Amir Temurning korrupsiyaga qarshi kurash uslublari
Amir Temur o‘z saltanatini islom dini asosida qurdi. Uning hukmronligi davrida mansabni suiiste’mol qilish, yetimlar va nochorlarning haqini yeyish, pora olish, axloqqa zid hisoblanib, jazoga loyiq, deb topilgan.
Amaldorlar, ayniqsa, vazirlarni mansabga tayinlashda Amir Temur quyidagi sifatlarga tayangan: “...Vazirlar to‘rt sifatga ega kishilardan bo‘lishlari lozim; birinchisi - asllik va toza nasllik, ikkinchisi – aql-farosatlilik, uchinchisi – sipohu raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalik, to‘rtinchisi – sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik”.
Asllik va toza nasllik deganida ko‘pchilik mansabdor va katta moddiy boylikka ega bo‘lganlarni tushunishadi. Lekin u davr ahloqiga asosan ota-ona avlodida nokaslar, o‘g‘rilar, xoinlar, sudxo‘rlar, laganbardorlar, firibgarlar, kazzoblar bo‘lmaganligi hamda iymoni yuksak va insoniy sifatlar bilan ulg‘aygan inson nazarda tutilgan.
Aql va farosatlilikning negizida ziyoli, o‘qimishli, madaniyatli, ma’rifatli, ahloqi yuksak, oriyatli, qilmishlarini har tomonlama o‘ylab, saltanat manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yadigan, fikr yurituvchi va oqilona tarbiyaga ega bo‘lgan inson inobatga olingan.
Sipohu raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalalik deganida mansabdorning kamtarligi, oddiyligi, amaliga va moddiy boyligiga qaramay, barchaga bir xil yondashishi, inson taqdiriga va qadriga befarq bo‘lmaganligi tushunilmoqda.
Sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik - mansabdorning vazminligi, his-tuyg‘ularga berilmay, masalalarni mulohaza asosida hal qilishlik nazarda tutilyapti.
Bunday sifatlarga ega bo‘lgan vazirga to‘rt imtiyoz – ishonch, e’tibor, ixtiyor va qudrat in’om etilgan.
Sohibqiron zabt etgan davlatlarda islom qonunlariga tayanib, lashkarlari tinch aholiga ziyon yetkazmasligi uchun ko‘rgan choralarini tuzuklarida quyidagicha aks ettirgan: “Lashkar uchun maxsus qozi va raiyat uchun alohida qozi tayinladim. Har mamlakatga shayxulislom yubordimki, toki, musulmonlarni gunoh ishlardan qaytarib, ularni yaxshi va savob ishlarga undasin”.
Undan tashqari, saltanat hududining barcha nuqtalarida sodir etalayotgan huquqbuzarlik (ko‘ngilsizlik) to‘g‘risida unga vaqtida xabar yetkazib berish uchun “...Har el va har shaharda sipoh va raiyat orasida urf-odatlarga oid janjalli ishlar haqida menga ma’lumot berib tursin, deb adolat amirini tayinladi”.
Sohibqiron ulkan saltanatini halol va adolatli boshqarishda, xalqqa nisbatan qanday adolatli munosabatda bo‘lganligi va ularning manfaatlarini barcha narsalardan ustun quyganligi to‘g‘risida to‘qqizinchi tuzugida shunday yoritilgan: “Raiyat ahvolidan ogoh bo‘ldim, ulug‘larni og‘a qatorida, kichkinalarni farzand o‘rnida ko‘rdim. Har yerning tabiati, har el va shaharning rasmu odatlari, mizojidan voqif bo‘lib turdim. Mizojlariga, tabiatiga to‘g‘ri kelgan, o‘zlari tilagan odamlarni ularga hokim qilib tayinladim. Har bir diyor aholisining ahvolidan ogoh bo‘lib turdim. Har bir mamlakatning ahvolini, sipohu raiyat kayfiyatini, turish turmushini, qilish-qilmishlarini, bular o‘rtalaridagi aloqalarni hatto bitib, menga bildirib turishlari uchun diyonatli, to‘g‘ri yozuvchi kishilarni belgiladim. Bordiyu egri yozganlari menga bildirilsa, ularni jazoladim. Hokimlaru sipohlar qay birining xalqqa jabr-zulm yetkazganini eshitsam, ularga nisbatan darhol adolatu insof yuzasidan chora ko‘rdim”.
