Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!

Samarqand viloyati mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar,

xotin-qizlar va yoshlar vakillarining viloyat ahliga

MUROJAATI

Aziz samarqandliklar!

Bugun dunyo miqyosida suvdan, tuproqdan noto‘g‘ri foydalanish, ekologik jihatdan zararli texnologiyalarni qo‘llash oqibatida sayyoramizda iqlim o‘zgarib, bioxilma-xillik yo‘qolib bormoqda.

Shuning uchun ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda
BMT minbaridan insoniyat hayotiga tahdid solayotgan iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishini bartaraf etishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 11 oktyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur masala bo‘yicha bir qator muhim takliflar bildirib, ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, 25 oktyabrdan 1 dekabrga qadar yurtimizda “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilindi.

Biz – bugun jahon turizmi markaziga aylanib borayotgan  Samarqand viloyati faollari  Prezidentimizning ana shu tashabbusidan ruhlanib, barcha samarqandliklarni “Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik !” degan olijanob g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.

Ushbu mavsumda viloyatimizda 7 million tup ko‘chat ekishni maqsad qilganmiz. Buning uchun yetarli miqdorda daraxt va buta ko‘chatlari zaxirasi yaratilgan.

Qadrli yurtdoshlar!

Milliy qadriyatlarimizga sodiq qolgan holda, oilada farzand dunyoga kelganida unga atab ko‘chat ekish, hashar yo‘li bilan bog‘-rog‘lar yaratish, imoratlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish kabi ezgu an’analarimizga hamohang tarzda yurtimizda har bir xonadon tomonidan 20 tup ko‘chat ekish va o‘stirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga va unda faol ishtirok etishga chaqiramiz.

Shuningdek, har bir fuqaroning to‘y va boshqa yaxshi kunlarida nihol ekishini an’anaga aylantiramiz.

Qadrli mahalla faollari, ko‘chaboshi va uyboshilar!

O‘zimiz yashab turgan mahallani obod qilish, saranjom-sarishta maskanga aylantirish, avvalo, sizlarning fidoyiligingizga bog‘liq. Shu bois mahalladagi bo‘sh turgan joylar, ariq yoqalari va maydonlarda daraxt ko‘chatlari o‘tqazishda tashabbuskor bo‘laylik. Bu ishga katta-yu kichikni jalb etaylik! Mahalla ahlining hamjihatligini kuchaytirib, hudud obodligi va aholi farovonligiga xizmat qiladigan loyihalarni kengaytiraylik. Buning uchun har bir mahallada “mahalla bog‘lari”ni yaratishimiz, yashil hududlarni ko‘paytirishimiz, shaxsiy namuna sifatida dastlab o‘z xonadonimiz va ko‘chamizni obod qilishimiz, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur.

Ekilgan har bir niholni parvarishlash va saqlashda mahalla faollari, boshqaruv-servis kompaniyalari jonbozlik ko‘rsatishi lozim. Buning uchun “mahalla yettiligi”, ko‘chaboshi va uyboshilar hamda xonadon egalarini mas’ul sifatida biriktirish maqsadga muvofiqdir.

Muhtaram nuroniylar!

Sizlarning hayotiy tajribangiz, duo va tilaklaringiz xalqimiz uchun hamisha katta tayanch va suyanch bo‘lib kelmoqda.

Samarqandlik nuroniylardan mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda, aholi tomonidan ko‘chatlarni namunali ekishni tashkillashtirishda yanada faollik va tashabbus kutamiz. Sizlarning shaxsiy namunangiz, pandu nasihat, tavsiya va ko‘rsatmalaringiz barchamiz uchun muhim.

Hurmatli dehqon va fermerlar, tomorqa yer egalari!

Yerga mehr berish, uning har bir qarichidan unumli foydalanish, ko‘chat ekib, bog‘ yaratishda sizlarning tajribangiz katta. Bugun ana shu tajribani ishga soladigan, uni boshqalarga o‘rgatadigan palla.

Shundan kelib chiqib dala chetlari, tomorqalarda ko‘chat ekishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratish lozim.

Har bir xonadon egasi o‘z tomorqasiga, mahalla va ko‘chasiga 10 tupdan ko‘chat eksa ayni muddao bo‘lardi.

Fermerlarimiz “Bir dala – bir mahsulot” tamoyili asosida o‘z hududiga tut, tok, terak va boshqa ko‘chatlarni eksa, har bir qarich yerimiz bog‘-rog‘larga aylanadi.

Qadrli ziyolilar, fan, adabiyot, san’at namoyandalari va  sportchilar!

Jonajon Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda sizlarning faol ishtirokingiz muhim.

Siz kabi el tanigan ijod ahliga, ziyolilar hamda sport yulduzlariga viloyatimiz yoshlari o‘zgacha havas bilan qaraydi. Shunday ekan, yurtimizda amalga oshirilayotgan kuzgi daraxt ekish mavsumida sizlardan yangi-yangi tashabbuslar, amaliy harakatlar hamda shaxsiy namuna kutib qolamiz!

Mo‘’tabar onaxonlar, aziz opa-singillar!

Xonadonimiz, mahallamiz fayzu tarovati siz bilan go‘zaldir!

Tabiat ham ona kabi muqaddas! Ona va tabiat tushunchalari bir-biriga hamohangdir. Onani qanday e’zozlasak, tabiatni ham shunday qadrlashni farzandlarimiz ongu shuuriga chuqur singdiraylik!

Toki, zurriyotlarimiz ota-bobolarimiz singari bog‘u bo‘stonlar yaratuvchisi, ona tabiat himoyachisi bo‘lsin! Shundagina tabiatni asl holidek saqlab, uni kelajak avlodga bezavol yetkazishga erishamiz.

Mahallalarda “Onalar bog‘i” tashkil etish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatlab, viloyatimizda keng joriy etamiz. Bu ishlarda viloyatimizdagi 1126 mahalla xotin-qizlari faol ishtirok etishlariga ishonamiz.

Aziz yoshlar!

Sizlar Yangi O‘zbekistonning bunyodkor kuchisiz! Xalqimiz ko‘zlayotgan yuksak marralarga erishishda aql-zakovatingiz, g‘ayrat-shijoatingiz, ona Vatanga bo‘lgan sadoqatingiz beqiyosdir.

Ona zaminimizga mehr bering! Nurli kelajak uchun bugundan boshlab o‘z xonadoningiz, ko‘changiz, mahallangizda niholingizni eking, hududda “Yoshlar bog‘i”ni tashkil etishda tashabbus ko‘rsating!

Aziz samarqandliklar!

Daraxt ekish va uni parvarishlashni majburiyat emas, qadriyat sifatida qabul qilaylik!

Har birimiz kelajak avlod oldidagi burchimizni chuqur his qilgan holda, “Yashil makon” loyihasini umumxalq milliy harakatiga aylantiraylik!