“Hokimning ustidan yozamiz”
Keyingi paytda fuqarolar murojaatlariga e’tibor va ularning hayotini yaxshilash borasidagi ishlar tubdan o‘zgardi. Tan olish kerak, rahbarlar odamlarning murojaatiga yuzaki qaramasdan, dardini eshityapti, uyma-uy yurib, muammolarini o‘rganyapti, ularga yechim topyapti.
Bu “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Ammo tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, oramizda ayrim “jamiyatdan uzilganlar” ham borki, bu islohotlardan to‘g‘ri xulosa qilmayapti, dunyoqarashi, fikri o‘zgarmayapti. Aksincha, davlat yoki mahalliy hokimiyatga “suyanib” qolmoqda. Aholidan tushayotgan murojaatlarni o‘rganish davomida bunga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz.
Yaqinda ana shunday murojaatni o‘rganish maqsadida chekka bir mahallaga bordik. Hududda obodonlashtirish, ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l va bog‘cha bilan bog‘liq muammolar yig‘ilib qolgan ekan.
- Mahallamizdagi ushbu muammolar bo‘yicha oldin ham tuman va viloyat hokimliklari, respublika tashkilotlariga bir necha marta murojaat qilganmiz, - deydi mahalla fuqarolaridan biri. - Murojaatlarimizdan keyin tuman hokimligi tomonidan bor-yo‘g‘i 2 ta yangi transformator, 100 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, 1 kilometr elektr tarmog‘i tortildi. Qolgan muammolar mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilsa yoki dasturga kiritilsagina hal bo‘lar ekan. Lekin hokimiyat na pul ajratadi, na dasturga kiritadi. Bu muammolarni hal qilib berishmasa, hokimni ustidan yuqori tashkilotlarga yozamiz.
Hududdagi masalalar yechimi yuzasidan mas’ullar bilan suhbatlashganimizda ushbu mahalladan deyarli har oy murojaat tushishini, muammolar bosqichma-bosqich hal etilayotgani, qolganlari ham reja va dastur asosida bajarilishini, biroq odamlar buni tushunmayotganini aytdi.
Rostdan ham mahallada muammolar bor, ammo ularning ayrimlariga fuqarolarning o‘zi yechim topsa bo‘larkan. Masalan, yon-atrofni tozalash, ariqlarni qazish bir kun hashar qilinsa, hal bo‘ladigan ish. Afsuski, ba’zi odamlar jon kuydirib mehnat qilishga, ko‘chasini tozalab, ariq qazishga ham yaramay qolgan. Berilayotgan yordamga shukr qilmay, shartakilik bilan mutasaddi rahbarlarga do‘q-po‘pisa, bosim o‘tkazib, muammoni hal qilib bo‘lmaydi.
Keyingi paytda ijtimoiy daftarlar orqali yordamga muhtoj oilalar, xotin-qizlar va yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlanib, ish bilan ta’minlanyapti, kasb-hunar o‘rgatilyapti. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” “Mening yo‘lim” loyihalari, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlari asosida mahalla va qishloqlar infratuzilmasi hamda odamlarning turmush sharoiti yaxshilanmoqda.
Albatta, bu bilan hamma mahalla obod bo‘lyapti yoki fuqarolarning bekamu ko‘st yashashi ta’minlanib, murojaatlarga ijobiy yechim topilyapti deyishdan yiroqmiz. Biroq so‘nggi paytda yaratilayotgan imkoniyat va e’tibor natijasida sharoiti og‘ir hududlar obod bo‘lib, aholining aksariyat qismi “aravasini o‘zi tortib”, kerak bo‘lsa, yon-atrofidagilarga nafi tegyapti.
To‘g‘ri, hammaning ham farovon hayot kechirgisi keladi. Shu bois odamlar biror muammoga duch keldimi, unga yechim topish uchun birinchi navbatda o‘zlari ishonch bildirib tanlagan rahbarlardan umid qiladi. Albatta, mas’ullar bu ishonchga munosib bo‘lib, murojaatlarni ijobiy hal qilishi kerak. Lekin odamlar ham yaxshi yashash uchun harakat qilishi, boqimandalik kayfiyatidan voz kechib, mehnatsiz hech narsaga erishib bo‘lmasligini tushunishi kerak.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.