U o‘z tuzugida bir necha bor hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmaganligini, ochiq yuzlilik, rahm shafqat bilan xalqni o‘ziga rom qilganligini aytib o‘tadi. O‘g‘illar, nabiralar, qavmu-qarindoshlar, amirlar va vazirlarni jazolash yo‘li bilan saltanatda intizom saqlash haqidagi tuzuklarini sinchiklovlik bilan o‘rgansak, Amir Temurning qanday qilib qo‘li egri amaldorlarga chora ko‘rganini anglab olamiz. Masalan, mamlakat xazinachilari moliya ishlarida xiyonat qilsalar, o‘zlashtirib olgan mablag‘, oladigan maoshidan uch barobar ko‘p bo‘lsa, hammasi saltanat xazinasiga musodara qilingan. Undan tashqari, vazirlarni ortiqcha siylamaslik to‘g‘risida huqum chiqazgan. Chunki alohida izzat-ikrom ularni manmanlikka olib kelishi mumkin.
Yana bir tuzugidan uning kuchli taftish va nazoratni o‘rnatib, amaldorlarning mansabini suiiste’mol qilish yo‘lini to‘sganligini bilib olshi mumkin. Jumladan, Sohibqiron devonxonasida har kuni to‘rt vazir muqarrar hozir bo‘lgan hamda chegara yerlarda va zabt etilgan mamlakatlarda uch vazirdan iborat davlat hay’ati tuzilgan. Ularning zimmasiga mazkur yerlarda moliyaviy muommalarni hamda keladigan daromadlarni boshqarish yuklatilgan.
Ariza va murojaatlar bo‘yicha bir kishi arzbegi etib tayinlangan. Uning zimmasiga sipoh, raiyat va arz-dod qilib keluvchilarning ahvolini, mamlakatning obod-xarobligini, muhim ishlardan qaysi biri bitgan-bitmaganligini Amir Temurga yetkazib turush yuklatilgan edi. Saltanatning har bir idorasida bo‘ladigan kirim-chiqimlarni, kundalik xarajatlarni yozib borish uchun bir kotib tayinlangan.
Tuzukda Sohibqironning huquq-tartibot xodimlariga yuklagan vazifalar ham aks etgan. Masalan, har bir shahar va qishloqqa kutvol tayinlangan. Uning vazifasiga sipohu raiyatga soqchilik qilish va birovning narsasi o‘g‘irlansa, buning soqchilik qilgani hisobidan qoplangan. Savdo karvonlari xavfsizligini ta’minlash uchun davlat hududining barcha yo‘llari nazoratga olinib, zobitlar va kuzatuvchilar tayinlangan. Ularning zimmasiga biriktirilgan yo‘llarni qo‘riqlab, yo‘lovchilarni, savdogarlarni, musofirlarni kuzatib, mol-mulki va boshqa narsalarini manzildan-manzilga yetkazib qo‘yish yuklatilgan.
“Binobarin saltanatimning eng chekka ovulida tartib va qonun o‘rnatilgan bo‘lsa, demakki men o‘sha yerda bordekman. Shuning uchun ham hokimiyatni qo‘lga kiritgan kunimdan shu paytga qadar, hozir mana shu satrlarni yozayotgan daqiqalargacha nimaiki qilgan bo‘lsam barchasini qonun doirasida qildim.
Chingizxon davlat boshqaruvida kuch va shafqatsizlikka asoslangan bo‘lsa, men barcha ishlarimni shariat ahkomlari va dunyoviy qonunlar asosida adolat yuzasidan olib bordim. Xalq shuni chuqur anglasinki, men qaysi masalada qanday qaror qabul qilgan bo‘lsam, ham diniy talablar, ham hayot talablari nuqtai nazaridan muhimligiga e’tibor qaratganman. Shuning uchun ham qarorim ham ruhan, ham qalban qabul qilinmog‘i darkor.
Men askarlarimni ham ana shu ruhda tarbiyaladim: ularni qonunlarga so‘zsiz itoat etishga o‘rgatdim. Unga xilof ish qilsalar ayovsiz jazoladim.
