Viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Sarvar Bozorov viloyatimiz aholisiga murojaat yo‘lladi
Hurmatli Samarqand aholisi!
Viloyatimizdagi mutasaddi idora va tashkilotlar hamda xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi ishlarimiz davom ettirilmoqda.
Joriy yilning mart oyida 1244 ta jinoyat hisobga olinib, har 100 ming aholi soniga nisbatan 30 tadan to‘g‘ri keldi.
Mart oyida hisobga qo‘yilgan jinoyatlarning 34 foizi aniqlanadigan, 28 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan va 38 foizi axborot texnologiyalari sohasi bilan bog‘liq jinoyatlarni tashkil etdi.
Bu davrda hisobga olingan jinoyatlarning 153 tasi yoki 12,3 foizi mahalla hududida sodir qilindi.
Aziz samarqandliklar!
Davlatimiz rahbarining 1- va 2-sonli qarorlari ijrosi yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida o‘tgan 3 oyda mahallalarimizdagi kriminogen vaziyatning barqarorligini ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Ko‘rilgan profilaktik choralar natijasida, joriy yilning 3 oyida viloyatdagi mahallalarning 833 tasida jinoyat sodir etilmadi, shuningdek 2025 yilda “qizil” toifada bo‘lgan 118 ta mahallaning 28 tasida kriminogen vaziyat yaxshilanib, 82 tasida jinoyat sodir bo‘lmadi.
Bundan tashqari, Samarqand shahri, Past Darg‘om va Samarqand tumanlaridagi so‘nggi 5 yilda kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan jami 10 ta mahallalarning 9 tasi qizil toifadan chiqarildi.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan bosqinchilik 100 foizga, qotillik 25, firibgarlik 25, yo‘l-transport hodisasi 16 va o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi 2,4 foizga kamaydi.
Jinoyat sodir etgan shaxslar 63 foizga, ishsizlar jinoyati 100, guruhlar 91, muqaddam sudlanganlar jinoyatchiligi 85, yoshlar jinoyati 65, voyaga yetmaganlar 62, mast holatdagi jinoyatlar 37 va ayollar jinoyati 29 foizga pasaydi.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan bundan buyon ham jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, sodir bo‘lgan jinoyatlarning asl sabab va omillari kunlik tahlil qilinib, bunga mas’ul bo‘lgan vakolatli organlarning faoliyatiga xolisona baho berib boriladi.
Qadrli viloyatimiz aholisi!
Shu o‘rinda barchangizning e’tiboringizni yana bir jihatga qaratmoqchiman.
Yuqorida ta’kidlanganidek, sodir etilgan jinoyatlarning yarmini hamon axborot texnologiyalari sohasi bilan bog‘liq jinoyatlar tashkil etmoqda.
Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning salmoqli qismi esa o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlaridan iborat bo‘lmoqda.
Jinoyat qurboni bo‘lib qolmaslik maqsadida, avvalo, ehtiyotkorlikka rioya qilishimiz, turli aldovlarga ishonib qolmasligimiz lozim.
Notanish shaxslarning tekshirilmagan va ishonchsiz va’dalariga ishonib qolmang, shaxsiy hisoblaringiz haqida ma’lumotlarni berib qo‘ymang, plastik kartalaringiz kodlari xavfsizligiga e’tibor qarating!
Aziz samarqandliklar!
Albatta, viloyatimizda jinoyatchilikning oldini olishda va boshqa sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniy tashkilotlar faollariga, jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami hamda hamkorligiga tayanamiz.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanligini har doim yodda tutishimiz zarur.
E’tiboringiz uchun rahmat!