ko‘zda tutilgan.

Maysa, tribuna va texnik hudud to‘liq rekonstruksiya qilinguniga qadar, klub raqiblarini Samarqand shahridagi «Dinamo» stadionida qabul qiladi.