Mening kattikko‘lligim, bag‘ritoshligim eng avvalo, xalqning tinchligi, saltanatim ravnaqi uchundir. Dushmanlarimga ayovsizman, rost! O‘g‘irlik, talonchilik, zo‘ravonlik ildizlariga qattiqqo‘llik bilan bolta urilmasa, muloyimmijozlik bilan kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Buning isboti uchun mening saltanatimda o‘rnatilgan tartib-qoidalarni ko‘r. Binobarin, biror bir karvon bugun Anqaradan chiqib Samarqandga borguncha biror-bir kishi karvonga ham, undagi yuklarga ham ziyon yetkazishga jur’at etmaydi. Yoki bir o‘smir bolaning boshiga tilla to‘la barkashni qo‘yib, mamlakatim bo‘ylab safarga jo‘nat - shimoldan janubgacha, sharqdan g‘arbga borsin: bola ulg‘ayib, balog‘at yoshiga yetar, ammo barkashdagi tilla tangadan hatto bittasi ham yo‘qolmasligiga kafilman. Hatto norasida go‘dakning narsasiga birov daxl qila olmaydi men boshqarayotgan mamlakatda.
So‘rab ko‘rchi, hududsiz mamlakatimning biror-bir shahar yoki qishlog‘ida, kent yoki ovulida o‘g‘ri kechasi falon xonadonga yoki do‘konga o‘g‘irlikka tushibdi, degan gapni eshitasanmi? Imonim komilki, bunday gapni eshitmaysan, faqat ushbu tartib va qoidalarni o‘rnatgunga qadar bo‘lgan voqealar bundan mustasno. Ulug‘ va ulkan mamlakatimdagi katta yo‘llardan talonchilikning, shaharlarda o‘g‘irlikning, tilanchilikning ildizini quritdim.
Borib ko‘r, biror bir muhtoj, notovonni uchratasanmi? Tilanchilikni yo‘qotish uchun quyidagicha yo‘l tutdim. Avvalo, ularning orasidan haqiqatan ham muruvvatga muhtoj ko‘rlar va mayib-majruhlar ajratildi. Ularga davlat tomonidan nafaqa belgilandi. Bunga qanoat qilmay, kasbu-korini davom ettirsa, qatl ettilishi muqarrarligi ogohlantirildi.
Dastlabki paytlari ba’zilari o‘rnatilgan tartibni aylanib o‘tib, o‘z ishini davom ettirmoqchi bo‘lganlar ham bo‘ldi - jazoga tortildi. Oxir-oqibat mening amrim bilan o‘ynashib bo‘lmasligini anglab yetishdi. Mehnatga layoqatli tilanchilarni esa ishlashga majbur qildik. Bugun mening saltanatimda qiynalib, qisinib yashayotgan birorta sayyidni uchratmaysan.
Sayyidlar - payg‘ambar avlodlari. Mengacha bo‘lgan davrda shaharlarda o‘n mingtacha sayyidlar yashar edilar. Ular muhtojlikda kun kechirar edilar. Bir parcha non topish uchun o‘lib-tirilib mehnat qilar edilar. Payg‘ambar (S.A.V.)ga bo‘lgan cheksiz hurmatim haqqi uning avlodlarini “hamsa” hisobidan moddiy daromad oladigan qildim. (Hamsa - harbiy o‘ljaning beshdan bir qismi) sen mening mamlakatim kabi tinch farovon boshqa bir yurtni ko‘rmagansan, ko‘rmaysan ham, chunki bunaqasi boshqa joyda yo‘q.
El to‘q, erkin - sha’ni, qadr-qimmati daxlsiz. Avvallari mahalliy to‘ralar, nozirlar o‘ligini xalqning ustiga tashlab olgan edi: xohlagan bir xonadonga kirib, tekinga ovqatlanib, qornini to‘qlab yuravergan. Istasa, uy egasidan rozilik so‘ramasdan ham uning uyida tunagan. Hozir shunday qilgan amaldorning boshi ketadi.
Agar askar, soqchi yoki mirshab fuqarodan bir nima olsa-yu, el qatori pulini to‘lamasa, vakolatini suiiste’mol qilsa, nafaqat bosh kiyimi, boshidan ham ajraladi”.
T.MAMATOV,
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti serjantlar tayyorlash oliy maktabi katta o‘qituvchisi.
N.MAMATOVA,
SamDTU o‘qituvchisi.