“Dinamo” mavsumga tayyormi?

Ilk turda ustoz-shogird duyelida kim g‘olib bo‘ladi?

Superliganing o‘tgan yilgi mavsumida Vadim Abramov boshchiligida “Dinamo” yorqin o‘yin ko‘rsatib, 25 yil avvalgi tarixiy natijasini takrorladi va hatto bronza medallaga da’vogarlik qildi. Jamoa bu yil ham oliy ligada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritish va muxlislarni xursand qilish niyatida. 

“Dinamo” yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonida 21 nafar futbolchini liga ro‘yxatidan o‘tkazdi. Jumladan, klub 9 nafar mahalliy futbolchi bilan shartnomani uzaytirgan bo‘lsa, 6 nafar legioner va yana 6 nafar mahalliy futbolchi bilan shartnoma imzoladi. Superliga-2026 startidan oldin «Dinamo» yangi mavsumga tayyorgarlik rejasi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarida ikki bosqichli xorij yig‘inini o‘tkazdi. O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida Abramov shogirdlari to‘qqizta xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, to‘rt g‘alaba, to‘rt mag‘lubiyat va bir marta durang natija qayd etdi. Xorij yig‘inida shunchaki sparring raqib emas, Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston va BAA klublarining eng kuchli jamoalari bilan kuch sinashdi. 

— O‘rtoqlik bahslarida natija emas, avvalo, har bir futbolchining o‘yin amaliyoti va jismoniy holatini yaxshilashga urg‘u berildi, — deydi “Dinamo” jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov. — O‘yinlar yomon o‘tmadi. Yig‘in yakunida futbolchilarning to‘pdan “to‘yib” qolgani ko‘rindi. Shu bois odatdagidek hisobga qaramadik, barcha futbolchilarga o‘yin amaliyoti berdik va jamoaviy o‘yin ko‘rsatishga intildik. Futbolchilar uzoq vaqt safarda bo‘lishdi, Samarqandda o‘tgan tayyorgarlikning so‘nggi bosqichida ham futbolchilar bilan ishladik. To‘g‘ri, ba’zi kamchiliklar bor, lekin bu o‘yinlar davomida bosqichma-bosqich bartaraf etiladi.

Ustoz-shogird bahsida kim g‘alaba qozonadi?

Superliganing 1-turi doirasida «Dinamo» 28-fevral kuni Samarqandda «Navbahor»ga qarshi maydonga tushadi. Milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Temur Kapadze hozirda «Navbahor» klubini boshqarmoqda. Aytish joizki, Abramov va Kapadze ustoz-shogird sanaladi va mavsumning ilk turi ular bahsi bilan boshlanadi. Bu ikki murabbiy qo‘l ostida ham o‘ynagan, shu yil “Andijon” klubidan «Dinamo»ga o‘tgan Bektemir Abdumannonov Samarqand klubidagi maqsadlari va oliy liganing ilk o‘yini haqida fikrlarini bildirdi. 

- Samarqanddagi faoliyatim davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasidan chaqiruv olish va «Dinamo» bilan kamida bitta sovrin yutishni maqsad qilganman, - deydi  Bektemir Abdumannonov. - Shuning uchun bu yerdaman. O‘tgan mavsum kuzatgandim, «Dinamo» ikkinchi o‘ringa juda yaqin edi, qolaversa, kubok yarim finalida penaltilar seriyasida omadi kelmagandi. Finalga chiqqanda «Dinamo» kubokni olardi, deb o‘ylayman. Albatta, bu mavsum ham yuqori o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilganmiz. Mavsumning ilk bahsiga kelsak, ikki murabbiyning ham o‘yin uslubi deyarli bir xil. “Olimpik” safida Kapadze murabbiyligidagi taktikadan kelib chiqib, aytishim kerak,  ikkala jamoa ham to‘p bilan ko‘p harakat qiladi. Bu o‘yin zo‘r o‘tadi, kim yaxshiroq tayyor bo‘lsa va omad kulib boqsa, o‘sha uch ochkoga ega bo‘ladi. Mezbon sifatida faqat g‘alabaga intilamiz va mavsum davomida yana yorqin o‘yinlar ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Hujumkor tarkib bilan o‘yinlar qiziydi

Bu yil «Dinamo»da asosiy darvozabon sifatida Edem Nemanovga ishonch bildirilgan. U o‘tgan mavsumda 12 o‘yinda maydonga tushib, 6 ta quruq o‘yin o‘tkazdi. Ikkinchi posbonimiz Ravshan Yagudin ham bor. Bu chiziqda ustunlik «Navbahor» tomonida. Chunki namanganliklar darvozasini milliy terma jamoa darvozaboni O‘tkir Yusupov qo‘riqlaydi. Himoyaga kelsak, o‘tgan yilgidan farqli ravishda bu mavsum “Dinamo” himoyasida kuchli raqobat muhiti shakllanmoqda. Himoyada Jaloliddin Jumaboyev, Salim Mustafoyev, legionerlar Muhammadu Dembele va Mauro Brazil harakat qiladi. Markaziy himoyada asosiy yuk Jahongir O‘rozov zimmasiga tushishi mumkin. Hujumda esa Anvarjon Hojimirzayev, Ulug‘bek Hoshimov va Mirjahon Mirahmadovga ishonch bildirilgan. Shu bilan birga, hujumchi o‘rnini bosa oladigan hujumkor yarim himoyachilar Firdavs Abdurahmonov, Azizbek Amonov, Bektemir Abdumannonov, Nurillo To‘xtasinov, Oybek O‘rmonjonov, Hislat Xalilov, Sanjar Qodirqulov hamda legionerlar Dramane Salou va Til Mavretichlar ham o‘zini ko‘rsatishi kutilmoqda. 

Fazliddin RO‘ZIBOEV.