Nega tozalik haqida ko‘p gapiramiz-u, amalda oqsayapmiz?

Ertalab ishga kelgan hamkasbimning kayfiyati ancha tushkun edi. Sababini so‘rasam, kelayotganda mahallasidagi ko‘p qavatli uyning yuqori qavatidan kimdir uning ustiga suv to‘kib yuboribdi. Kim qilganini bilmagani uchun e’tiroz bildirishga ham, aybdorni topishga ham imkoni bo‘lmabdi.

Uning gaplarini eshitar ekanman, beixtiyor o‘z mahallamizdagi ayrim holatlar yodimga tushdi. Afsuski, ba’zi ko‘p qavatli uylar oldidan bemalol yurishning o‘zi xavfli. Bir qarasangiz, yuqoridan yuvindi suv to‘kiladi, yana bir qarasangiz, plastik idish yoki boshqa chiqindi uchib tushadi. Eng achinarlisi, bunday holatga tanbeh berilsa, ayrimlar xatosini tan olish o‘rniga, o‘zini oqlashga harakat qiladi. «Plastik idishni chiqindi teruvchilar olib ketadi», degan bahona bilan mas’uliyatdan qochishadi.

Bir necha yil avval mahallamizdagi ko‘p qavatli uylar yoniga obodonlashtirish xodimlari chiqindi qutilari o‘rnatgan edi. Ammo ayrim aholi maishiy chiqindilarni maxsus chiqindi xonasiga olib borish o‘rniga, barchasini shu qutilarga tashlayverdi. Natijada ular olib tashlandi. Bu haqda shirkat mas’ullaridan so‘raganimda, bunga aholining beparvoligi sabab bo‘lganini aytishdi.
O‘ylab qarang, birinchi qavatda yashovchi odam uyi oldiga gul ekib, hovlini obod qilishga harakat qilsa, yuqoridan to‘kiladigan suv yoki tashlanadigan chiqindilar ostida bu mehnat qanday saqlanib qoladi?

Albatta, hamma ham bunday emas. Xalqimizda «Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi», degan naql bor. Ko‘pchilik tozalikka rioya qiladi, atrofini asraydi. Ammo ozchilikning beparvoligi butun mahallaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Keyin esa aybni kommunal xizmatlarga yoki mas’ul tashkilotlarga ag‘darish oson.
Samarqand shahar hokimligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlayotgan fuqarolar haqida muntazam videolar e’lon qilib kelmoqda. Qonunbuzarlarga jarima ham qo‘llanilmoqda. Ammo shunga qaramay, bunday holatlar hali ham takrorlanmoqda. Nahotki, jarima ham, jamoatchilik tanqidi ham ayrimlarga saboq bo‘lmayotgan bo‘lsa?

Yaqinda xizmat safari bilan Belarus davlatiga borish nasib etdi. Biz yashagan talabalar yotoqxonasi atrofidagi ko‘p qavatli uylar hovlisi meni hayratga soldi. Hamma joy ozoda, gulzorlar parvarishlangan, bolalar maydonchasi atrofi ham turli gullar bilan bezatilgan edi. May oyida ochilgan rang-barang lolalarga har kuni bir necha daqiqa to‘xtab havas bilan qarardik. Eng qizig‘i, bir necha hafta davomida ko‘chada bitta ham qog‘oz yoki plastik chiqindini ko‘rmadik. Hech kimning chiqindini yerga tashlaganiga ham guvoh bo‘lmadik.

Bir kuni pioniya gullarini suratga olayotganimda yoshi ulug‘ bir onaxon bilan tanishib qoldim.

- Qizim, oddiy gullarni ham suratga olarkansan-a, - deb hazil qildi u.

Suhbat davomida ma’lum bo‘lishicha, Valya xola bu yil 75 yoshga to‘lar ekan. U sakkizinchi qavatda yashasa-da, so‘nggi besh yildan beri uy oldidagi gulzorni o‘z xohishi bilan parvarish qilib keladi.
- Avval bu yer qarovsiz edi. O‘zim tozaladim, keyin har yili gul ekib, parvarish qila boshladim. Hech kim majburlagan emas. Bu mening huzurim, - dedi onaxon.

Xayrlashayotganimizda u menga:
- Sen ham gul ekishni o‘rgan. Nafaqaga chiqqaningda menga o‘xshab shu ish bilan mashg‘ul bo‘lasan, - dedi.
Onaxonning shu bir og‘iz gapi meni ancha o‘ylantirdi. Obodlikni faqat davlat yoki kommunal xizmatlar emas, oddiy odamlar ham yaratadi. Bizda ham shunday tashabbuskor, hovlisi va mahallasi uchun qayg‘uradigan insonlar ko‘p. Ammo ularning safi yanada kengaysa, mahallalarimiz ancha chiroyli bo‘lardi.

Tozalikni bir kunlik shanbalik bilan ta’minlab bo‘lmaydi. Bu kundalik odatga aylanishi kerak.

Toza mahalla faqat supurilgan ko‘cha emas. U yerda yashovchi odamlarning bir-biriga, qo‘shnisiga va umumiy yashash muhitiga bo‘lgan munosabatining ham ko‘zgusidir. Tozalikni boshqalardan emas, avvalo, o‘zimizdan boshlaylik. Zero, toza mahalla — toza ko‘ngil demakdir.

Munisa Shamsiyeva.