@Zarafshonbot’ga murojaat: Zavod g‘isht pishirish uchun eski avtoshinalarni yoqyapti. Oqibatda atrofni kuygan rezina hidi bosib ketyapti

Samarqand shahar Sartepa maskani yonidagi Bo‘zi-2 mahallasi (hozirgi Samarqand shahar IDUM, sobiq “10-Bolalar uyi” ortidagi mahalla)dan murojaat qilyapmiz.
Yonimizda ikkita xumdon g‘isht zavodi bor. Shulardan biridagi xumdonda g‘ishtlarni pishirish uchun vulkanizatsiyalardan eski avtoshinalarni olib kelib yoqishyapti. Buning oqibatida havo nafas olib bo‘lmaydigan darajada ifloslanib (kuygan rezina hidi sasib) ketyapti. Biz, mahalladoshlar bir necha marta borib ogohlantirib kelgan edik, foydasi bo‘lmayapti. Odamlar sog‘lig‘iga yomon ta’sir qilyapti.
Viloyat va tuman ekologiya idorasiga bir necha marta murojaat kilganmiz, foydasi bo‘lmayapti. Eshitishimizcha, arzimagan summada jarima qilib ketgan emish.
Avtoshina yoqilganda havoga ajralib chiqadigan moddalar juda zararli bo‘lib, ular inson salomatligi va atrof-muhit uchun katta xavf tug‘dirar ekan. Biz mutaxassislardan bu holatda ajralib chiqadigan moddalar, ularning ta’siri va bolalarga zarari haqida ma’lumotlar oldik.
Ularning ta’kidlashlaricha, avtoshina yoqilganda havoga ajralib chiqadigan moddalar:
- poliitsiklik aromatik uglevodorodlar (PAU) – kanserogen (saraton kasalligi chaqiruvchi);
- benzol, toluol, ksilol – markaziy asab tizimiga ta’sir qiluvchi, jigar va buyrakka zarar yetkazuvchi;
- dioksinlar va furanlar – juda kuchli zaharli moddalar, oz miqdori ham salomatlikka katta ta’sir ko‘rsatadi;
- ko‘mir oksidi (CO) – qondagi kislorod tashish qobiliyatini kamaytiradi, nafas qisishiga sabab bo‘ladi;
- suyuq va qattiq formadagi mikroskopik zarracha moddalar (PM2.5 va PM10) – o‘pkaga kirib borib, nafas yo‘llari va yurak-qon tomir tizimiga ta’sir qiladi;
- kislota gazlari (HCl, SO2, NOx) – shilliq qavatlar va o‘pkaga og‘ir zarar yetkazadi.
Odam organizmiga zarari:
- o‘pka kasalliklari: bronxit, astma, o‘pka fibrozlari, hatto o‘pka saraton kasalligi.
- yurak-qon tomir tizimiga ta’sir: gipertoniya, yurak xuruji xavfi oshishi.
- asab tizimiga ta’sir: bosh og‘rig‘i, charchoq, diqqat yetishmasligi, uyqusizlik.
- immunitet tizimiga ta’sir: immunitetning tushishi, infeksiyalarga moyillik.
- jigar va buyrakka zarar: uzoq muddatda toksik ta’sir bilan funksional yetishmovchilikka olib kelishi mumkin.
Bolalarga zarari:
- nafas olish tizimiga kuchli ta’sir: bolalarning o‘pkasi hali to‘liq rivojlanmagan bo‘ladi, shunday ekan, ularda astma va allergik kasalliklar rivojlanishi xavfi yuqori;
- nevrologik ta’sir: aqliy rivojlanishni sekinlashtirishi, diqqat yetishmasligi va giperaktivlik (ADGD) rivojlanishi mumkin.
- immunitetga ta’sir: infeksiyalarga tez-tez chalinish.
- o‘sishga ta’sir: ba’zi moddalar gormonal tizimni izdan chiqarib, bolalarda o‘sish muammolariga olib kelishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, avtoshina yoqish juda xavfli bo‘lib, nafaqat yoquvchi odamga, balki uning atrofidagilarga, xususan, bolalarga jiddiy salomatlik muammolarini keltirib chiqaradi. Bu ekologik va sanitar talablarga zid hisoblanadi.
Shu muammoning yechimida yordam bersangiz.
Samarqand shahar Bo‘zi-2 mahallasi faollari.