Samarqandda murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha tezkor shtab tuzildi

Samarqand viloyati hokimining 5 avgust kuni qabul qilingan farmoyishiga ko‘ra, Prezident tomonidan shu yil 23 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini mutlaqo yangicha tashkil etish, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va aholi roziligiga erishish maqsadida 39 kishidan iborat viloyat shtabi tashkil etildi.

Viloyat hokimi mazkur shtab rahbari, sektorlar boshliqlari, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri va viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari shtab rahbari o‘rinbosarlari etib belgilandi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari va hokimlik mas’ul xodimlari, viloyatdagi boshqarma va idoralar rahbarlari shtab a’zolari hisoblanadi.

Farmoyish bilan viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari va shtab kotibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan 58 ming 461 ta murojaatni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va aholi roziligiga erishish uchun 2 kun muddatda sohalar va sektorlar kesimida tahlil qilish vazifasi topshirildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosarlari, maslahatchilari, guruh rahbarlari, boshqarma va idoralar boshliqlar, shahar va tumanlar hokimlari va sektor rahbarlariga murojaatlarni o‘z vaqtida, sifatli ko‘rib chiqish va qonuniy yechimini topish yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklandi.