Prezident mahallalarda aholini ish bilan ta’minlash borasidagi kamchiliklarni tanqid qildi

Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda «mahalla yettiligi» faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Davlatimiz rahbari mahallalarda aholini ish bilan ta’minlash masalasini tanqidiy tahlil qildi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi olti oyda banklar tomonidan kichik loyihalar uchun 18,5 trillion so‘m resurs ajratilgan. Mazkur mablag‘lar hisobidan 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 259 ming nafar aholi ish bilan ta’minlangan. Lekin 47 ta mahallada atigi 2 tadan mikroloyiha ishga tushirilgan.
- Ayrim tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalarda kambag‘al oilalar ishtirokining ulushi 15 foizga ham yetmayapti, - dedi Prezident. - Qorao‘zak, Marhamat, Mirishkor, Nurobod va Termiz tumanlari misolida bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Achinarlisi, 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand inson doimiy ishga joylashtirilmagan. 883 ta mahallada esa bankirlar xonadonbay yurib, loyiha qilmagan, tadbirkorlar bilan uchrashmagan.
Shuning uchun yil boshidan mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olindi, yana 700 nafariga intizomiy chora ko‘rildi.
Yig‘ilishda mahallalarda soliq tushumlarini oshirish, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish bo‘yicha ham mas’ullarga savollar qo‘yildi. Davlatimiz rahbari mahalla odamlar uchun chinakam «ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi» bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.